2.5-rasm. Bug‘doy qo‘ng‘ir zangi.
Bug‘doy qo‘ng‘ir zangi-juda keng tarqalgan kasallik bo‘lib u yildan yilga kuchli rivojlanmoqda. Kasallik belgilaridan biri barglarda dumaloq, sarg‘ish-qo‘ng‘ir chang hosil bo‘lishidir (2.5-rasm). Ular ichida rivojlangan sporalar boshqa o‘simliklarga havo harorati 15-23°S ga yetganda shabnam, yomg‘ir va shamol yordamida o‘tadi. Kasallik manbai yovvoyi holda o‘sadigan boshoqli begona o‘tlardir.
Kuzda tog‘lardan kelgan sporalar kuzgi bug‘doy ekinlariga o‘tadi va kasallik yangidan tarqaladi. Qishda zamburug‘ maysalalarning ichida miseliy va pustula holida qishlaydi.
Bug‘doy sariq zang kasalligi qo‘ng‘ir zangga nisbatan kam tarqalgan, ammo keltiradigan zarari yuqori bo‘lganligi uchun o‘ta xavfli hisoblanadi. Kasallik belgilari: sariq zang zamburug‘lari barglarda uzun qator-qator joylashgan, sariq dog‘lar hosil qiladi (2.6-rasm). Bu kasallikni ekinlarga tarqalishi va qishlashi qo‘ng‘ir zangdan farq qilmaydi.
Sariq zang sporalari 0°Sda o‘sishni boshlaydi va havo harorati 8-13°S ga yetganda to‘qimalar ichiga kiradi. Yangi sporalar 12-15°S haroratda hosil bo‘ladi.
Kurash choralari.
2.6-rasm. Bug‘doy sariq zangi.
Bug‘doyni zangdan himoya qilishning yagona ishonchli usuli ekinga fungisid purkashdir. Ko‘p fungisidlar zang rivojlanishini 25-30 kungacha to‘xtatib turishi mumkin, ammo kasallik bosimi kuchli bo‘lsa yoki dalada zang bilan birga dog‘lanish kasalliklari ham uchrasa, ob-havo bashoratini hisobga olgan holda, birinchi ishlovdan keyin 15-20 kun o‘tgach ikkinchi va yana shuncha vaqtdan so‘ngra uchinchi marta ishlov berish talab etilishi mumkin. Zang kam uchrab, o‘simlik pastki barglari kuchsiz zararlangan holda ekinni bir marta fungisid purkash orqali samarali himoyalash mumkin. Buning uchun bahorda (mart-aprel oylarida) zang mavjudligi aniqlangan har bir bug‘doy dalasiga, kasallik rivojlanishi darajasini inobatga olmasdan, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan preparatlar yoki boshqa fungisidlardan birini purkash lozim. Ishlov berishdan keyin 3-4 soat o‘tgach yomg‘ir yog‘ishi kuzatilganida bu fungisidlarning samarasi kamaymaydi. Zangga qarshi quyidagi fungisidlardan birini qo‘llash mumkin: Alto Super 33% em.k. – 0,3 l/ga; Bayleton 25% n.kuk. – 1,0 kg/ga; Bamper 25% em.k. – 0,5 l/ga; Bamper Super 49% em.k. – 0,6-1,0 l/ga; Impakt 25% sus.k. – 0,25-0,5 l/ga; Kolosal 25% em.k. – 0,3-0,5 l/ga; Kolosal Pro 50% n.em.k. – 0,2-0,3 l/ga; Konsul 12,5% sus.k. – 0,5-0,75 l/ga; Krest 25% em.k. – 0,5 l/ga; Pilarkur 25% em.k. – 0,4-0,5 l/ga; Reks Duo 49,5% sus.k. – 0,4-0,6 l/ga; Titul 39% k.e.k. – 0,26 l/ga; Titul Duo 40% k.e.k. – 0,2 l/ga; Falkon 46% em.k. – 0,4 l/ga; Folikur BT (Torso), 22,5% em.k. – 0,3-0,5 l/ga va b.
Do'stlaringiz bilan baham: |