www.ziyouz.com
kutubxonasi
47
to‘g‘ridir. Manavi choparlarning ko‘zlari menga uchib turmagandir, ularning ishiga, xulqi-atvoriga
aralashish zarurmi? Qo‘lingdan nima ham kelardi? Nima qilib berishing mumkin ularga? Kirgan
yo‘llaridan qaytara olasanmi? Boshqacha yashashga ko‘ndira bilasanmi? Sen qiynalib, ich-etingni
yeyapsan bu yog‘i nima bo‘ladi deb. Ular esa o‘z oldilariga bitta maqsad qo‘yganlar va bu
maqsadlaridan aslo qaytmaydilar, omadim kelsa-yu, boyisam deydilar, baxtlarini shunda ko‘radilar.
Qani, ularni qayta ishontirib ko‘r-chi, ular haqiqatga tik qaray olarmikinlar? Agar aralashmasang,
yordam bermasang, ular ertami-kechmi qamoqqa tushadilar, koloniyalarni to‘ldiradilar va bunga ayb
deb emas, kulfat deb qaraydilar. Qani endi, ularni shu rasvoliklardan qaytara olsang, qani endi,
pushmon bo‘lib, tavba qilib, dillari tozalansa, jinoyatdan yuz o‘girib, chinakam baxt-saodat nimada
ekanligini anglasalar. Qanday go‘zal bo‘lardi-ya! Lekin ularning baxtlari nimada? Biz qadrlagan
narsalardami? Ammo qadriyatlarimizning asl bahosini tushirib yuborganmiz, g‘oyatda dag‘allashtirib
tashlaganmiz. Balki kulgiga qolgan chol-kampirlarning Xudosidamikin ularning baxtlari, lekin bu axir
cho‘pchak-ku? Umuman olganda, dasta-dasta pul topish imkoni turganda, so‘z nima qilib berardi?
Hozir kimni qarama — shuning tilida bir gap — quruq rahmatga mushuk oftobga chiqmaydi. Pul o‘z
oti bilan pul-da! Choparlarning cho‘ntaklariga kirayotgan o‘sha pullar faqat o‘zimizniki emasdir, chet
pullar ham bordir ularning ichida,— qarang, qancha talabgorlar kelishyapti — Murmansk, Odessa,
Boltiqbo‘yi, hattoki Uzoq Sharq port shaharlaridan? Qaerga ketyapti shuncha nasha? Uning saqichi,
mumidan ishlangan boshqa narsalar-chi? Gap qaerga ketayotganligining o‘zidagina emasdir-ku? Nega
bunday bo‘lyapti, nega bizning hayotimizda, bizning ijtimoiy sistemamizga illatlar yot deb, butun
dunyoga jar solgan bizning jamiyatimizda bunday bo‘lishi kerak? Qaniydi, shunday bir narsa
yozsangki, unga hamma o‘z jonajon ishiday munosabat bildirsa, unga o‘z uyida bo‘layotgan
yong‘inday, farzandlarining boshiga tushgan ofatday qarasa, ana o‘shanda aytilgan so‘z barcha xolis
niyatli kishilarning qo‘llab-quvvatlashi bilan puldan ustun chiqadi va yomonlikni yengadi! Ilohim,
shunday bo‘lsin, yozilgan so‘z bekor ketmasin, chindan ham, «avvalda so‘z bo‘lgan» ekan, u o‘z azal-
abad qudratini ko‘rsatsin... Shunday yashasangki, shunday o‘ylasangki...
Lekin yo rab, sendan so‘rayman: jaraq-jaraq pullar turganda, sening kaloming nedir? Yashirin
illatlar oldida sening hukming nedir? So‘z bilan yovuzlik moddiyunini qanday yengi olish mumkin?
Menga O’zing kuch-quvvat ato qil, boshlagan yo‘limda va ishimda meni tark etma, men yolg‘iz
o‘zimman, hozircha hech kimim yo‘q, pulga mukkasidan ketganlarning esa adadi yo‘q, son-
sanoqsiz...»
* * *
Moskva — Olmaota poezdi Saratov yerlarini orqada qoldirib, ikki kundan beri Qozog‘iston
cho‘llaridan borardi. Avdiy Kallistratov Turon tomonlarni birinchi ko‘rishi. U bir paytlar Rossiya
tomonidan egallab olingan jug‘rofiy makonlarning, o‘lkaning bu qadar kengligi va miqyoslaridan
hayratga tushar — chindan ham ko‘z o‘ngida bosh-keti yo‘q, behudud yerlar yastanib yotar, agar Sibir
bilan qo‘shib hisoblasak, deb xomcho‘t qilardi u, yer yuzidagi quruqlikning deyarlik yarmi... Yana bu
yerlarda odam turadigan qo‘nalg‘alar onda-sondagina uchraydi... Shaharlar, qishloq va ovullar,
bekatlar, unda-munda ko‘zga chalinib qoladigan molxonalar, cho‘pon-cho‘liqlarning pastak qo‘ralari
hammasi temir yo‘lga qarab yopishib kelar, ular bepoyon cho‘l suvratini chizish uchun tayyorlab
qo‘yilgan, lekin ilk bo‘yoqlarigina chaplangan matoga o‘xshar, biroq suvrat keyinchalik ishlanmay,
faqat bir tusdagi bo‘z ranglari bilan chala qolib ketganday edi... Bu tomonda keta-ketguncha yaydoq
cho‘l, hozir bu yerda jamiki o‘t-o‘lan gullab-yashnagan fasl, cho‘l bir necha kun mana shunday
jannatmisol gurkirab yotadi, so‘ng tag‘in oftobning berahm issig‘iga dosh berolmay sarg‘ayib so‘ladi
va kelasi bahorni kutadi...
Vagonlarning ochiq oynalaridan gulga kirgan cho‘l chechaklarining muattar bo‘ylari yopiriladi.
Ayniqsa, poezd to‘rt tomoni ochiq allaqanday kichkina bekatlarda to‘xtaganda, odamning dim
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |