Qon hujayralarining yetuk shakllari hosil bo’lish jarayoni gemopoez deb ataladi. Qon hujayralari qaysi a’zolarda hosil bo’lsa va parchalansa, o’sha a’zolar va qon G.F.Lang taklifiga ko’ra yagona qon tizimiga kiritiladi. Bu tizimga: ko’mik, jigar, taloq va limfa tugunlari kiradi. Katta yoshli organizmda ko’mik, embrionda esa, bundan tashqari, jigar ham yaratuvchi a’zo hisoblanadi. Katta yoshli organizmda jigar qon yaratish (qon ishlash) funksiyasidan mahrum bo’ladi.
13-rasm. Terida yallig’lanish jarayonining paydo bo’lishi va leykositlarning himoyalanuvchi ahamiyati.
1-bakteriyalar, 2-tikon, 3-teri, 4-leykosit, 5-qon tomirlari, 6-asab
Bir kecha-kunduzda taxminan 200-250 mlrd. eritrosit hosil bo’ladi. Ko’mik (qizil ilik)ning yadroli eritroblastlaridan yadrosiz eritrositlar vujudga keladi. Ularning sitoplazmasida ribosomalardan iborat bo’lgan donalarda gemoglobin sintezlanadi. Gem sintezida ikkita oqsil – ferritin va siderofilin tarkibidagi temirdan foydalaniladi. Ko’mikdan qonga o’tuvchi eritrositlarda bazofil modda bor, ular retikulositlar deb ataladi va yetuk eritrositlardan kattaroq bo’ladi. Sog’lom odam qonida retikulositlar 1% dan oshmaydi. Retikulositlar bir necha soatda yetiladi, ya’ni yetuk eritrositlarga aylanadi; ayni vatda bazofil moddasi yo’qoladi.
Eritrositlar yuqorida qayd qilib o’tganimizdek o’rta hisobga 120 kun yashaydi. Umri bitgan eritrositlar jigar va taloqda gemolizlanish yo’li bilan parchalanib turadi. Shuning uchun ham bu a’zolarni «eritrositlar mazori» deb atashadi.
Eritrositlar hosil bo’lishi-eritropoez jarayonida vitamin B12 va foliy kislotaning ahamiyati juda katta. Bu moddalarning birinchisi ikkinchisidan taxminan 1000 baravar faolroq. Vitamin B12-siankobalamin tashqi muhitdan organizmga ovqat bilan kiradi va qon ishlanishining tashqi omili deb ataladi.
Eritropoezning tezligi qon yo’qotish gipoksiya va turli potologik jarayonlarda bir necha marta oshadi. Bunday sharoitda qon zardobida eritropoez jarayonini faollashtiradigan moddalar - eritropoetinlar sintezi kuchayadi. Ular glikoprotein tabiatli gormonlar bo’lib, buyrak, jigar va jag’ osti bezlarida hosil bo’ladi. Eritropoetinlar gemoglobin paydo bo’lish jarayonini ham tezlashtiradi. Eritropoetinlardan tashqari, qon ishlanishida androgenlar va mediatorlar ham faol ishtirok etadi. Bu moddalar qon ishlashining ichki omillari deb ataladi. Leykositopoez va tromositopoez eritropoezga qaraganda kamroq o’rganilgan. Leykositopoez va eritropoez to’g’ridan-to’g’ri leykositlarning parchalanishiga bog’liq: parchalanish qancha ko’proq bo’lsa, leykositlarning yangilanishi shuncha tezroq amalga oshiriladi. Leykopoezning faolligi nuklein kislotalar va gipofiz gormonlari ta’sirida o’tadi.
Leykopoez mikroorganizmlar va toksinlar ishtirokida ham o’tadi. Masalan, leykopoetinlarning ta’sirida suyaklarning ko’mik hujayralari shakllanadi va shu bois leykositlarning yangilanishi va parchalanishi muntazam ravishda amalga oshiriladi. Leykositlarning hayotiy muddati turlicha bo’lib, ular bir necha soat, kun va oy yashaydi. Lekin leykositlarning bir qismi odam va hayvonlar organizmida umr davomida yashay oladi. Ularning parchalanish makoni-hazm tizimining shilliq pardalari va retikulyar to’qima hisoblanadi.
Trombositopoez fiziologik jarayonlarini boshqaruvchi omili trombositopoetinlar hisoblanadi. Kimyoviy nuqtai nazardan ular oqsillarning katta molekulyar fraksiyalaridan tashkil topgan bo’lib, gamma –globulinlarga o’xshaydi.
Hozirgacha qon ishlab chiqarishda qaysi ixtisoslashgan tizim ishtirok etadi degan savolga javob yo’q. Biroq, qon ishlab chiqaradigan to’qimalarning turli asab tolalariga boyligi ularda interoreseptorlarning ko’pligi bu jarayonning reflektor xarakterga ega ekanligidan dalolat beradi. Ilk bor qon ishlab chiqarishda va uning shaklli hujayralarining taksimlanishi, ya’ni asab boshqarilishi haqidagi fikrni rus olimi S.P.Botkin aytib o’tgan edi. Keyinchalik bu fikr V.N Chernigovskiy va A.Ya.Yaroshevskiy tomonidan tasdiqlangan.
Shunday qilib, qon tizimi a’zolari (ko’mik, taloq, jigar, limfa tugunlari) reseptorlarga boy, bu reseptorlarga ta’sir etilganda turli fiziologik reaksiyalar ro’y beradi. Bu a’zolar asab tizimi bilan ikki yoqlama bog’langan: ular markaziy asab tizimidan axborotlar (signallar) oladi (bu axborotlar ularning xolatini boshqaradi) va o’z navbatida qon tizimi holatini o’zgartiruvchi reflekslar manbai hisoblanadi.
Limfa
Do'stlaringiz bilan baham: |