BOSH MIYA PO‘STLOG‘INING OLIY FAOLIYATI,
UNING BUZILISHI VA NEYROPSIXOLOGIK TEKSHIRISH
USULLARI
Bosh miya po‘stlog‘ining oliy faoliyati praksis, gnozis, so‘zlash qobiliyati,
o‘qish, xotira, hisoblash va fikrlash faoliyatlarini o‘z ichiga oladi. Shu
faoliyatlarning mu’tadil holatini hamda ularning o‘zgarishini aniqlashda
neyropsixologiya usullari katta ahamiyatga ega.
Bosh miyaning zararlanishidan kelib chiqadigan markaziy nerv tizimi oliy
faoliyatining o‘zgarishlarini psixologik usullar asosida aniqlanadi.
Bosh miyaning chap yarim shari bajaradigan faoliyati jihatdan dominant
hisoblanadi. Bunday odamlar «o‘naqay» bo‘ladilar va aksincha «chapaqay»
odamlarda dominant o‘ng yarim shar hisoblanadi. O‘naqaylik va chapaqaylikni
tekshirish bosh miya yarim sharlarining zararlangan tomonini aniqlashda nihoyatda
katta ahamiyatga ega.
Neyropsixologik tekshirish usullari bemorning «chapaqay» va «o‘naqay»
ligini aniqlashdan boshlanadi. Buning uchun avval bemordan qaysi qo‘li bilan
yozish, pichoq va qoshiqni ushlashi so‘raladi. So‘ngra quyidagi usullarda
tekshirishga o‘tiladi:
A) bemordan qo‘l barmoqlarini bir-biriga chalishtirishni iltimos qilinadi.
Agarda bemor o‘ng qo‘lining bosh barmog‘ini chap qo‘lining bosh barmog‘ini
ustiga qo‘ysa, demak u asl «o‘naqay»dir. Buning aksi bo‘lsa, u «chapaqay»dir.
B) bemordan o‘ziga o‘naqay bo‘lgan holatni tanlab, qo‘llarini qovushtirish
iltimos qilinadi, chunonchi, agar bemor qo‘l qovushtirganda o‘ng bilagini chap
bilagi ustiga qo‘ysa, bu xol o‘naqaylikdan dalolat beradi. Agarda bemor chap
bilagini o‘ng bilagi ustiga qo‘ysa, unda «yashirin chapaqay» lik belgilari bor
deyish mumkin.
1. Praksis, uning buzilishi va tekshirish usullari
Odat tusiga kirgan ixtiyoriy harakatlar kompleksiga praksiya deyiladi.
Masalan, kiyinayotgan kishi ko‘ylak yoki kostyumini kiyish uchun qanday harakat
qilishi kerakligini o‘ylamaydi, chunki bu harakatlar ko‘p qaytarilaverib, shartli
reflekslar paydo bo‘lganligini ko‘rsatadi. Mazkur odatiy harakatlarning buzilishiga
141
apraksiya deyiladi. Apraksiyaga uchragan bemor hech qanday, xatto eng oddiy
harakatlarni ham birovning yordamisiz bajara olmaydi. Masalan, kiyim kiyish,
tugmani taqish va hokazolar. Apraksiya bemorning hamma ixtiyoriy harakatlari
saqlangan holatda paydo bo‘ladi.
Apraksiya asosan uch turli ko‘rinishda uchraydi:
1. Motor apraksiya. Bunda bemor aytilgan ish va ko‘rsatilgan harakatni ham
qayta bajara olmaydi. Masalan, bemordan choynakdan piyolaga choy quyishni
iltimos qilinsa, u tushungan holda bu ishni bajara olmaydi. Agarda shu harakatni
ko‘rsatib berilsa ham bemor bajara olmaydi.
2. Ideator apraksiya. Bu holatda murakkab harakatning aloqasi va
assosiasiyasi (o‘zaro uyg‘unligi) buziladi. Bemorga buyruq berilgan xatti-harakati
va tasavvur qiladigan murakkab harakatlar elementlarini ketma-ket bajarishni
amalga oshira olmaydi. Masalan, bemordan stakandagi qandni choyga
aralashtirishni, sochini tarashni va boshqa shunga o‘xshash vazifani bajarish
so‘ralsa, u bu buyruqni bajara olmaydi, ammo shu harakatlarni bemorga
ko‘rsatilsa, u bu harakatlarni bajaradi.
3. Konstruktiv apraksiya. Bemor hamma buyruqlarni ham, ko‘rsatib berilgan
harakatlarni ham bajara oladi. Lekin mayda bo‘lakli predmetlardan butun narsa
tuzish qobiliyati yo‘qoladi. Masalan, uchta gugurt cho‘pidan (piramida)
uchburchak yasab berishni iltimos qilinsa, bemor yasab bera olmaydi. Konstruktiv
apraksiyasi bosh miya burchak pushtasi (gyrus angularis) zararlanganida yuz
beradi.
Apraksiya bor yoki yo‘qligini aniqlash uchun bir necha xil usullardan
foydalaniladi.
a. Optiko-kinestetik murakkab harakatlarni aniqlashning qo‘l barmoqlarning
holati praksiyasini tekshirishdan boshlanadi. Buning uchun bemorga qo‘lning II va
III yoki II va V barmoqlarini yozib, keyin II barmoqni III barmoq ustiga qo‘yib
ko‘rsatiladi va shu harakatlarni qaytarishni iltimos qilinadi. Bemor apraksiyada
kerakli harakatni darxol topa olmaydi va barmoqlari bilan har xil o‘rinsiz
harakatlarni qilaveradi. Afferent (kinestetik) apraksiya belgisi deb shunga aytiladi.
Bunday apraksiya zararlangan qo‘lning qarama-qarshi tomonidagi bosh miya
markaz orqa (postsentral) pushtasining zararlanishi oqibatida kelib chiqadi.
b. Fazoda bajariladigan harakatlarni tekshirish usuliga Xed usuli kiradi.
Bunda vrach o‘ng qo‘lining ko‘rsatkich barmog‘i bilan chap ko‘zini ko‘rsatadi,
so‘ngra chap qo‘lining ko‘rsatkich barmog‘i bilan o‘ng qulog‘ini ko‘rsatadi va bu
harakatlarni bemordan xuddi shunday tartibda takrorlashni iltimos qiladi.
Apraksiyaga uchragan bemor qo‘llarini mana shu ko‘rsatilgan holatlarga keltira
olmaydi. Bunday vaziyat chap yarim sharning tepa va ensa bo‘laklari tutashgan
joyi zararlanishi natijasida kelib chiqadi.
c. Retsiprok koordinatsiyasini tekshirish. Bunda bir qo‘lning panjasini musht
qilib, ikkinchi qo‘lning panjasini yozib ko‘rsatiladi. So‘ngra panjalarning holatini
ketma-ket o‘zgartiriladi, bir necha marta takrorlanadi va bemordan shu harakatlarni
qaytarish so‘raladi. Apraksiyada bemor bu harakatlarni bo‘lib-bo‘lib bajaradi yoki
142
ikkala qo‘li bilan bir xil harakatni bajara boshlaydi. Bunday holat premotor tizimi
ayniqsa qadoqsimon tananing oldingi qismi zararlanishi natijasida kelib chiqadi.
2. Gnozis, uning buzilishi va tekshirish usullari.
Gnozis-tanish yoki bilib olish demakdir. Ma’lum belgilarga qarab
buyumlarni tanish, ularning nomlarini atash qobiliyatining buzilishiga agnoziya
deyiladi.
Agnoziyaning quyidagi turlari uchraydi: ko‘rish, eshitish, hid va ta’m bilish,
teri va mushak-bo‘g‘im agnoziyalari, tana sxemasi tasavvurining buzilishi.
a. Ko‘rish agnoziyasi yoki optik agnoziya. Optik agnoziyaga duchor bo‘lgan
bemor atrofdagi narsalarni ko‘rib, taniy olmaydi, lekin qo‘liga berilgan ma’lum bir
buyumni aniqlab, rangini, shaklini aytishi mumkin. Bunday agnoziya miya
po‘stlog‘ining ensa bo‘lagining tashqi tomonining zararlanishi natijasida kelib
chiqadi (18, 19 soha).
b. Eshitish agnoziyasi. Eshitish agnoziyasi deb buyum va hayvonlarga xos
bo‘lgan tovushlarni bir-biridan farqlay olish qobiliyatining buzilishiga aytiladi.
Masalan, bemor ot yoki sigirning ovozini, soatning tovushini eshitib, bu tovushlar
qanday hayvon yoki buyumga tegishli ekanini ajrata olmaydi. Bu vaqtda gapni
tushunish qobiliyati ham buziladi. Patologik jarayon miya po‘stlog‘ining ikkala
chakka bo‘lagida joylashganda sodir bo‘ladi.
c. Teri va mushak-bo‘g‘im (sensetiv) agnoziyasi. Bemorning ko‘zi yumuq
bo‘lganda qo‘liga berilgan narsaning nima ekanligini aytib berolmaydi, lekin uning
hajmini, qanday materialdan yasalganligini, tashqi belgilarini aytib berishi
mumkin. Bunday holga astereognoziya deb ataladi. Bu xildagi agnoziya miyaning
tepa bo‘lagida patologik jarayonlar ro‘y berishi natijasida kelib chikadi.
Astereognoziya bosh miyadagi assotsiativ jarayon bo‘lib, analiz va sintez
buzilishi natijasida kelib chiqadi.
d. Hid va ta’mni bilish agnoziyasi. Hid va ta’mni ajrata bilish qobiliyatining
buzilishi yoki yo‘qolishiga hid va maza bilish agnoziyasi deyiladi. Bu agnoziya
murakkab analiz va sintez jarayonining buzilishi natijasida kelib chiqadi, ammo
uni amalda aniqlash juda qiyin (hatto patologik jarayon miyaning ikki tomonida
joylashgan vaqtida ham).
e. Tana sxemasi tasavvurining buzilishi. Bu agnoziyada bemor o‘z
tanasining qismlarini ajrata olmaydi. U o‘z oyoq yoki qo‘llarini kattalashib yoki
kichiklashgani, tanasining ma’lum qismlari yo‘qolgandek xis qiladi
(autotopognoziya).
Ko‘rish agnoziyasini tekshirish usullari: a) oddiy va murakkab buyumlarni,
hamda ularning shakllarini tanish: b) qiyinlashtirilgan holatlardagi, ya’ni ustiga
noanik yo‘nalishdagi chiziqlar chizilgan buyumlarni tanish.
3. So‘zlash qobiliyati, uning buzilishi va tekshirish usullari.
So‘zlash bosh miya po‘stlog‘ining yangi faoliyatlaridan biri hisoblanadi,
unga tegishli bo‘lgan sitoorxitektonika maydoni faqat odam miyasi po‘stlog‘ida
uchraydi. So‘zning ikkinchi signal tizimi faqat odamgagina xos.
Odamning so‘zi asosan ikki qismdan: motor va sensor qismlardan tashkil
topgan. So‘zlarning o‘zaro tartibli ravishda bog‘lanishi orqali fikr izxor qilishi
143
so‘zning motor yoki ekspressiv qismini tashkil etadi. Odamning so‘zlarni eshitib,
fikr qilish va xodisalar bilan bog‘lay olish qobiliyatiga so‘zning sensor yoki
retseptiv qismi deyiladi.
So‘zlash qobiliyatining buzilishi afaziya deb ataladi. Efferent «motor kineti»
afaziya – bosh miya chap yarim shari pastki peshona pushtasining orqa qismi
(Brok sohasi) zararlanishi natijasida kelib chiqadi. Bu afaziyaga duchor bo‘lgan
bemor alohida harflarni qo‘sha oladi, lekin so‘zlarni ayta olmaydi. Ba’zi hollarda
esa umuman gapira olmaydi, faqat tovush chiqaradi.
Sensor afaziya bosh miya po‘stlog‘i yuqori chakka pushtasining orqa qismi
(Vernike sohasi) zararlanishi natijasida kelib chiqadi. Bunday afaziya ro‘y
berganda bemor aytilgan so‘z va jumlaning ma’nosiga tushunmaydi. Berilgan
savolga javob bera olmaydi.
Amnestik afaziya – bosh miya po‘stlog‘i tepa va chakka bo‘laklarining
o‘zaro tutashgan joyi zararlanishi natijasida ro‘y beradi. Bemor asosan
buyumlarning nomini ayta olmaydi. Biror buyumni ko‘rsatib, uning nomini
so‘ralsa, u mazkur buyumning nomini aytish o‘rniga uning nima uchun
ishlatilishini tushuntira boshlaydi.
Semantik afaziya – bosh miya po‘stlog‘ining tepa, chakka va ensa bo‘laklari
o‘zaro tutashgan joyi zararlanishi natijasida kelib chiqadi. Bu afaziyada bemor
oddiy jumlalarni tuza biladi, lekin bog‘lanishlarni tushuna olmaydi.
Impressiv nutqni tekshirish usuli. Oddiy jumlalarning mazmunini tushunish
qobiliyati. Tovush eshitish qobiliyatini tekshirish usullari.
a) harflarni takror aytish: «b», «r», «m», «d», «k»;
b) o‘xshash tovushlarni ajratish: «b-p», «p-b», «p-b-p», «d-t-d»;
c) uch harfli seriyalarni takror aytish: «a-o-u», «b-p-d» va boshqalar.
so‘zlarning mazmunini tushunish qobiliyatini tekshirish:
a) bemordan ko‘zini, tirsagini, qulog‘ini ko‘rsatish va boshqa oddiy
harakatlarni bajarish iltimos qilinadi.
b) oddiy gapning mazmunini tushunish qobiliyatini unga berilgan savollarga
qaytargan javobiga qarab aniqlanadi.
Mantiqiy-grammatika strukturani tushunish qobiliyatini tekshirish:
bemordan «qalam bilan taroqni ko‘rsatish» yoki «qalam bilan kalitni ko‘rsatish»
iltimos qilinadi. So‘ngra bemordan «otasining ukasi», «ukasining otasi» kabi
tushunchalarning mazmuni so‘raladi.
Solishtirma konstruksiyasini tekshirish bemorga «Ergash Nasibadan
balandroq», «Guli Raximdan balandroq». Kimning bo‘yi qanday? kabi savollar
beriladi.
Mantiqiy-grammatik strukturani tushunish qobiliyatining va solishtirish
instruksiya buzilishi semantik afaziyaga uchragan bemorda ro‘y beradi.
Ekspressiya nutq turkumiga: xarflarni artikulyasiya qila bilish, buyumlar va
harakatlarning nomini ayta bilish qobiliyatlari kiradi.
Harflarni bilish qobiliyatini tekshirish bemordan berilgan har xil harflarni
«m», «b», «p», «g», «d», «v» qaytarib aytish iltimos qilinadi.
4. Yozish qobiliyati, tekshirish usuli va uning buzilishi.
144
Yozish faoliyatining buzilishi agrafiya deb ataladi. Yozish faoliyatining
buzilishi topik diagnostika uchun katta ahamiyatga ega, chunki yozish markazi
bosh miya chap yarim sharining peshona bo‘lagini o‘rta pushtasining orqa qismida
joylashgan.
Tekshirish usullari:
a) bemordan ayrim harflarni ko‘chirib yozish iltimos qilinadi. Agar bemorda
ko‘rish gnoziyasi yoki uning o‘ng qo‘lida erkin harakat buzilgan bo‘lsa, u ishni
bajara olmaydi.
b) bemordan aytilgan so‘zlar yoki gaplarni yozish so‘raladi. Sensor afaziyasi
uchragan bemor bu topshiriqni bajara olmaydi.
v) avtomatik yozish qobiliyatini tekshirish usullari, uning buzilishi.
Bunda tayyor yozilgan xatni va har bitta so‘zni hamda butun tekstni o‘qish
va tushunish talab etiladi. O‘qish qobiliyatining buzilishi aleksiya deb ataladi. Bu
esa bosh miya chap yarim shari tepa bo‘lagining burchak pushtasi (39 soha)
zararlanganda sodir bo‘ladi.
O‘qish qobiliyatini tekshirish uchun: a) bemordan alohida harflarni tanish va
ularni o‘qish so‘raladi; b) alohida bo‘g‘in va so‘zlarni o‘qish iltimos qilinadi; v)
gaplarni va tekstlarni o‘qib chiqish va ularni tekshirish iltimos qilinadi; g) noto‘g‘ri
yozilgan so‘zlarni tekshirish iltimos qilinadi.
5. Hisoblash qobiliyati va tekshirish usullari, uning buzilishi.
Hisoblash ham bosh miya oliy faoliyatining bir turidir. Bu qobiliyat asosan
tepa va ensa bo‘laklarining tutashgan joyi zararlangan taqdirda buziladi. Hisoblash
qobiliyatining buzilishi akalkuliya deb ataladi. Akalkuliyada xayolan fikrlash
buziladi.
Tekshirish usullari:
a) bemordan oddiy raqamlarni, oddiy sonlarni, keyin murakkab sonlarni
o‘qish va yozish iltimos qilinadi, so‘ngra oddiy misollar beriladi.
b) bemorga murakkab masalalar beriladi: ayirish, qo‘shish, bo‘lish va
ko‘paytirish sonlari.
6. Xotira, tekshirish usullari va uning buzilishi.
Xotira (pamyat) – ma’lumotni qabul qilish, yodda saqlash va kerak bo‘lgan
paytda uni yana ishlatish jarayonlaridan iborat. Bu murakkab faoliyatda butun bosh
miya ishtirok etadi.
Xotira ikki turga: qisqa va uzoq vaqtli xotiralarga bo‘linadi.
Analitik hususiyatlariga ko‘ra xotira quyidagi turlarga bo‘linadi:
a) modal «spesifik», ya’ni eshitish, ko‘rish va kinetik xotiralar;
b) umumiy xotira.
Xotiraning buzilishi amneziya deb ataladi. Bosh miya po‘stlog‘ining tashqi
lateral yuzasi zararlanishi natijasida model-spesifik xotira buziladi. Bosh miya
ustining ayrim strukturalari (Peypes doirasi) zararlanishi natijasida umumiy xotira
buziladi.
Tekshirish usullari:
a) asosan uzoq vaqtli va qisman qisqa vaqtli xotiralar tekshiriladi. Bunda
bemordan shu bugun qilgan ishlari haqida so‘raladi, so‘ngra tarixiy raqamlar,
145
masalan, «Qaysi yilda Vatan urushi boshlangan?», «8 mart qanday kun?» va
boshqalar so‘raladi.
b) eshitilgan so‘zlar va gaplarni eslab qolish qobiliyati tekshiriladi, ko‘ruv
xotirasi tekshiriladi va bemorga qisqa hikoya o‘qib beriladi, keyin undan shu
hikoyani so‘zlab berish so‘raladi.
7. Fikrlash, tekshirish usullari va uning buzilishi.
Fikrlash (mishleniye) bosh miyaning eng murakkab faoliyati bo‘lib, bunda
qo‘yilgan maqsad avvalo ro‘y bergan vaziyatni analiz va sintez qilishni talab
qiladi, so‘ngra o‘ziga xos usullar yordamida kerakli natijaga erishiladi.
Bosh miyani qayeri zararlanmasin, intellektual jarayonning normal borishi
uchun zarur bo‘lgan bo‘laklardan birortasi albatta buziladi, bu esa umumiy fikrlash
faoliyatining buzilishiga olib keladi.
Bosh miyaning peshona bo‘lagi zararlangan taqdirda bemor keraksiz
impulslarni to‘xtata olmaydi, bu esa o‘z navbatida fikrlash qobiliyatining
murakkab buzilishiga olib keladi.
Tekshirish usullari:
a) bemordan o‘ziga berilgan rasmlarni tasvirlab berish so‘raladi;
b) keng mazmunli qisqa hikoya va masalalar o‘qib beriladi, so‘ngra ularning
asosiy mazmunini aytib berish iltimos qilinadi.
c) bemorga bir necha maqol aytiladi va maqollarning mazmunini aytib
berish so‘raladi. Masalan, «Ilmi yo‘qning – ko‘zi yo‘q», «Temirni qizig‘ida bos»
va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |