www.ziyouz.com kutubxonasi
80
ketayotganini ko‘rib, ajablandi.
— Zohid? Ha, tinchlikmi?
Zohid o‘girilib, xijolatdan gap topolmay qoldi.
— Uyda yo‘qdirsiz, deb o‘ylabman, — dedi.
— Qo‘ng‘iroq ishlamayaptimi? — professor shunday deb tugmani bosdi. Birinchi,
ikkinchisida ovoz bo‘lmadi. Keyin qo‘ng‘iroq bulbulga o‘xshab sayrab berdi. Mana shu hol
Zohidni xijolatdan qutqardi. — Bolalar tugmani o‘ynayverib ishdan chiqarishganga
o‘xshaydi. Qani, kir. Kelayotganingni derazadan ko‘ruvdim. Kutdim, kutdim, daraging
bo‘lmadi. Yaxshiyam eshikni ochib qaraganim.
Zohidning ko‘ziga uy besaranjomroq ko‘rindi. O‘rtadagi stol ustida ko‘k plastmassa
chelak turibdi. Deraza tomonda ikki tog‘ora... Habib Sattorov Zohidning ajablanganini
ko‘rib kulimsiradi:
— Chakka o‘tib ketdi. Uchinchi qavatdagilarga jabr bo‘lmasin, deb shunaqa o‘tiribmiz.
Kecha quvurlar yorilibdi, uy isimayapti. Bolalarni qaynonamnikiga qo‘yib keldim. O‘zim
kechqurun Maskovga ketyapman. Vadim Petrovich ishga chaqirib, holi jonimga
qo‘ymayapti.
— Rozi bo‘lyapsizmi?
— O‘zimni-ku borgim yo‘q. Akademiyaga saylovdan keyin Sohib Po‘latovich zada bo‘lib
qoldi. Endi menga kun bermas. Birinchi qilgan yaxshiligi men olishim kerak bo‘lgan uyni
Kravchukka berdiribdi.
— Kim u Kravchuk?
— Kerakli, zarur mutaxassis! — Habib Sattorov shunday deb ko‘rsatkich barmog‘ini
osmonga nuqib qo‘ydi. — Institutning santexnigi.
Zohid Fanlar Akademiyasining muxbir a’zoligiga nomzodlar orasida Habib Sattorov bilan
Sohib Po‘latovlar borligini eshitib «chakki bo‘libdi» deb qo‘ygan edi. Bunaqa saylovlarda
olimning iqtidori emas, egallagan mansabiyu suyangan tog‘i muhimroq ekani unga
ma’lum. Saylovdan Sattorov ham, Po‘latov ham o‘tolmadi. Po‘latov, shubhasiz, bu
ko‘rgulikda Sattorovning aybi bor, degan xulosaga kelganu uni ikki xonali tor, sovuq,
chakka o‘tuvchi uyda yashashga mahkum etgan.
— Hozir ketsam, bo‘lmas, — dedi Habib Sattorov, — saylovdan o‘tolmagani uchun
arazlab jo‘navordi, deb g‘iybat qilishadi. Maskovga-ku ishga bormasman. Ammo
Kembrijga borishim kerak. Bir yilga chaqirishyapti. Dilimga tugib yurgan rejalarim bor,
o‘sha yerda bitirib kelaman.
— Po‘latov biladimi, buni?
— Eshitsa infarkt bo‘lishi turgan gap. Mana buni o‘qi, hali hech kim bilmaydi. — U kitob
javonini ochib, tik taxlangan kitoblar ustidan katta konvert olib uzatdi. — Inglizchani
bilarding, a?
— Sal-pal.
Zohid hijjalab o‘qidi:
— «Qadrli mister Sattorov! Sizni Kembrij dorilfununining faxriy professori bo‘lganingiz
bilan muborakbod etamiz. Xohish-istagingiz va imkoningiz bo‘lsa, Angliyaga kelishingizni
so‘raymiz. Sizni dorilfununimizda bir yil hamkorlik qilishga taklif etamiz. Taklifimizga
ko‘nsangiz, kontraktni imzolab jo‘nating...» Zo‘r-ku?
— Sekinroq aytasanmi?
— Men sizga dalda berib, ko‘nglingizni ko‘tarmoqchi edim.
— Be... uyni aytyapsanmi? Yo akademiyanimi?
— Unisini ham, bunisini ham.
— Unisiga ham, bunisiga ham xursandman, ochig‘i. Akademiyada kimlar borligini
bilasan-ku? Uyni Po‘latovich marhamati bilan olganimda baribir turishim qiyin edi.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |