www.ziyouz.com kutubxonasi
62
deb bilgan odamga bu idora, uning xodimlari, ularning muomalalari g‘alati tuyulardi.
Odamni bu darajada xo‘rlash, bu darajada kalaka qilish, bu darajada tepkilash
mumkinligini tasavvuriga sig‘dirolmas edi. Bu xo‘rliklarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, tanasida
his etgan bo‘lsa ham, ishongisi kelmasdi. Hozir qaldirg‘och mo‘ylabli yigitning yana bir
marta «Siz ozodsiz», deyishini kutdi. Ammo yigit onasidan kamgap bo‘lib tug‘ilganmi, yo
unga rahbarlari «faqat bir marta aytasan bu so‘zni» deb qattiq tayinlashganmi, yo bu
shirin so‘zning qimmati falon so‘mu bu pulni to‘lashga Sharifning qurbi yetmasligini
bilgani uchunmi — har holda takrorlamadi. Shunda Sharifning bag‘ri yondi. Noshukur
banda! Rahmat, deb chiqib ketavermaydimi?! Hozirgina o‘limiga rozi bo‘lib o‘tirgan odam
birdan haqiqatni aytgisi kelib qoldi. «Nimaga meni bu azobga giriftor qildinglar, nima
haqlaring bor edi, qilg‘iliqni qilib qo‘yib, uzr so‘raydigan tillaring uzilib tushganmi?!»
demoqchi edi. So‘z boshladi ham:
— Nimaga...
Har tugur yigit gapirgani qo‘ymadi:
— Nimagaligini uyingizga borganda bilasiz. Yaxshi odamlarning nazari sizga tushibdi.
Bo‘lmasa urug‘-aymog‘ingiz bilan qamoqda chirirdingiz. Boring, gapni cho‘zmang, —
yigit shunday deb bir parcha qog‘oz uzatdi.
Sharif qog‘ozga qo‘l uzatgan edi, orqasidagi soqchi chaqqonlik qilib, qog‘ozni undan
avvalroq oldi-da, yelkasiga «yur» deganday turtib qo‘ydi.
Sharif darvoza eshigidan tashqariga chiqib ikki-uch qadam yurgach, to‘xtab, o‘girildi.
Tepasi sim to‘siqli devor balandligini chamalaganday uzoq tikildi. Shu payt yonida
sutrang «Jiguli» to‘xtab, xayolini buzdi. O‘zini chetga olishiga ulgurmay mashina eshigi
ochildi.
— O‘tiring, okaxon, — dedi jingalak sochli yigit, mehribonlik bilan.
— Rahmat, uka, ovora bo‘lmang, — dedi Sharif. U «yigit biror tanishimning yo ukasi
yoki o‘g‘li bo‘lsa kerak, tasodifan ko‘rib qoldi», deb o‘yladi. Qamoqdan chiqa solib
tanishga uchraganidan hatto xijolat bo‘ldi. Odamlar aybi bormi yo yo‘qmi deb mulohaza
qilib o‘tirishmaydi. «Qamoqda o‘tirib chiqqan», deb, ola qarashadi.
— O‘tiring, — dedi Jamshid. Bu safar uning ovozida mehribonlik emas, qat’iylik, amr
ohangi zohir edi. Garangsib turgan Sharif buni sezmadi. Jamshidning atayin kutib
turgani ham uning xayoliga kelmas edi.
— Men eski shaharga boraman, — dedi Sharif.
— O‘tiring, o‘sha yoqqa ketyapman.
Sharif «unda mayli, sizni ovora qilmas ekanman», deb mashinaga o‘tirdi. Tanish yigitlar
hech bo‘lmasa hol-ahvol so‘rab qo‘yishardi. Bu esa miq etmay ketyapti. Sharif shundan
ajablanib, so‘radi:
— Uka, sizni tanimayroq turibman?
— Tanimaysiz. Bir yaxshi odamni duo qilavering. Shu odam sizga muruvvat qilmasa,
qamoqda chirib ketardingiz.
«Yaxshi odamlarning nazari tushibdi...» Sharif qamoqxonadagi qaldirg‘och mo‘ylovli
yigitning gapini esladi. Kim ekan u yaxshi odam, nima uchun unga muruvvat qilyapti?
Sharif yaxshilik qilishi mumkin bo‘lgan tanishlarini bir-bir eslashga urindi. Uning
tanishlari orasida bunchalar qo‘li uzun odam yo‘q edi. Qilich Sulaymonov-chi? Avval
qamoqqa tiqib, so‘ng olib chiqib qudratini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘ldimi? Shu fikr
Sharifga to‘g‘riday tuyulib, so‘radi:
— Yaxshi odam... Qilich Sulaymonovmi?
Yigit javob bermadi.
— Asadbekmi?
— Sergap odam ekansiz! — yigit shunday deb jerkib berdi.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |