www.ziyouz.com kutubxonasi
59
yarashmay turgan kichkina peshayvonga chiqib ortiga o‘girildi. Nasiba «kelib to‘g‘ri
qildimmi yo adashdim-mi?» deganday bitta-bitta bosib chiqardi.
— Kennoyi, yuravering, — dedi Zohid.
Bu gapdan keyin ayol sal dadillandi. Mashoyixlar «so‘z xanjar bo‘lib jonni olishi ham,
tiriklik suvi bo‘lib o‘likka jon berishi ham mumkin», deganlariday, Zohidning «kennoyi»
deyishi ayoldagi xavotir bulutini bir oz tarqatdi.
O‘tgan kuni peshinda bir yigit kelib: «Sharif akamgila xat berib yubordila», deganida
xufton dili birdan yorishib ketdi. Ammo «Besh ming berib yubor», degan gapni o‘qib
ajablandi. Xayoliga urilgan narsa — pulni milisadagilar so‘rashgan, degan fikr bo‘ldi. Yigit
yana kelajagini bildirib, tezda iziga qaytdi. Kecha esa o‘ttiz ming so‘ralgan maktubni
o‘qib, eti uvishib ketdi. «Agar shu pul evaziga chiqarib yuborishsa, uyni sotib bo‘lsa ham
topib beraman», degan qarorga keldi. Keyin fikri bir oz tiniqlashgach, «pulni kim
so‘ragan bo‘lishi mumkin?» deb o‘ylay boshladi. O‘sha kuni uni ikki yigit so‘roq qildi. Biri
sharttakiroq edi. O‘sha so‘radimi? Keyingisi prokuraturadanman, degan edi, yo
o‘shanisiga kerakmi bu pul?
Nasiba, garchi ma’lumotli ayol bo‘lsa-da, huquq ilmidan butkul begona edi. Milisaning
vazifasi — ushlashu qamash, prokuraturaning vazifasi — qoralash, sudning ishi — hukm
chiqarish, degan yuzaki tushuncha barcha o‘zbeklar singari unga ham yo‘ldosh edi.
O‘ylagan o‘ylari ham shu tushunchalar atrofidan nari siljimas edi. Prokuratura faqat
qoralash emas, haqiqatni oydinlashtirish ishi bilan ham shug‘ullanishi lozimligini bilmasa-
da, pul so‘rasa shular so‘raydi, degan fikr uni Zohid bilan uchrashishga da’vat etdi.
«So‘raydigan bo‘lsa o‘zimga aytsin, nimaga odam qo‘yadi», deb tongotarda yo‘lga
chiqdi. To Zohid ko‘ringuncha ming xayolga bordi. «O‘zimni qamab qo‘ysa-ya», deb
qo‘rqdi ham. Zohid sovuqqina qilib «yuring», degach, «ha, shu so‘ragan, kelganim
yoqmadi», deb, kutganlariga pushaymon yedi. Ammo «kennoyi» degan so‘z umid ham
berdi. «Bu emasdir», degan ilinj bilan qadamini tezlatdi.
Zohid Nasibaga joy ko‘rsatib, o‘zi ham o‘tirdi. U ayolning erimda ayb yo‘q, deb gap
boshlashini kutib, «qulog‘im sizda», deganday qaradi. Ayol daf’atan tilga kirmadi. Uning
nimadandir o‘ng‘aysizlanayotganini Zohid sezdi.
— Kennoyi, bir gap bo‘ldimi, erta sahardan kelib turibsiz?
— Yo‘-o‘q, — Nasiba shunday deb Zohidning ko‘ziga bir qarab oldi. Dilidagini aytish yoki
aytmasligini bilmay yana ikkilandi. — Bilay deb keluvdim.
— Tergov endi boshlandi. Sizga bir nima deyishim qiyin.
— Rostdan ishonyapsizmi shunga?
— Biz dalillarga ishonamiz. Uyingizdan qoradori chiqqan. Bu eringizga qarshi bir dalil.
Agar uni biror odam qasddan tashlab qo‘ygan desak, bunga ham dalil kerak, guvoh
kerak. Agar shu ishga oid biron gapingiz bo‘lsa, ayting.
— Gapim yo‘-o‘q... — Nasiba aytmasa, hozir chiqib ketishi lozimligini bilib, so‘zida tutila-
tutila maqsadga ko‘chdi. — O‘zimda yo‘q, lekin qarindosh-urug‘ qarab turmas. Bir
haftada olib kelsam... dalil topiladimi?
Zohid avvaliga tushunmadi. Keyin ayolning maqsadini fahmlab joni chiqib ketay dedi.
Odamlarning pora taklif etishi uning uchun yangilik emas. Akasining o‘limi va sud
jarayonlari davrida ishga pul aralashganini sezib qanchalar iztirobga tushgan bo‘lsa,
keyinroq bu xizmatga o‘tib pora bilan yuzma-yuz kelgach, undan beshbattar qiynoqlarga
uchradi. Pora degan narsa bir qaraganda ko‘rinishi yoqimtoy, tili shirin, onasi o‘pmagan
qizga o‘xshaydi. Bu qiz ishvali jilmayib, ko‘z qisib, nuqul to‘shakka imlaydi. Hatto chol
odamni ham bo‘ydoq yigit holiga solib qo‘yadi. Yelkadagi shayton tinmay shivirlab,
«uning quchog‘iga otil», deydi. Ammo bu ishvalar, bu shivirlar Zohidga hukm o‘tkaza
olmaydi. Chunki o‘sha ishva bilan uning orasida akasining ruhi bor. Ishvaga uchsa —
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |