www.ziyouz.com kutubxonasi
83
Har bir odam dunyoga o‘z ko‘zi bilan qaraydi, har bir narsani o‘z qarichi bilan o‘lchaydi.
Oqibatda o‘z idrokiga xos ravishda dunyo formulasini yaratadi. Shunday ekan, professor
bilan bu sohada bahslashishi foydasiz.
Zohid ustozining hovuri bosilishini kutib, indamay o‘tirdi. Oyoqlari uni bu tomonga
boshlaganda ko‘ngli taskin istagan edi. Qiziq, haqiqat uchun kurashish foydasiz degan
aqida bilan yashovchi odam unga qanday taskin berishi mumkin? U bir yil davomida
ingliz ilm ahlini lol qoldirib yuradi. Bu yerda esa kim kimni o‘ldiradi, kim mansab
kursisiga intilib hamkasbini yanchib o‘tadi, kim kimni kamsitadi — bu bilan ishi
bo‘lmaydi. Zohid shuni o‘ylab, ustozidan nafratlana boshladi. Hatto shartta turib, chiqib
ketgisi ham keldi. Biroq, farishtalar uning qilig‘iga «o‘zingni bos, axir kimdir ilm bilan
ham shug‘ullanishi kerak-ku? Adolat deb, to‘rt xonalik yaxshi uy olaman, deb, akademik
bo‘laman, deb bir nodon bilan olishsa, ilm nima bo‘ladi?» deya shivirlab uni shashtidan
qaytarardi.
3
Zohid professornikiga kirayotganida qanday tushkun holda bo‘lsa, chiqayotganida
yelkasidan bosib turgan dard yuki bir misqol ham kamaymagan edi. Mashina g‘ildiraklari
ostida ezg‘ilanib, kirlanib ketgan qor eriy boshlagan, go‘yo atrof balchiqqa
belanayotganday edi. Zaif qor uchqunlari esa bu ifloslikni qoplab ulgurmasdi.
Zohid uyga borsammi yo qishloqqa chiqib ketsammi, deb picha ikkilandi. Qishloqdan
kecha kechqurun keldi. Bugun borsa ota-onasi «nima bo‘ldi?» deb xavotirlanishadi. Uyda
hech kim yo‘q — xotini ishda, o‘g‘li boqchada... U yana oyoqlariga erk berdi. Bizga
shunday tuyuladi: go‘yo oyoqlarimizga erk beramiz, bu erkin oyoqlar bizni qaygadir
boshlab boradi, go‘yo qayoqqa borayotganimizni bilmaymiz. Holbuki, miyamizdagi
yashirin bir nuqta bu erkin oyoqlarni boshqaradi, «u yoqqa yurma, bu yoqqa yur», deb
turadi. Hozir Zohidning oyoqlari uni (go‘yo beixtiyor) vinzavod tomonga yetakladi.
Bilchillab eriyotgan qorlarni bosib, ko‘lmaklarni chetlab o‘tib, qorovulxonaga ham olib
kirdi.
Qorovulxona temir panjara bilan ikkiga bo‘lingan, panjara o‘rtasida bir qulochli aylana
temir eshikcha bor edi. Panjara ortidagi eski stol atrofida uch yigit davra qurib,
choyxo‘rlik qilib o‘tirardi. Ular Zohidga bir qarab qo‘yishdi-yu, indashmadi. Zohid ham
ularga qarab turaverdi.
— Ha, ukaxon, xizmat bormi? — dedi qo‘ng‘iz mo‘ylovli yigit.
— Qilich aka kerak edilar, — dedi Zohid.
Yaxshiki qorovul «nima ishingiz bor edi?» deb so‘ramadi. So‘rab qolganida Zohidning
dovdirashi tayin edi.
— Qilich akamlar bugun ishga chiqmadilar. Toblari yo‘q, — dedi qorovul.
«Bilmaydimi yo laqillatmoqchimi?»
— Sharif aka-chi?
Qorovul kulimsiradi.
— Sharif akangizga besh-o‘n yildan keyin kelasiz, ukaxon.
— Nimaga? — dedi Zohid ajablanganday.
— Safarga ketganlar, — dedi gapga aralashmay o‘tirgan qorovul yigitlardan biri. Uning
so‘zlarini ma’qullab, sheriklari kulishdi. Shu payt zavod hovlisiga olib chiquvchi eshik
ochilib, yelkasiga suvsar yoqali palto tashlab olgan do‘mboq juvon qorovulxonaga kirib
barchaning e’tiborini o‘ziga qaratdi.
— Salimchik, mana buni yopishtirib qo‘y, — dedi juvon qo‘ng‘izmo‘ylovli qorovulga bir
parcha qog‘oz uzatib.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |