www.ziyouz.com kutubxonasi
73
orqali o‘zining ham ruhan «aziyat chekayotganini» ma’lum qilib qo‘yish edi. Ammo
Asadbekning qarashi uni shoshirib qo‘ydi. «Sizga qasd qilganlar past bo‘lsin, qizingizning
baxti ochilib ketadi, inshoolloh», deb diliga tugib kelgan gaplarini ham unutdi.
— Bitta xonaga joy qilib namozni boshlab yubordik. Butun mahalla duoi joningizni qilib
yotibdi. Suvoqchilar xonaqohdan chiqishdi.
Xabar Asadbekni mutlaq qiziqtirmayotganini sezib Karimulla jimib qoldi. Shu gaplarning
o‘zini aytib chiqib ketaverish mumkinmasdi. Shu uchun bir oz kalovlandi.
— Ayvonning... to‘siqlariga temir kerak ekan, borsak bermadi, zang‘ar. Limit-pimit
deydimi-ey...
— Temir senga hozir kerakmi? — dedi Asadbek tutoqib.
Shu topda Asadbekning ko‘ngliga bunday gaplar sig‘masligiga, umuman, mayda-
chuydalar bilan shug‘ullanish boshqa a’yonlarning ishi ekaniga Karimullaning kalta fahmi
yetarmidi?
Asadbek shart o‘rnidan turdi. Karimulla «tepib qoladi shekilli», deb qo‘rqib, o‘zini chetga
oldi. Asadbek eshik yoniga ilingan, shapaloqdek keladigan xorij telefonini olib, chiroyli
tugmachalarni bosib raqam terdi.
— Allo, kim bu? — degan erinchoq ayol ovozi keldi.
— To‘xtasin kerak, — dedi Asadbek jerkib.
— Uxlayaptilar.
— Uyg‘ot, g‘aflatni, Asadbek akam so‘rayaptilar, de.
— Voy, assalomu alaykum, hozir... Ana, turib kelyaptilar...
Yarim daqiqa o‘tmay xirildoq ovoz eshitildi:
— Assomaykum, Bek aka, tinchmisiz, omonmisiz, yangam...
Asadbek uning gapini shart bo‘ldi.
— Masjidga nima uchun temir bermading?
— Okaxon, limit...
— Ikki soatdan so‘ng temirlar masjidda bo‘lsin.
— Bek aka, ertaga ertalab...
— Ikki soatdan keyin masjidga chiqib ko‘raman.
— Axir bugun kranchi...
— O‘zing qo‘l bilan ortasan.
Asadbek gapni kalta qilib, telefonni joyiga ildi:
— Ikki soatdan keyin ustalaring joyida bo‘lsin.
Karimulla bu gapni eshitib, boshiga g‘avg‘o orttirganini bildi. Kirganiga ming pushaymon
yedi. Topshiriqdan qutulib qolish uchun bahona izladi.
— Ustalarning haqiga sal kamxarjroq bo‘lib qoluvdik. Chiqmaymiz, deb xafaroq bo‘lib
ketishibdi, — dedi mijg‘ovlanib.
Asadbek mahallaga yordam bo‘lsin, deb pul berardi, biroq sarf-xarajatlarni tekshirtirib
ko‘rmas edi. Bir hafta burun «mutavalli masjid haqini sichqondek kemirib yotibdi»,
degan gapni eshitib, «etimlarning haqidan qo‘rqmagan, masjid haqidan qo‘rqarmidi»,
deb g‘ijingan, lekin chora ko‘rishga shoshilmagan edi. Hozir shu gap yodiga tushdiyu
yanada tutoqdi:
— Ustalarning haqiga sherik bo‘lmaganingda yetardi.
— Bek aka, unday demang-a, astag‘firulloh!
— He, seni xudojo‘y qilib tuqqanni...
Karimulla o‘zini oqlashga kirishishning oqibati yaxshilik bilan tugamasligini anglab,
boshini egganicha jim qotdi. Mo‘’minlikning shunisi yaxshi-da. G‘azabga mingan odam
tutoqaveradi, so‘kaveradi, sen esa boshingni egib olib uning yetti pushtini ichingda
o‘qiyverasan. «Onangni!» deydi u, «onangning onasini qo‘shib...» deysan sen.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |