www.ziyouz.com kutubxonasi
87
vaqt bor. Tezgina kiyinib yo‘lga tushdi.
Anvar tanchaning issig‘ida huzurlanib o‘tirganida akasi kirib keldi. Quchoqlashib
ko‘rishdilar.
— Xafa bo‘lma, seni yo‘qlab bormadim, — dedi Habib. U ukasiga «borolmadim» emas,
«bormadim», dedi. Anvar uning maqsadini tushunib, kulimsirab bosh irg‘ab qo‘ydi.
Biroq, Risolat kampir «bormadim»ning ma’nosini anglamay, to‘ng‘ichiga tanbeh bera
ketdi:
— Voy, omon bo‘lgur, ukang shuncha yotib bi-ir martayam bormadingmi? Senki,
bormagansan, xotining o‘zingdan besh battar. Voy, man bilganimda sanlarni bi-ir
qovurib tashlardim-a! Voy, san insofi yo‘qlar...
— Oyi, — dedi Habib norozi ohangda, — qo‘ying endi.
— Nimaga qo‘yarkanman? Hali xotining kelsin. Sen unga maslahat solgansan. U
«qo‘ying, nastraenayz buziladi» degan. San laqma, ko‘ngansan.
— Oyi, kennayim bordilar, — dedi Anvar vaziyatni yumshatish uchun. — Akamni
urishmang, ishlari ko‘p.
— To‘g‘ri aytding, ishlarim ko‘p. Lekin ishim kam bo‘lganida ham bormas edim. Sababini
o‘zing bilasan.
— Sababini manam bilay-chi, qani ayt-chi, tillaring muncha shirin!
— Mening tilim shirin, oyi. Mana buningizniki zahar. Shu tili yetaklagan uni u yoqqa.
Buningiz kasalmas. Buni miyasinimas, tilini davolash kerak.
— Shunaqa do‘xtir bo‘lsa birga boraylik, — dedi Anvar quvlik bilan, — suyakli tilingizni
sal yumshatib bersin. Tilingiz «a» kvadrat, «b» kvadratdan boshqani aytishga
yaramaydi.
— Oyi, meni urishishga chaqirtiruvdingizmi? — dedi Habib, bir oz achchiqlanib.
— Seni urishib turish kerak. Hamma ayb o‘zingda. «Ukam o‘zi xohlagan kasbni
tanlasin», deding, yoningga olmading. O‘zing do‘xtir bo‘lib olib gerdayi-ib yuribsan. Yetti
yot begona bolalarni olim qilib yubording. Ukangning biri ikki bo‘lmay sarson.
— Buningiz karra jadvalini bilganda ham mayli edi... Ha, nimaga ishshayasan?
— Qo‘ying, bu gaplarni. Oyim bir gapirdilar-da. Maskovga ketyapsizmi?
— Ha, MGUda bir oy dars o‘taman.
— Domlangiz hali ham chaqiryaptimi?
— Chaqiryapti.
— Borasizmi?
— Balki borarman, senga nima?
— Maskovda haqiqat bor, deb o‘ylaysizmi?
— Menga haqiqat emas, ilmiy ish uchun sharoit kerak.
— Haqiqat yo‘q yerda sharoit ham bo‘lmaydi. Domlangiz boshingizni silagani bilgan
«qora-quralar nasibamizni yeb ketyapti», deydiganlar ko‘p u yerda.
— Sen safsatangni qo‘y. Hozir bittasi kelib boshimni qotiruvdi.
Xonzoda kirib, ularning suhbati uzildi.
— Mehmonxonaga dasturxon soldim.
— Vo-ey, Xonzodaxon, eringizni olib chiqib ketmaguningizcha ko‘nglingiz tinchimadi-ya!
— Risolat kampir shunday deb fotiha o‘qidi-da, o‘rnidan turdi. Ikki o‘g‘il ikki qanotida,
hovliga chiqdi.
Onaga ikki qanot bo‘lib turgan o‘g‘illarning faqatgina sohasi boshqa emas, dunyolari ham
o‘zgacha. Katta qanot ohista uchishni xush ko‘radi. Kichigi charx urishni, o‘zini dovul
bag‘riga urishni istaydi. Ona uchun esa olimi ham, isyonchisi ham bir — har ikkovi
farzand! Habib Ingliston qirol akademiyasi a’zoligiga erishib, Nobel mukofoti bilan
taqdirlangan, Anvar mamlakat jumhurraisi darajasiga yetgan taqdirda ham ona uchun
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |