www.ziyouz.com kutubxonasi
85
hammangiz... birsiz... Aslida erkak zoti qolmagan. Hammayoqni xotinchalish bosib
ketgan.
«Bu yog‘i zo‘r bo‘ldi-ku? — deb o‘yladi Anvar. — Nimaga shama qilyapti u, yo qarmoq
tashlamaganimgami? Qani, eshitaveray-chi...»
— Zo‘r bo‘lsangiz, aqlli bo‘lsangiz, haqiqatparvar bo‘lsangiz nimaga bu yerda miq etmay
o‘tiribsiz. Bu yerga yuborganlarga qarshi nima uchun bosh ko‘tarmadingiz? O‘rtog‘ingiz-
chi, u kim? Endi Asadbekka malaylik qilyaptimi? Siz chiqib kim bo‘lasiz? Siz ham
Asadbekning yalog‘ini yalaysiz. Yalamay ko‘ringchi!.. — Tabibboshi erimning kuni
boshingizga tushadi, demoqchi edi, lekin ro‘parasida hasratdoshi emas, begona erkak
o‘tirgani uchun bunday demadi. Birdaniga yorilib, shuncha gaplarni aytvorgani ham
yetarli edi.
Tabibboshi aslida Elchin kelib-ketganidan so‘ng aytmoqchi edi bu gaplarni. Sirtdan
qaraganda beg‘am, hayot lazzatlaridan bahramand yashayotganday ko‘ringan bu
do‘mboq ayolning ichi hasratga to‘la edi. To‘g‘ri, yemoq-ichmoqdan kam-ko‘sti yo‘q.
Lekin ayol kishiga shuning o‘zi yetarlimi? Qimorboz bo‘lsa ham eri bor edi. Ertaga qaysi
erkak erkalar ekan, degan o‘yda yashamasdi. Yetim to‘shakka kirganida ko‘kraklari
o‘rgangan qo‘lni qo‘msab zirillaydi. Kelinlik chog‘lari o‘rganolmay qiynalgan aroq va
sigaretning aralash qo‘lansa hidini ham sog‘inadi. Uning dardini faqat yostiq biladi.
Ko‘zyoshlarga aylangan hasratni yostiq bag‘riga singdirgan. Yer qon ichib
to‘ymaganidek, yostiq ham hasrat ko‘zyoshlarini ichib to‘ymaydi.
Soppa-sog‘ yigit-qizlarning bu yerga yotqizilishiga u ko‘nika boshlagan edi. Ayniqsa
jinoyat qilib qo‘ygan yoki harbiydan qochirilganlar bu yerga tez-tez keladi. Tabibboshi bu
holdan iztirobga tushmasdi. Lekin hech qanday jinoyatga aloqasi yo‘q, faqatgina to‘g‘ri
gapni aytishni yaxshi ko‘ruvchi odamlar keltirilganda o‘zini qo‘yarga joy topolmay
qolardi. To‘g‘ri, u ruhiy xastaliklar bo‘yicha mutaxassis emasdi. Lekin odamning ko‘ziga,
so‘zlariga qarab es-hushi joyidaligini ajratish qiyin emas-ku! Anvarni dastlab ko‘rganida
ham esi butunligini bildi. Keyin ish joyi, kasb-kori bilan qiziqdi. «Bu yigitning kasali —
haqiqat», deb o‘zicha tashxis qo‘ydi. Tabibboshi bu esi sog‘ odamga achinsa, u «necha
kilo go‘sht qilarkinsiz», deb masxaralab yuribdi. Tabibboshining alami shundan edi.
Gapirib sal xumordan chiqqanday bo‘ldi.
Anvarga, shubhasiz, uning kechinmalari begona edi. Tabibboshi u uchun zanjirning bir
halqasi edi xolos. Ayolning gaplarini alamga to‘la yurak sadosi sifatida emas, shunchaki
gina kabi qabul qildi. Tabibboshining «Asadbekning yalog‘ini yalaysiz», degani
tovonigacha zirillatib yubordi. «Siz-chi, kimnikini yalaysiz, xalqlar otasinikinimi?»
demoqchi bo‘ldi-yu, shu gapni aytsa bahs cho‘zilishini bilib o‘zini tiydi. «Jinnixona
malikasi» deb nom olgan bu do‘mboqqina ayol bir nimalar deb valdirasa javob qaytarish
shartmi, balki meni sinamoqchidir, balki gap olmoqchidir, balki uchinchi qavatga
«ko‘tarish» uchun zamin hozirlayotgandir...» Anvar shu fikrlar bilan o‘zini ovutdi.
Tabibboshi Anvardan sado chiqmagach, gapim ta’sir qildi, degan xulosaga kelib: «Xayr
bo‘lmasa», dedi.
Anvar bosh irg‘ab o‘rnidan turdi. Bir-ikki qadam qo‘yib, orqasiga o‘girildi.
— Ko‘rishgunchami? — dedi kulimsirab.
Tabibboshi bu gapni eshitib, tutaqib ketdi:
— Odam emasakansiz! — deb yuzini chetga burdi.
2
Havo aytarli sovuq emasdi. Ammo qor uchqunlarini o‘ynatib yurgan shamol «ust-
boshingning qalinligi menga cho‘t emas, baribir qaqshataman», deganday odamlarga
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |