www.ziyouz.com
kutubxonasi
51
— Unday bo‘lsa, esingda tut: aytdim-qo‘ydim. Ikki qulog‘ing bilan eshitding. Keyin bilmovdim,
eshitmovdim, kechiringlar, degan gaplar ketmaydi.
— Bas qil, Petr,— uning so‘zini bo‘ldi Avdiy.— Hadeb bitta gapni cho‘zaverasanmi. Aqli-hushim
joyida. Nimaga boryapman, nima qilaman, o‘zim bilaman. Yaxshisi, senga bir gapim bor, eshitib ol.
Shu bugundan e’tiboran ichkilikni yig‘ishtir. Lyonkani ham ichirma. U tentak. Sen ham nima qilasan?
O’sha yerlarda shu issiqda kallamiz qizib tursa, nima qoyil qilib yig‘amiz?
— To‘g‘ri,— deb tan oldi Petruxa va tupuk sachragan lablarini qiyshaytirib jilmaydi. Uning
ko‘ngli joyiga tushgan edi.— To‘g‘ri gapni tan olamiz. Ishon, o‘zim ham og‘zimga olmayman,
Lyonkaga ham ichirmayman. Tamom, bo‘ldi!
Ular fikrlari bir joydan chiqqaniga xursand bo‘lib jim qoldilar. Poezd chayqalgancha Jalpoq-Soz
tomon jadallardi. Bu yerda mashinistlar almashadilar, poezd ham yangilanadi. Ko‘pgina yo‘lovchilar
tushishga hozirlik ko‘rardilar. Lyonka ham tashvishlanib tamburga qaradi.
— Nima qilyapsizlar? — dedi u boshi og‘riganidan yuzini burishtirib.— Narsalarni yig‘ishtirish
kerak. Bir soatda yetamiz.
— Qo‘rqma,— javob kildi Petruxa.— Bizga yig‘ishtirish cho‘tmi? Qiz bola emasmiz-ku.
Xaltamizni yelkamizga osamizu, hayyo-hayt!
— Lyonya,— bolani yoniga chaqirdi Avdiy.— Qani, beriroq kelchi. Boshing og‘riyaptimi?
Lyonka aybdorlarcha boshini silkitib qo‘ydi.— Petr bilan shunday kelishdik. Bugundan boshlab
og‘zingga bir tomchi ham olmaysan. Xo‘pmi?
Lyonka indamay bosh irg‘adi.
— Bo‘pti, bor. Biz hozir. Qo‘rqma, ulguramiz.
— Hali ancha vaqt bor,— dedi Petruxa soatiga qarab.— Bir soatdan ham ko‘p.— Lyonka ketgach,
dedi: — Lyonkani to‘g‘ri aytding. Chiltonning o‘zi ichaman deb yopishadi. Ichgandan keyin oyoqda
turolmaydi. Bo‘ldi endi! Ishmi ish! Yo‘lda ozgina erkalik qildik. Ha, tag‘in, o‘ylab yurma, men
Lyonkaning puliga ichganim yo‘q. Balki uning o‘zi shu... lekin men o‘zim olib ichaman.
— Gap unda emas,— dedi alam bilan Avdiy.— Bolaga odamning yuragi achiydi.
— Rost aytasan,— uning gapiga qo‘shilib xo‘rsindi Petruxa. Uni anchadan beri bir fikr bezovta
qilib kelsa kerak, shuni Petruxa hozir ochiqchasiga gaplashayotganlaridan foydalanib esladi.— Quloq
sol, Avdiy, bizgacha, bizga kelib qo‘shilguningcha, nima ish qilarding, ishlarmiding? Olibsotarlardan
emasmisan, mabodo? Sen yashirma, endi biz yo restoranda birga o‘tirib, mazza qilamiz, yo kameradan
axlat chelakni birga olib chiqamiz. Yo unisi, yo bunisi!
Avdiy yashirib o‘tirmadi:
— Chayqovchi emasman. Yashiradigan yerim yo‘q. Men ilgari diniy seminariyada o‘qiganman.
Bundayini Petruxa sira kutmagandi.
— Shoshma, shoshma! Seminariyada deysanmi? E, bundan chiqdi, sen pop bo‘lish uchun o‘qigan
ekansan-da?
— Shunday desak ham bo‘ladi...
— O’hu! — ko‘zlarini ola-kula qildi Petruxa va lablarini cho‘chchaytirib hushtak chaldi.— Nega u
yerdan ketding, yo haydab yuborishdimi?
— Undoq desang ham to‘g‘ri, mundoq desang ham. Umuman, tashlab ketdim.
— Nimaga? Xudoni talashib qoldinglarmi? — sho‘xlik bilan so‘rashni qo‘ymasdi Petruxa.— Ana
kulgi!
— Ha, talashib qoldik shekilli.
— Bo‘lmasa, qani ayt-chi, hammasini bilsang... Xudo bormi, yo‘qmi?
— Bunga javob berish qiyin, Pyotr. Birov uchun bor, birov uchun yo‘q. Hammasi odamning o‘ziga
bog‘liq. Odamlar yer yuzida qancha yashasalar, shuncha Xudo bormi, yo‘qmi, deb o‘ylaydilar.
— Unda, agar bo‘lsa qaerda, Avdiy?
— Bizning o‘y-xayollarimizda, aytayotgan so‘zlarimizda... Petruxa o‘ylanib jim bo‘lib qoldi.
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |