www.ziyouz.com
kutubxonasi
49
Avdiy Kallistratov bu odamlarni yomon yo‘ldan qaytarsam, ko‘zlarini ochsam, ular o‘zlariga
boshqacha, ochiq bir nazar bilan qarab ko‘rsalar, hayotlarini zaharlab turgan qo‘rqinchdan va shu
qo‘rqinchning ta’qibidan xalos etsam, deb orzu qiladi. Olgan bilimlari, juda boy bo‘lmasa-da, lekin
yetarlicha orttirgan turmush tajribalari zaminida u olijanob, ezgu niyatlarini amalga oshirish yo‘llarini
izlardi. Hozir u seminariyadan ketgani, rasmiy cherkovdan chiqarilganiga qaramasdan dilida
targ‘ibotchi hamda va’zxon bo‘lib qolganligini, inchunin, hayot yo‘lida qilishi mumkin bo‘lgan birdan-
bir ulug‘ ish — odamlarga haqiqat va yaxshilik so‘zini o‘zi bilgan, anglagan darajada yetkazish deb
tushunardi. Buning uchun alohida fatvo olish shart emas, buning uchun o‘zing sig‘ingan narsaga
sadoqatli bo‘lishing kifoya. Lekin, bularning bari hali yaxshi niyat, xolos. Yurak va aql amri bilan u
nima qilishi zarurligini hali to‘la tasavvur eta olmasdi. Ko‘ngilda shirin hayollarga berilish, shu
hayollarda tubanlarni tubanlikdan xalos etish boshqa va shu bilan birga, sening pand-nasihatingga,
maslahatingga aslo muhtoj bo‘lmagan tirik odamlar o‘rtasida yaxshilik qilish — butunlay boshqa. Ular
misol uchun xuddi o‘zlariga o‘xshagan, dunyoning bir chekkasiga nasha yig‘ish va pul ishlash uchun
ketayotgan allaqanday bir Avdiyning va’z-karsoniga zormikinlar. Ularning taqdirlarini nurli tomonga
burish ishtiyoqida yongan Avdiy Kallistratov bilan ularning necha pullik ishlari bor deysiz. Avdiy
Kallistratov Xudo kalima ichida yashaydi va kalima ilohiy qudrat kasb etmog‘i uchun u chin va pok
haqiqatdan tug‘ilmog‘i kerak, degan bo‘lsa ularga nima. Avdiy esa bunga xuddi borliqning qonuniday
ishonadi. Lekin u hali bir narsani bilmaydi: yaxshilik yomonlik yo‘liga kirganlarga yordam bermoqchi
bo‘lganda ham, yomonlik baribir yaxshilikka qarshi turaveradi... Ammo bu ko‘rgiliklar hali
oldinroqda...
VI
To‘rtinchi kun tong azonda qorli tog‘larning bukir tizmalari ko‘zga chalindi. Poezd ular ketayotgan
Chu va Mo‘yinqum cho‘llariga yaqinlashardi. Tep-tekis kengliklardan so‘ng keladigan qorli tog‘lar
tarxi cho‘lmakonlarda o‘ziga yarasha bir belgi bo‘lib qolgandi. Cho‘llar bag‘riga kirib ketavergan sari
tog‘lar ko‘zdan uzayib so‘ng yo‘qolardi. Lekin mana, yerning huv chetidan quyosh boshini ko‘tardi va
olamni osuda nurlari bilan to‘ldirdi. Taqdirlari bir-birlariga sira o‘xshamagan turli-tuman yo‘lovchilar
tushgan poezd tog‘larga yetmay turnaqator tizilgan vagonlari quyoshning ilk shu’lalarida yaraq-yuruq
qilgancha, tongning arg‘uvon ko‘ylagi yoyilgan biyobonlarga burildi — u yoqlardan endi tog‘lar
ko‘zga tashlanmaydi...
Nashavand choparlar Jalpoq-Soz bekatida tushishlari kerak edi. Undan uyog‘iga har kim o‘zicha,
o‘z bilganicha tavakkal harakat qiladi.
Ammo to‘da o‘sha-o‘sha — bitta, niyat ham o‘sha-o‘sha — bitta. Lekin bularning hammasini kim
boshqaradi, kim o‘sha O’zi — doim ularni ko‘z yummay kuzatib turgan — Avdiy Kallistratov ana
shuni bilishni istardi. Lekin ayrim uzuq-yuluq, ivir-shivir so‘zlardan bo‘lak hech narsa unga ma’lum
emasdi.
Uch soatdan so‘ng Jalpoq-Soz bekati keladi. Choparlar yig‘ishtirinib g‘imirlab qolishdi. Kechasi
o‘lguday ichishgan edi. Petruxa oxirgi topshiriqlarni olish uchun O’zining huzuriga borishdan avval
hojatda uzoq yuvindi. Yo‘lovchilar toza diqqat bo‘lishdi. Choparlar o‘tgan kecha shampandan
boshlashdi. Shampanni xuddi limonad ichganday ermakka stakanlab ichisharkan. Keyin arokqa
o‘tishdi. Shuning asorati ertalab ancha bilindi. Tirmizak Lyonka-ku, qiyshanglab, rosmana chuldirab
qoldi. Avdiy ertalab uni bazo‘r oyoqqa turg‘izdi. Jalpoq-Sozga yetdik degandan keyingina Lyonka
zo‘rg‘a ko‘zini ochib, taxtaga oyog‘ini osiltirib o‘tirdi. Sochlari to‘zg‘ib ketgan boshi ingichka, qiltiriq
bo‘ynida arang osilib turardi. Shu zumrasha g‘ayriqonuniy yo‘l bilan ancha-muncha pul topadi. Hayoti
halitdanoq butunlay barbod bo‘lgan desa, albatta, bunga hech kim ishonmasdi.
Poezd poyonsiz tekisliklardan ravon ketib borardi. Qaerdadir, qaysidir vagonda uning O’zi
ketyapti. Boshi chirillab aylangan, karaxt Petruxa bosh og‘rig‘ini bosish uchun bir stakan qorayib
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |