www.ziyouz.com kutubxonasi
70
qutulib ketadi. Sen esa nomus azobida to‘lg‘anib qolaverasan. Sen hozir uning
gunohlaridan o‘t. Ammo shunday qilginki, umri azobda o‘tsin. Vaqti kelib oyog‘ingga
bosh ursin, tavbalar qilsin. Ana shunda o‘ldirsang xumordan chiqasan. O‘lsang, ko‘zing
ochiq ketmaydi...»
Shu ovoz Asadbekni ushlab turibdi. Nomus azobiga chidashga majbur etyapti. Jalilning
uyiga boshlab kelgan ham shu ovoz. Agar oshnasi «ularni qirib tashla» desa bas, yangi
yilning birinchi kuni qonlar to‘kish bilan boshlanadi. Asadbek Jalilning bunday demasligini
biladi. Bilgani uchun ham uni qora tortib keldi.
3
Dunyoda eng shirin narsa nima, deb so‘ralganda «uyqu» deb javob berishgan ekan. Bu
gap ham to‘g‘ri. Biroq bolalik xotiralarini eslash lazzati uyqudan ham mazaliroqdir.
Chunki yosh o‘tgan sayin, bolalikdan uzoqlashganingiz sayin o‘tgan kunlarni
eslayverasiz, entikaverasiz. Ayniqsa jon-jo‘ralar uchrashganda uyquni ham tark etib,
uzun kechalar xotiralar ixtiyoriga berilishadi. Asadbek bilan Jalilning bunday kechalari
ko‘p bo‘lgan.
Jalil oshnasi ko‘nglidagi g‘uborni ana shu xotiralar yordamida quvmoqchi bo‘ldi. Lekin
eng yorqin voqealar ham Asadbek ko‘ngliga ravshanlik bermadi. U tund qiyofada
o‘rnidan turib, Jalil bilan xayrlashdi. Jalil uni kuzatib ko‘chaga chiqdi. Asadbek mashina
sari yurganida orqadan Jalilning ovozi keldi:
— Ko‘chada Asadbekka o‘xshab yur, shunchalik cho‘kasanmi?
Bu gapni eshitib Asadbek qaddi bukilib qolganini sezdi. Jalil hech qachon uning qudratini
pesh qilib gapirmagan edi. Hozirgi aytgani... «Asadbekka o‘xshab yur...» Mana shu gap
unga dalda berganday bo‘ldi. Qaddini tikladi. Chuqur nafas oldi. Mashina eshigini
ochgach, orqasiga o‘girildi.
— Qorangni ko‘rsatib tur. Odamlarning oshnasiga o‘xshab yo‘qlashni qachon o‘rganasan?
Jalilning sanchib oladigan javobi tayyor edi-ku, ammo birodarining ahvol-ruhiyasini
o‘ylab tilini tiydi. Jilmayib, bosh irg‘ab qo‘ya qoldi.
Asadbek hovliga qadam bosgach, oshxonadan chiqayotgan qiziga ko‘zi tushdi-yu,
beixtiyor to‘xtadi. Qizi ham uni ko‘rib bir on harakatsiz qoldi. So‘ng past ovozda salom
berib, shoshganicha iziga qaytdi. Ota bilan qizning nigohlari bir soniyagina uchrashdi.
Go‘yo to‘satdan yashin chaqnab qorong‘ilik bag‘rida o‘rtanayotgan ikki xasta dilni yoritib
o‘tganday bo‘ldi. Yashin nuri so‘nishi bilan ularning har biri o‘z jahannamiga, yana o‘tda
qovurilish, azoblanish uchun qaytdilar.
Qiz nima uchun otasi oldiga yugurib kelmadi, nima uchun bo‘yniga osilib ko‘z yosh
to‘kmadi, nima uchun nolalar qilmadi? Nima uchun dardini yutib jahannam azobini o‘ziga
ravo ko‘rdi? Asadbek qo‘rqib kutgan hodisa ro‘y bermadi. Ha, u qizi bilan uchrashishdan
qo‘rqayotgan edi. Qizi faryod urgan taqdirda ichini kemirayotgan vulqonning otilishi
tayin ekanini bilib, tashvishlanayotgan edi.
Asadbek qizini sira erkalamasdi. Kesakpolvon — g‘azabga minganida otasini ham
tanimaydigan qahri qattiq odam, oyda bir marta xotinini urib turmasa yegani ichiga
tushmaydigan jizzaki erkak — bo‘yi yetgan qizini haddan ziyod erkalab, yuzlaridan
chimdib, o‘pib qo‘yganida Asadbekning g‘ashi kelardi. Ba’zan tanbeh berib, ba’zan
«qizingni erga berganingda o‘zingni ham qo‘shib berasanmi», deb piching qilardi.
Kesakpolvon Asadbekning bunday gaplarini, pichinglarini qulog‘iga olmasdi. «Bu qizimni
o‘zim tuqqanman», deb tirjayardi, xolos. Kim, qanday tug‘ishini yaxshi fahmlaydigan qizi
otasining bu hazilidan yayrab, battar erkalanardi. Har to‘kisda bir ayb, deganlaridek,
begunoh odamning jonini sug‘urib olishda kiprigi qilt etmaydigan odamning farzandiga
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |