5. Kiklad madaniyati.
Kiklad Krit shimolining Egey dengizidagi ko‘pgina orollar
majmuasidir. Ularni yunonlar «kikladlar» ya’ni «aylana» deb atashgan. Kiklad
orollarida qadimda kariy va leleglar yashaganlar. Ularga Krit orolidan ko‘chib
kelganlar qo‘shilgan. Aholi uzumchilik va hunarmandchilik bilan shug‘ullangan.
Kiklad orollari bilan Egey havzasidan chekkadagi o‘lkalar bilan dengiz savdosi
alohida o‘rin tutadi. Kema egalari, hunarmandlar, savdogarlar orol ijtimoiy hayotida
yetakchi o‘rinni egalladilar. Tadbirkor, uddaburon savdogar, boy hunarmand va
kemasozlar dengiz savdosining tashkilotchilari edilar. Kiklad orollari aholisi katta-
kichik, pishiq qilib qurilgan bir-ikki qavatli uylardan iborat shahar ko‘rinishidagi
kichik manzilgohlarda yashaganlar. Kichik shaharchalar jamoa asosida xalq yig‘inlari
orqali boshqarilgan deb taxmin qilinadi. Shaharchalar, odatda, dengiz qirg‘oqlarida,
port yaqinida qurilgan. Port yaqinida maydon bo‘lgan. Bu yerda bozor bo‘lib, savdo va
boshqaruv ishlari muhokama qilingan. Kiklad orollarida mil.avv. XVI–XV asrlarda
Knoss hukmronligi o‘rnatildi. Knossga qaramlik o‘lpon to‘lash bilan cheklanib, Kiklad
o‘ziga xos madaniyatni saqlab qoladi. Ammo mil.avv. XV asr o‘rtalarida Fera orolida
otilgan vulqon Kiklad orollari halokatiga sababchi bo‘ldi. Dengizda ko‘tarilgan ulkan
sunami qirg‘oqdagi shaharlarni vayron qildi. Vulqon kuli inshootlarni olov ichiga
soldi. Ko‘plab kishilar halok bo‘ldi. Vulqon otilgandan so‘ng to‘zib ketgan aholi va
vayrona orolchalar Peloponnes va Bolqon Yunonistonining boshqa hududlaridan
kelgan axeylar o‘ljasiga aylandi. Kiklad madaniyati uch yirik davrga bo‘linadi: 1.
Qadimgi Kiklad davri (2700–2300-yillar). 2. O‘rta Kiklad davri (2300–1500-yillar). 3.
So‘nggi Kiklad davri (1500–1100-yillar). XIX asr oxiri XX asrdan Egey dengizi
orollarida ham faol arxeologik qazilma ishlar olib borildi. Ingliz arxeologlari
Antikoros orolidan jez davri yodgorliklarini topdilar. Shundan so‘ng Melos, Seros,
Spornos, Loros va Naksos orollarida arxeologik qazish ishlari olib borildi. 1932-yil
yosh yunon arxeologi Spiridon Marinotos Minos orolining yirik porti Amnissni topdi.
U arxeologik ishlarda Strabonning «Geografiya» asaridan keng foydalandi. 1967-yil
arxeologlar Fera orolidan Akrotir shahrini topishdi. U Egey Pompeyasi deb ataldi.
Vulqon kullari ostidan vulqon otilishi oqibatida halok bo‘lgan shahar qoldiqlari topildi.
Qazishmalar natijasida tosh tas’halgan ko‘chalar, katta inshootlar, uylarning ikkinchi
va uchinchi qavatlari va ularga boradigan zinapoyalar saqlanib qolgan. Inshootlar
devorlariga ajoyib tasvirlar tushirilgan: ko‘k rangli maymunlar, antilopalar tasviri, ikki
kurash tushayotgan bola, ularning birini qo‘lida maxsus qo‘lqop. Qizil, sariq va yashil
rangdagi ot va mox o‘ti bosgan qoyalar, sariq poyalardagi qizil nilufarlar, ularning us-
tidan uchayotgan qaldirg‘ochlar. Boshqa tasvirda shaharning ko‘rinishi va ko‘p
kemalar suzayotgan dengiz tasvirlanadi.
Kiklad madaniyati jez davri madaniyati bo‘lib, orollardan jezdan yasalgan mehnat
qurollari, sopol buyumlar, zeb-ziynatlar topilgan. Rassomchilikda freska tasvir san’ati
yuksak rivojlangan. Kiklad madaniyati yodgorliklarida Kichik Osiyoning ta’siri
ko‘rinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |