www.ziyouz.com
kutubxonasi
50
ketgan achchiq choyni shimirib ichdi-da, O’zi qoshiga shoshilib jo‘nadi. Chamasi, O’zi
ichkilikbozlarni xush ko‘rmasa kerak. Yo‘l bo‘yi Avdiy Kallistratov O’zini hatto uzoqdan bo‘lsa ham
ko‘rolgani yo‘q. Vaholanki, hammalari bitta poezdda ketishyapti. Kim u? Qanday odam? Yuzlab
yo‘lovchilar orasidan uni topib ko‘r-chi. Xuddi qamishzorlar orasida qorong‘u chuqur ichida bekinib
olgan maxluqday g‘oyatda ehtiyotkor, yo‘l bo‘yi salcha bo‘lsin, siyoqini ko‘rsatmadi. Ko‘p o‘tmay
Petruxa uning qoshidan qovog‘i solingan, jahli chiqqan, lekin butunlay hushyor tortgan holda qaytib
keldi. Albatta, hali makonga yetib bormay turib qilingan tungi ichkilikbozlik uchun O’zi boplab
adabini bergan. Tushunish mumkin O’zini ham. Poezd Jalpoq-Sozga yetishi bilan ish qizib ketadi.
Shunday paytda shalpangquloq Petruxaning g‘irt mast bo‘lib yurishi sira to‘g‘ri kelmaydi. Mana endi,
bir hafta boshog‘rig‘idan qutulmay yuradi. Petruxa xuddi Avdiy bir ayb ish qilib qo‘yganday unga
norozi qarab, to‘ng‘illadi:
— Yur, gap bor.
Ular tamburga o‘tishdi. Chekishdi. Poezd g‘ildiraklari tinmasdan taraqa-turuq qiladi.
— Menga qara, Avdiy, u qulog‘ing bilan ham, bu qulog‘ing bilan ham eshitib ol,— deb boshladi
Petruxa.
— Xo‘p, eshitaman,— peshanasini tirishtirdi Avdiy.
— Sen ko‘pam burningni jiyiraverma,— diqqati oshdi Petruxaning.— Kim bo‘psan o‘zi?
— E, qo‘ysangchi, Petr,— uni tinchlantiryshga urindi Avdiy,— nima qilasan bekorga xafa bo‘lib?
Xo‘p, men ichmayman, sen esa ichasan, xo‘sh, nima bo‘pti shunga, nima kilasan so‘kinib? Yaxshisi,
bu yog‘iga nima qilamiz, ana shuni ayt.
— Uyog‘ini O’zi aytadi.
— Men ham shuni so‘rayapman-da. Nima dedi O’zi?
— Ishing bo‘lmasin,— shartta uning og‘ziga urganday qilib dedi Petruxa.— Sen yangi odamsan.
Shuning uchun Lyonka ikkovimiz bilan borasan. Uch kishi bo‘lamiz. Boshqa bolalar ham kim o‘zi,
kim sherik bo‘lib borishadi.
— Tushunarli. Faqat qaerga boramiz?
— Ishing bo‘lmasin, men oboraman. Jalpoq-Sozda tushamiz. U yog‘iga o‘zimiz ketamiz. Yo‘l-
yo‘lakay mashinalarga tushib, «Mo‘yinqum» sovxoziga yetib olamiz. Undan u yog‘ida tirik jon yo‘q
— poyi piyoda.
— Ana, xolos.
— Ha, nima deb o‘ylovding. «Jiguli»da olib borib ko‘yishadi devdingmi? Olasan, oshna! U yerda
sal shubha uyg‘otsang, darrov ushlab oli-shadi, mashina yo mototsiklda borganlarni-ku tappa
bosishadi. Qalpoq qilishadi.
— O’ho‘-o‘ho‘! Anov, kim, O’zi qaerda bo‘ladi, u kim bilan boradi?
— Nima ishing bor? — o‘dag‘ayladi Petruxa.— Nega hadeb uni so‘rab-surishtirib qolding?
Boradimi, keladimi! Balki umuman bormas! Nima u senga hisob berishi kerakmi, a?! Nima deb
tushunaylik buni?!
— Nimasiga tushunmaysan? Boshlig‘imiz bo‘lgandan keyin bilish kerak-da qaerdaligini. Biron
kor-hol yuz berib qolishi mumkin.
— Xuddi mana shu narsani bilishning senga hech keragi yo‘q,— kibr bilan dedi Petruxa.— U
qaerda bo‘ladi, nima qiladi, sen bilan bizning ishimiz emas. Kerak bo‘lsa seni yerning tagidan ham
topadi,— Petruxa gapim qanday ta’sir qildi ekan deb birpas atay jim qarab turdi, keyin hali kayfning
asorati tarqamagan loyqa ko‘zlarini unga tik qadadi-da, qo‘shib qo‘ydi: — Senga shunday dedi, Avdiy:
ishni uddalab ketsang, doim borib-kelib turasan. Agar Xudo ko‘rsatmasin, sotadigan bo‘lsang,
yaxshisi, hoziroq orqangga qaytib ket. Bekatga tushganimizdan keyin sekin jo‘navor. To‘rt tomoning
ochiq. Senga qo‘limizni ham tekkizmaymiz. Lekin ish boshladingmi, tamom, orqaga qaytish yo‘q.
Sotsang — tirik qolmaysan. Bildingmi?
— Bildim. Bilmay nima? Yosh bolamidim,— javob qildi Avdiy.
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |