www.ziyouz.com kutubxonasi
75
— U-bu devdi, menam bir nima dedim.
— Bo‘pti, ko‘z-quloq bo‘lib turlaring. Uyga mayda-chuyda yubordingmi?
— Bo‘tqaning bolalari olib borishi kerak edi.
— O‘zing xabar ol.
— Bek aka, ko‘chada imom turibdi.
— Nima ishi bor ekan, yo tavba qilib kelibdimi?
— Bilmadim... eshitishimcha, «Volga»sini shumo qilib ketishibdi.
— Kim?
— Biznikilarmas.
— Topib, joyiga olib borib qo‘ylaring.
— Kirsinmi, yo javob berib yuboraymi?
— Kiraqolsin, balki boshqa gapi bordir.
Qotmadan kelgan, ko‘zlari ma’noli boquvchi, o‘zi yosh, biroq qop-qora quyuq soqol-
mo‘ylovi ulug‘roq ko‘rsatayotgan imom — Sobitxon qori nomi bilan shaharda e’tibor
qozongan edi. U imomlik qiluvchi kichkina, eski masjidga ba’zan odam sig‘may ketardi.
Qariyalar bu mulla yigitga ixlos qo‘yib, uni mahalla masjidi imomligiga chorlagan edilar.
Rad javobi olishgach, Asadbekning a’yonlari oraga tushishdi. Sobitxon o‘jar edi. Oxir-
oqibat Asadbekning o‘ziga ham yo‘q deyishdan qaytmadi. Asadbekka bu «olifta
imomcha»ning dimog‘dorligi yoqmadi. Sobitxonning: «Harom pullarga qurilayotgan
masjidda men namoz o‘qimayman», deyishi Asadbekni g‘azabga mindirsa-da, chora
ko‘rishdan o‘zini tiydi. Xalq orasida o‘zi haqida bo‘lar-bo‘lmas mish-mishlar yurganda bu
e’tiborli qorining boshidan birgina soch tolasi to‘kilsa malomatlarga qolishini bildi. To‘g‘ri
fikrlagan ekan — imom mashinasini o‘g‘irlatib, undan gumon qilibdi. Bu gap allaqachon
shaharga tarqalgandir...
Sobitxon ostona hatlab kirib, qo‘lini qovushtirgan holda, qiroat bilan salom berdi.
Asadbek beixtiyor ravishda o‘rnidan turib unga peshvoz chiqdi — qo‘shqo‘llab so‘rashib,
qizil duxoba qoplangan divanga taklif etdi.
— Keling, qori, qanday shamol uchirdi? — dedi Asadbek, fotiha o‘qilgach.
— Yaxshilik shamoli emas, — dedi Sobitxon unga tikilib.
— Hay, hay, qorijon, sovuq nafas qilmang.
— Sizni insofga chaqirish foydasiz ekanini bilsam-da...
— Qori, kelishib olaylik: siz meni insofga chaqirmang. Qanday yashashni o‘zimga qo‘yib
bering. Men haqmanmi yo nohaqmanmi — qiyomatda ma’lum bo‘ladi. Siz menga qozi
emassiz. Siz gapni chaynamay muddaoga ko‘chavering. Siz «Volga»ngizni o‘g‘irlatib,
alam bilan kelgan odamsiz.
— Ha, taqsir, topib gapirdingiz. Ammo siz tomondan g‘irromlik bo‘ldi bu ish.
— Nima, g‘irromlik?! Qori, avvalgi safar masjidga sarflagan pullarimni harom devdingiz,
endi g‘irromlik deysizmi? O‘ylab gapirasizmi gaplaringizni? Siz kimsiz o‘zi? To‘rttagina
surani ko‘z yumib yodlab beruvchi qorivachchasiz, Xudo emassiz! Sizning kitoblaringizda
tuhmatchini nima deyishadi? Tuhmatchining tilini kesish kerakmi?
— Astag‘firulloh! Tuhmat qilayotgan bo‘lsam kalomullo ursin!
— Kerak bo‘lsa uradi ham. O‘sha kuni indamagan edim. «Volga»ngiz borligini bilganimda
«xo‘sh, mening pullarim harom ekan, siz «Volga»ni qaysi halol pulga oldingiz?» deb
so‘rardim.
— Mening otam...
— Sizning otangiz Andijonda mashhur telpakfurush, bilaman. Telpakfurushlarning
nayranglarini ham bilaman. Shuning uchun halollik haqida boshqalar gapirganda siz
indamay yuravering. Xudoyiga borib, Qur’on o‘qib tugun uchiga necha pul tugilarkin, deb
yuradigan mo‘ltoni odamsiz-u, yana menga g‘irromdan gapirasizmi?
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |