www.ziyouz.com
kutubxonasi
59
Nihoyat, ko‘ngli aynishi to‘xtadi. U kiyimlarini axtarib topish uchun o‘rnidan turganda, oldiga
Petruxa bilan Lyonka chopib kelishdi, Bo‘rilar haqidagi hikoya ularga qattiq ta’sir qildi. Ayniqsa,
Lyonka ko‘rqib ketdi.
— O’zingni tut, hey! Muncha qaltiraysan? — deb qichqirdi unga Petruxa.— Odamlar oltin
qidirganlarida nimalar bo‘lmagan, bilasanmi, lekin orqalariga qaytishmagan... Sen bo‘lsang, qandaydir
bo‘rilardan qo‘rqib o‘tiribsan. Ular allaqachon qochib ketgan...
— Oltinning yo‘li boshqa-da,— dedi Lyonka bir oz jimlikdan so‘ng.
— Nima farqi bor? — o‘dag‘ayladi Petruxa. Avdiy fursatdan foydalandi.
— Farqi bor, Pyotr,— dedi u zaif ovoz bilan.— Katta farqi bor. Oltin ham ko‘p yomonlik keltiradi.
Lekin u taqiqlanmagan. Nasha bo‘lsa, hamma uchun og‘u. Boshimdan o‘tkazdim. O’lib qolay dedim.
Butun cho‘lga qusib chiqdim...
— Bas qil, shu gaplaringni! O’rganmagansan. Ozroq zaharlangansan. Shunga shunchami? —
qo‘lini norozi bo‘lib silkidi Petruxa.— Nima, seni birov majbur qilib olib keldimi bu yerga? Nuqul
Xudo deysan. U yaxshi, bu yomon deb
nax
urasan. Nega bizga pishang beryapsan? Nega suvni
loyqatyapsan? Pul desa, o‘zingni tomdan tashlaysan. Shundan shunga pul deb kelgansan. Tag‘inam
bo‘ri qorningni yorib tashlamabdi!
— Loyqatmoqchi emas, tozalamoqchiman suvni,— Avdiyning nazarida yanada ochiqroq gapirish
pallasi kelganday edi.— O’zing aqlli bolasan, Petr. Jinoyat yo‘liga kirganingni bilmaysanmi, aqling
yetmaydimi...
— Ha, shu yo‘lga kirganman! Sen-chi, sen qaysi yo‘lga kirgansan?!
— Men qutqarishni istayman!
— Kutqarish deydi! — jahl bilan qichqirdi Petruxa.— Senmi hali bizni qutqaradigan? Qanday
kutqarasan, qani, aytib ber-chi!
— Oldin — Xudoga tavba qilamiz. Kechirishini so‘raymiz. Keyin odamlarga...
Avdiy ularning kulmaganlariga ajablandi. Faqat Petruxa og‘ziga bemaza narsa tekkanday
chirtillatib tupurdi.
— Tavba emish! Gapini qarang! — to‘ng‘illadi u.— E, sen tavba qil. Biz pul ishlaymiz. Bizga pul
kerak, bildingmi. Gap tamom. Sen tavbangni qilaver! Avdiy, agar hazillashayotgan bo‘lsang, sal
ko‘zingga qarab hazillash! Bizni yo‘ldan urayotganingni O’zi eshitsa, chiqqan joyingga kirgazib
yuboradi, bilib qo‘y! Senga jo‘ram deb aytyapman. Bizni ham alag‘da qilma. Puldan boshqasiga
qiziqmaymiz. Lyonka, o‘zing ayt. Senga pul kerakmi, Xudomi?
— Pul! — javob berdi bola.
Avdiy g‘iq etmadi. Gapning davomini boshqa paytga qoldirdi.
— Xo‘p, qani, gapni bas qildik. Yetar, yo‘lga chiqaylik,— murosaga kelganday dedi Petruxa.—
Sen shirach qiloldingmi, Avdiy?
— Yig‘olmadim. Bo‘ri hujum qildi. Qolganlarini qaerga qo‘yganman, esimdan chiqdi. Ust-
boshimni ham topib kelishim kerak...
— Kiyimlaringni-ku toparsan, kaerga ketardi. Lekin shirach yig‘ib ulgurmaysan. Bugun ketishimiz
kerak. Mayli nima bo‘lganini aytsak, tushunar. Tushunmasa, kelasi safar yig‘ib berarsan...
Nasha to‘ldirib solingan yuk xaltalarini yelkaga ortgancha, yarim kechaga dovur temir yo‘l
tomonga qarab yurdilar. Yurish uncha qiyin emasdi. Quritilgan giyohning qancha og‘irligi bo‘ladi
deysiz. Lekin nashaning hatto yelim paketlardan ham gurkirab turgan hidi boshni aylantirar, ko‘zni
uyquga tortardi. Chopar bolalar tun o‘rtasi uxlagani qo‘ndilar. Yo‘lni tong qorong‘usida davom
ettiradigan bo‘ldilar. Lyonka Avdiy bilan Petruxaning o‘rtasiga tiqilib yotdi. U bo‘rilardan qo‘rqib
qolgandi. Bola-da hali. Bari aksincha bo‘ldi. Yo‘l yurganlarida uyqu bosgandi. Uxlagani yotganlarida
Avdiyning uyqusi qochdi. Lyonkaning o‘rtaga tiqilishi ko‘nglini iyitib yubordi. Kimning hayoliga
kelibdi deysiz. Kap-katta bola bo‘rilardan qo‘rqib o‘tiribdi. Lekin ko‘rdingizmi, illatning kuchini,
hayot haqidagi tasavvurlarning go‘daklikdan buzilganini. Boya Lyonka zarracha o‘ylab o‘tirmay
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |