Kurash choralari.
Viltga qarshi asosiy kurash usullariga chidamli navlar ekish, g‘o‘zani beda (va boshqa ekinlar) bilan qisqa rotasiyali almashlab ekish sxemalarini qo‘llash, tuproq hosildorligini oshirish va g‘o‘zaning vilt kasalliklariga chidamliligini oshirish maqsadida yoz oxiri-kuz davrida siderat ekinlarini ekib, bahorda dalani tayyorlash paytida uni haydab, sideratlarni tuproqqa kiritish, ekishdan oldin dalani puxta tayyorlash, tekislash, ishlov berish, ekish uchun sara urug‘lik chigit ishlatish va uni ekishdan oldin samarali urug‘ dorisining mikroelementlar aralashmasi bilan dorilash, dori yuvilib ketmasligi uchun chigitni suvga bo‘ktirib qo‘ymaslik, chigitni tavsiya qilingan qulay muddatlarda va sarf-me’yorlarda ekish, o‘suv davrida dalani begona o‘tlardan toza tutish, mineral va organik o‘g‘it (go‘ng-tuproq aralashmasi, fekal) solishni o‘z vaqtlarida o‘tkazish, ekinlarni o‘z vaqtida sug‘orib turish, bostirib sug‘ormaslik, suvni zararlangan daladan sog‘lomlariga o‘tkazmaslik, kuzda dalani g‘o‘zapoyadan tozalash, kech kuz-qish paytida dalani sug‘orib yaxob berish kiradi. Viltga qarshi maxsus fungisidlar qo‘llanilmaydi, balki ildiz chirishga qarshi ishlatiladigan preparatlar viltga qarshi ham biroz samara beradi.
Gommoz – bu bakteriya qo‘zg‘atadigan kasallik bo‘lib, uning urug‘barg, chinbarg, poya va ko‘sak shakllari mavjud. Urug‘barg va chin barglarda oldin moysimon, keyin qo‘ng‘ir tus oluvchi dog‘lar hosil bo‘ladi. Poya va ko‘saklardagi dog‘lar ham oldin moysimon, qo‘ng‘ir, ammo vaqt o‘tishi bilan ular qora tusli yaralarga aylanadi. Poya zararlangan joyidan sinib ketishi mumkin. Kasallik tolaga o‘tganida, tola shilimshiqlanadi va ko‘sak devorchalariga yopishib qoladi. Kasallik mavsumdan mavsumga asosan chigit va qisman zararlangan o‘simlik qoldiqlari orqali o‘tadi. Agar dala yirik o‘simlik qoldiqlaridan (poya qoldiqlaridan) yaxshi tozalangan va mayda o‘simlik qoldiqlari kuzgi shudgorda tuproqqa ko‘milgan bo‘lsa, bunday dalada gommoz bakteriyalari saqlanmaydi. Bu holda gommozning yagona manbai zararlangan chigit bo‘lib, uni gommoz bakteriyasidan tozalash uchun eng samarali usul – chigitni kislota bilan tuksizlantirib, samarali urug‘ dorisi bilan dorilashdir. Bu usul gommozga qarshi 100% samara beradi. Gommozga qarshi urug‘ dorilagichlardan bronotak (bronopol, dabron) 12% kuk. – 6-7 kg/t, Zirx 36% kuk. – 2-2,3 kg/t, Emissar s.e.k. – 2,5-3,5 l/t va b. ishlatiladi.
Gʻo‘za ildiz chirishi kasalligini zamburug‘lar qo‘zg‘atadi va kasallikning asosiy zarari o‘suv davrining ilk bosqichlarida, urug‘barg unishi va nihollar fazasida kuzatiladi. Fuzarioz viltga qarshi qo‘llaniladigan chora-tadbirlar g‘o‘za nihollari va ildizi chirishi kasalliklariga qarshi ham yetarli samara beradi. Bunda ildiz chirishni qo‘zg‘atuvchi zamburug‘ turlarini hisobga olgan holda, samarali fungisid tanlash va u bilan chigitni ekishdan oldin dorilash ushbu kasalliklarga qarshi eng foydali usul hisoblanadi. Gʻo‘zaning maysa va ildiz chirishiga qarshi urug‘ dorilagichlardan vitavaks 200FF (vitaros) 34% s.sus.k. – 5 l/t, vitavaks 200 75% n.kuk. – 4-5 kg/t, P-4 65% sus.k. – 4 l/t, Himoya 10% suyuq. – 4 l/t, Maksim XL 035FS 3,5% sus.k.. – 1,5 l/t va b. ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |