www.ziyouz.com
kutubxonasi
53
mashinani kira qilib tushib bordilar. Har ehtimolga qarshi ular o‘zlarini uy quruvchi usta deb
tanishtiradigan bo‘ldilar. Avdiy — duradgorlik qiladi. Duradgorlarni bu yerlarda ko‘zga surtishadi.
Aslini olganda ham, Avdiy duradgorlik ishlaridan durustgina xabardor edi. Otasi bu hunarni unga
bolalikdan o‘rgatgan edi. Petruxa uning yuk xaltasiga uydan olib chiqqan — randa, bolta, iskana
singari asboblarni solib qo‘ydi. Petruxa o‘zini va Lyonkani suvoqchi va bo‘yoqchi usta deb
tanishtiradi. Ular go‘yo PTUning o‘quvchilari, «Uchquduq»qa, Mo‘yinqum cho‘llariga yozgi ta’tilda
uy qurib, pul ishlash uchun kelishyapti. Kim ishonmaydi bunga.
Kun issiq. Lekin ochiq yuk mashinasining tepasi ancha shabada, oftobning issig‘i unchalik
bilinmaydi. To‘g‘ri, cho‘l yo‘lining mazasi yo‘q, o‘nqir-cho‘nqir, chang-to‘zon.
Mashina cho‘nqirlarga kelib, sekinlaganda, g‘ildiraklar ostidan ko‘tarilgan chang ustilariga
yopiriladi, yo‘talib, ko‘zlarini uqalaganlari uqalagan. Yo‘l og‘ir, ammo atrof keng, bahavo edi.
Beixtiyor hayolingga shunday fikr keladi: qanotim bo‘lsaydi, uchib ketardim... «Endi men butunlay
ishondim: yer ham sayyora ekan,— deb o‘ylardi Avdiy kabina tepasida turib.— Nega odam yerga
sig‘maydi, doim torlik qiladi, to‘ymayman, och kolaman, deb qo‘rqadi, baayni o‘ziga o‘xshaganlar
bilan hech chiqisholmaydi. Oldindan hosil qilingan fikrlar, qo‘rqinch, nafrat sayyorani stadion
darajasida toraytirib qo‘yyapti. Barcha tomoshabinlarning umrlari ushbu stadionda garovga qo‘yilgan,
binobarin, har ikki komanda ham o‘yinda yutib chiqish uchun o‘zlari bilan birga yadro bombalarini
olib kelgan, ishqibozlar esa hech narsaga qaramasdan qichqirib yotibdilar: gol, gol, gol! Sayyora —
mana shu. Holbuki, axir, har bir inson oldida muqarrar bir vazifa ko‘ndalang bo‘lib turibdi — odam
bo‘lish. Bugun, ertaga, doim. Tarix shundan yaraladi. Hozir nimaga ketib boryapmiz. Kanday muhim
hayotiy zarurat yoki ehtiyoj borki, odamlar o‘zlariga ham, boshqalarga ham zahar-zaqqum axtaradilar.
Ularni bunga nima majbur qiladi? O’z-o‘zini unutishning o‘sha dahshatli girdobidan ular nima
topadilar?»
* * *
Uchquduq deganlari dunyoning bir tupkasidagi gadoy topmas qo‘nalg‘a ekan. Ular bu yerda
o‘zlariga darrov ish topib oldilar. Bir cho‘ponning chala yotgan imoratini bitirib beradigan bo‘ldilar.
Cho‘ponning o‘zi bola-chaqasi bilan poda haydab ketgan, qo‘shni turadigan qarindoshiga tayinlagan
ekan, agar bulturgiday uy quradiganlar kelib qolsa, imoratni bitkizib berishsin deb. Shuni bilganday
uchta azamat chopar — Petruxa, Avdiy, Lyonka yetib kelishgan edi.
Ular shu yerning o‘zida tomi bitgan chala uyda yotib yurishdi. Havo ochiq, kunlar issiq. Hovlida
o‘zlariga o‘choq qurib olishdi, goho ob-ovqat qaynatib turishdi. Rostini aytish kerak, itday ishlashardi.
Petruxa ertalab barvaqt turar, artelchi sheriklari Avdiy va Lyonkani uyg‘otar, shu bilan bir ishga
tushgancha qorong‘u xuftonga borib bas qiladilar. Hovlida andak olov yoqib, shuning yorug‘ida
ovqatlanar, faqat shundan keyingina Petruxa hordiq chiqarib, undan-mundan gaplashib o‘tirishga ijozat
berardi.
— Avdiy, qarab tursam, bu ish senga juda yoqib qolganga o‘xshaydi. Albatta, xo‘jayindan
tegishimizni olamiz. Lekin bu pul tupukka yetmaydi. Sariq chaqa! Odamlarning ko‘zi uchun
ishlaymizda. Asl joylarni topib yo‘lga tushaylik, ana o‘shanda ko‘rasan. Guliniyam, shirasiniyam ikki
qo‘llab terasan. Bir kun nashapoyaga sho‘ng‘ib chiqsang, bir yil ministrdan ko‘ra yaxshiroq yashaysan.
Sen bilasan-ku, a, Lyonka? To‘g‘rimi, gapim?
— Ozroq bilaman,— deb javob beradi shu kunlarda sira ovozi chiqmay qolgan Lyonka.
— Faqat ko‘zlaringga qaranglar, bolalar,— jiddiy ogohlantiradi Petruxa,— hech kimga, na
qo‘shnilarga, na boshqalarga og‘izlaringdan gullay ko‘rmanglar. Bu yerning odamlari yaxshi odamlar.
Lekin baribir, o‘lsang ham, miq etma. Ayniksa, boshqa yoqdan bitta-yarimta kelib so‘rasa, aslo sir boy
bermanglar. Avdiy, sen ayt: o‘laman sattor, hech narsani ko‘rganim yo‘q, bilmayman, eshitmaganman
deb. Kerak bo‘lsa, ana, boshlig‘imiz bor, o‘sha biladi, deb menga ro‘para qil. Men kichkina odamman,
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |