www.ziyouz.com
kutubxonasi
58
Bulardan ham ajoyibi, har bir kasalga boshqa kasal ishlatmagan xos idishda ovqat
berilardi. Uning usti mahkam yopilib, shu holda kasalga yetkazilishi lozim edi.
Yana ham ajoyibi, sariq kasalligiga chalinganlar alohida xonaga yolg‘iz ajratib
qo‘yilardi. Ular bu xonada bosiq qo‘shiqlar kuyini eshitib, orom olardilar. Yoki qissachilar
aytib beradigan qissa va hikoyalardan zavqlanishardi. Tuzalish arafasidagi kasallar
ularga kulgili rivoyatlarni o‘ynab berardilar yoki milliy raqslarni ijro etardilar. Yondosh
masjidning muazzinlari ularga bomdod namozidan ikki soat oldin saharlab azon aytib
berardilar. Bedorlik va bekorchilik qiynagan kasallarning dardlarini yengillatish uchun
mayin ovozda ashulalar aytib turishardi. Bu holat frantsuz qo‘shinlari milodiy 1797 yilda
Misrga kirgunlariga qadar davom etdi. Bularni frantsuz olimlari ham o‘z ko‘zlari bilan
ko‘rganlar va u haqda yozganlar.
Taroblus shahrida g‘aroyib vaqf mavjud bo‘lgan. Bu vaqfning foydasi ikki kishi uchun
berilishi belgilangandi. Ularning vazifasi kunda shifoxonalarda yurib kasallarga holati
yaxshilangani, yuzi qizarib, ko‘zlari chaqnayotganini, bu esa tuzalayotganlik alomati
ekanini tez-tez uqtirib turish edi.
To‘rtinchisi – Marokash shifoxonasi.
Uni Mag‘ribdagi Muvahhidiyn podshohlaridan
amirul mo‘minin Al-Mansur abu Yusuf qurdirgan. Shifoxona Marokashdagi eng mo‘‘tadil
mavze’dagi katta maydonda joylashgan. Al-Mansur quruvchilarga uni juda ham chiroyli
qilib, hafsala bilan qurishga, unda barcha daraxtlardan, gullardan va sabzavotlardan
ekishga buyurdi. Shifoxonaning hamma uylarini aylanib chiqadigan qilib suv oqizildi.
Yana qo‘shimcha to‘rtta hovuz qurildi. Birining o‘rtasiga oq marmar ishlatildi. So‘ng uni
yung, paxta, ipak va teridan tayyorlangan nafis jihozlar bilan bezaldi. Ichimlik va turli
dori-darmonlar tayyorlash uchun dorixona bino qilindi. Kasal uchun kechasiga alohida,
kunduziga alohida qishlik va yozlik kiyimlar hozirlandi. Bu yerda ham agar tuzalgan
kasal kambag‘al bo‘lsa, unga to ishlaguncha kifoya qilgulik nafaqa tayinlandi. Farqi
shuki, bu yerda boy odamga ham mol berildi, bu borada kambag‘al bilan ajratilmadi.
Balki Marokashda kasal bo‘lgan har qanday g‘arib unga keltirib muolaja qilindi. U to
tuzalguncha yoki vafot etguncha ushbu shifoxonada bo‘ldi. Amir shifoxonaga har juma
kelib, kasallarni ko‘rar, hol-ahvollari va tabib hamda hamshiralarning muomalalari
haqida so‘rab-surishtirardi.
Islom olamining g‘arbi va sharqida yoyilib yotgan yuzlab shifoxonalarning to‘rtta
namunasini ko‘rib chiqib aytish mumkinki, o‘sha kunlarda Ovro‘pa jaholat zulmatida
sarson edi. Ular musulmonlarning shifoxonalaridagi daqiqlik, pokizalik va oliy insoniy
tuyg‘ulardan biror narsani bilmasdi. Bu o‘rinda olmoniyalik sharqshunos Maks
Maerxofning Islom hazorasi yuksalgan o‘sha zamonda Ovro‘padagi shifoxonalar holati
haqida aytganlarini keltiramiz:
«Arab shifoxonalari va ma’mur Islom shaharlaridagi
sog‘likni saqlash nizomi bizga juda qattiq va achchiq dars beradi. Biz ularni o‘sha
zamondagi Ovro‘pa shifoxonalariga yengilgina solishtirsak ham, haqiqiy baholay
olamiz».
Islom olamidagi o‘sha farovon zamondan uch asr o‘tsa hamki, Ovro‘pa hali umumiy
shifoxonalar ma’nosini bilmasdi. Agar o‘n sakkizinchi asrgacha kasallar uylarida yoki
maxsus hovlichalarda davolanganlar, desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Chunki o‘sha
paytgacha Ovro‘pa shifoxonalari maxsus hovlilarda joylashgan bo‘lib, bu hovlichalar
kasal bo‘lsin, ojiz bo‘lsin, uy-joysiz bo‘lsin, kishilarga boshpana vazifasini ham o‘tardi.
Islom hazorasi. Ahmad Muhammad
Do'stlaringiz bilan baham: |