Limfa qonning maxsuloti hisoblanadi. Qon, to’qimalararo suyuqlik va limfa organizmning ichki muhitini tashkil etadilar. Limfa va to’qimalararo suyuqlikning hosil bo’lish mexanizmlarini ilk bor K.Lyudvig o’rganib chiqqan. Uning filtirasion nazariyasiga ko’ra limfa qon bosimining o’zgarib turishi natijasida paydo bo’ladi. Keyinchalik bu nazariyani E.Starling qo’llab quvvatladi. Uning fikricha limfaning hosil bo’lishida gidrostatik bosimdan tashqari onkotik bosimning ham ahamiyati juda katta. Qon kapillyarlarida gidrostatik bosimning oshishi limfa paydo bo’lishida asosiy omil hisoblanadi va aksincha, onkotik bosimning oshib ketishi limfa hosil bo’lish jarayonida salbiy ta’sir etadi, ya’ni tormozlovchi omil hisoblanadi.
Limfa qon singari gomeostazning, ya’ni organizm ichki muhitning doimiyligida ishtirok etadi. Limfa orqali ko’pgina oqsillar to’qimalar bo’shligidan qonga qaytariladi va organizmda suvning qayta taqsimlanishida, moddalar almashinuvida, suv hosil bo’lishida, ovqat hazm qilish va so’rilish jarayonlarida ishtirok etadi. Yog’lar va yog’da erituvchi moddalarning so’rilishi va tashilishida ham ishtirok etib organizmning immunitet reaksiyalarida muhim rol o’ynaydi.
Limfa ishqoriy muhitga ega bo’lgan suyuqlik. Uning pH reaksiyasi 7.35-9.0 atrofida. Turli a’zolarda limfa hosil bo’lishida sezilarli farq bor. Limfa hammadan ko’p jigarda hosil bo’ladi. A’zolarning 1 kg massasi ga hisoblanganda bir kecha-kunduzda jigarda 21-36 ml, yurakda 5-18 ml, taloqda 3-12 ml, skelet mushaklarida 2-3 ml limfa hosil bo’ladi.
Katta odam organizmida bir kunda limfa tomirlari orqali qonga 1000-3000 ml limfa oqib tushadi.
Organizm och qolganda yoki uncha yog’li bo’lmagan taom yegandan keyin limfa yo’llaridan yig’ilgan limfa rangsiz, deyarlik tiniq suyuqlik bo’lib, oqsillarning taxminan ikki baravar kamligi bilan qon plazmasidan farq qiladi. Ko’krak yo’lining limfasi, shuningdek ichakning limfa tomirlaridan yog’li taom yeyilgandan 6-8 soat keyin olingan limfa sutday oq bo’lib, tiniq emas, chunki unda ichakdan so’rilgan-emulsiyaga aylangan yog’ zarralari bor. Limfada oqsillar kamroq bo’lgani uchun uning yopishqoqligi va solishtirma og’irligi qon plazmasinikidan kam. Limfa ishqoriy reaksiyali.
Limfada fibrinogen va protrombin borligidan, u ivib, g’ovak, biroz sarg’ish laxta hosil qila oladi. Limfada eritrositlar yo’q, faqat juda ozgina donali leykositlar bor. Odamning ko’krak yo’lining 1 mm3 limfasida 2000 dan 20000 gacha limfosit topilgan. Bunga sabab shuki, limfositlar limfa tugunlarida hosil bo’ladi va ulardan limfa oqimi bilan qonga o’tib ketadi.
Qon to’qimalarni teshib o’tuvchi mayda qon tomirlari-kapillyarlar ichida harakatlanayotganda qon plazmasining ba’zi tarkibiy qismlari shu tomirlarning devorlari orqali doimo tashqariga o’tib turadi. Shu tariqa barcha tirik hujayralarni qurshab turuvchi to’qima suyuqligi vujudga keladi. Hujayralar shu suyuqlikdan moddalar va kislorodni oladi, karbonat angidridni va o’z hayot faoliyatining boshqa keraksiz mahsullarini shu suyuqlikka chiqaradi. Qon esa hujayralar foydalanadigan moddalarni to’qima suyuqligiga to’xtovsiz yetkazib berib turadi va hujayralar ajratib chiqargan moddalarni oladi (14-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |