Toshkent - 2013
Qishloq xo‘jalik ekinlarini zararkunandalari, kasalliklari va ularga qarshi kurash choralari. Qo‘llanma. / Sulaymonov B.A, Boltayev B.S, Komilov Sh.G.-T.: 2013 y. 52 b.
Ushbu qo‘llanma AQSH elchixonasi moliyaviy yordamida Treninglar o‘tkazish, sardorlik qo‘nikmalarini oshirish, eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarni ko‘paytirish va tajriba almashuvi orqali qishloq tadbirkor ayollarining imkoniyatlarini rivojlantirish uchun “ekstenshn” axborot- maslahat xizmatlarini tashkil etish dasturi asosida ToshDAU Axborot-maslahat markazi tomonidan tayyorlandi.
Qo‘llanma Toshkent davlat agrar universiteti ilmiy-metodik kengashining 2013 yil 10 sentyabrdagi 1-sonli bayonnomasi bilan ma’qullangan va chop etishga tavsiya qilingan.
Ko‘llanmada qishloq xo‘jalik ekinlarining zararkunandalari va uchraydigan kasalliklarning turlari bayon etilgan. Qishloq xo‘jalik ekinlari zararkunandalari, kasalliklari va begona o‘tlarga qarshi kurashning kimyoviy va biologik usullari va bu boradagi ishlarni o‘simlikshunoslikning barcha turlari bo‘yicha tashkil etish usullari ochib berilgan.
Qo‘llanma fermer xo‘jaliklari, dexkon xo‘jaliklari, oliy ta’lim muassasalari talabalari, magistr va tadqiqotchilar, soha mutaxassislari uchun mo‘ljallangan.
KIRISH
Qishloq xo‘jaligi – O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim tarmog‘i hisoblanadi. Bu tarmoq mamlakat aholisining oziq-ovqat mahsulotlariga, qayta ishlash sanoati tarmoqlarining esa xom-ashyoga bo‘lgan talabini qondiradi. Oziq-ovqat mahsulotlarining 90 foizga yaqini agrar tarmoqda tayyorlanadi. Qishloq xo‘jaligi respublikamizning iste’mol bozoriga oziq-ovqat mahsulotlari va kayta ishlash sanoatiga xom-ashyo yetkazib berish bilan birga, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, kimyo sanoati kabi bir qator tarmoqlar mahsulotlari uchun kafolatli bozor bo‘lib ham hisoblanadi.
Qishloq xo‘jalik ekinlaridan mo‘l hosil olish va yetishtirilgan hosilni saqlab qolishdagi asosiy omillardan biri zararkunanda, kasallik va begona o‘tlarlardan himoya qilishdir. Insoniyat birgina zararkunandalar tufayli har yili: 203,7 mln.tonna – don; 228,4 mln.tonna – qand lavlagi; 23,8 mln.tonna – kartoshka; 23,4 mln.tonna – sabzavot; 11,3 mln.tonna – meva hosilini kam olar ekan.
Respublikada o‘simliklarni himoya qilish sohasida atrof-muhit, insonlar va jonzotlar uchun bezarar bo‘lgan biologik kurash usulini qo‘llashga katta ahamiyat berilmoqda. Hozirgi kunda respublika bo‘yicha 800 dan ortiq biolaboratoriyalar faoliyat olib bormoqda. Biomahsulotlarni ko‘paytirish va qo‘llash hajmi oshib bormoqda. Bugungi kunda, g‘o‘za zararkunandalariga qarshi kurashda biologik usulning ulushi 91 foizni tashkil etmoqda. Keyingi yillarda yangidan biolaboratoriyalar tashkil etilmoqda va eskilari qayta jihozlanmoqda. Jumladan, keyingi uch yilda 80 dan ortiq yangi biolaboratoriyalar tashkil etildi va 80 dan ortiq biolaboratoriyalarning biomahsulot ko‘paytirish quvvati oshirildi, qo‘shimcha 350 ming gektardan ortiq maydonda biologik usulni qo‘llash imkoni yaratildi. Zararkunandalarning yoppasiga tarqalishi oldini olish maqsadida profilaktik tadbirlarga ham katta e’tibor berilmoqda. Kimyoviy ishlov ko‘lami kamayishiga qaramay bu usuldan zararkunandalar keskin ko‘paygan va biologik samara bermaydigan holatlarda foydalanish lozim. Shu sababli, kimyoviy preparatlarni atrof muhitga zararli ta’sirini kamaytirish va yuqori iqtisodiy samara olish maqsadida kamroq zaharli (III-IV klass) bo‘lgan pestisidlardan foydalanilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda yuqori va sifatli hosil olishning asosiy omillaridan biri o‘simliklarni zararkunanda, kasalik va begona o‘tlardan himoya qilishdir. Buning uchun qishloq xo‘jaligi korxonalarida o‘simliklarni himoya kilish tadbirlarini to‘g‘ri va rejali tashkil etish va boshqarish lozim.
3
Do'stlaringiz bilan baham: |