www.ziyouz.com kutubxonasi
89
ketmaysanmi? — shunday deb fotihaga qo‘l ochib uzundan-uzoq duo qilgach, Habib
uning yonoqlaridan o‘pib qo‘ydi. Ko‘chaga qadar kuzatib chiqqan ukasiga qo‘l uzatdi-da:
— Kalovlanib yurganing ham yetar, a? Avval haq gapni ayttirishmaydi, deb nolirding.
Yolg‘on gap bilan tarix ilmini yaratib bo‘lmaydi, derding. Endi ham sharoit yetilmadimi?
Hammayoqni oshkoralik bosib ketdi-ku? Shoirchiligingni yig‘ishtirib, ilm bilan shug‘ullan.
Keyin afsuslanasan. Bunaqa sharoit uzoq davom etmasa kerak, — dedi.
Anvar akasiga qarab jilmaydi-da: «Xudo poshsho!» deb qo‘ydi.
Akasini kuzatib kelib, onasi bilan ikki og‘iz so‘zlashishga ulgurmay, darvoza qo‘ng‘irog‘i
bir uzun, ikki marta qisqa-qisqa jiringladi.
— Hofiz o‘rtog‘ing keldi, — dedi Risolat kampir.
Anvar o‘rnidan turishga ulgurmay, hovlida Elchin paydo bo‘lib, «Mirzo Anvarbek!» deb
chaqirdi. Maktabda o‘qib yurishganida o‘rtoqlari uni «Mirzo Anvar», ko‘ngil qo‘ygan qizi
Lolani esa «Ra’no» deb chaqirishardi. Bolalik sururi moziyga ko‘chgan bo‘lsa ham Elchin
do‘stini erkalagisi kelganda «Mirzo Anvarbek!» deb yo‘qlar edi. Hozir ham lutf bilan
shunday deb kirib kelishi Anvarni iydirib yubordi.
— Opoqijon, quvonib o‘tiribsizmi? — dedi Elchin, kampirning duosini olgach. — Bir
oshnamdan xabar olay devdim, niyat xolis-da, o‘zi kelib qolibdi.
Anvar unga qarab «quvligingga qoyilman», deganday bosh irg‘ab qo‘ydi. U yo
tabibboshiga qo‘ng‘iroq qilgan, yo o‘zi yana borib kelgan. Anvarning qaytganini bilib
kirgan. «Niyat xolisligiga» kampirni ishontirdi, ammo Anvarni laqillata olmadi. Shunga
qaramay Elchin Anvardagi o‘zgarishlarga parvo qilmadi. Xuddi uni emas, opoqisi Risolat
kampirni ko‘rgani kirganday laqillab o‘tiraverdi. Anvarga «yaxshi keldingmi?» deyishdan
boshqa so‘z aytmadi. Kampirning yoniga o‘tirib olib, gapni ahvoli olamdan boshlab, so‘ng
barmoqlarini shaqillatib «yovvoyi tanovar»ni xirgoyi qildi. U gaplari bilan kampirni
charchatdimi yo ko‘pni ko‘rgan sezgir Risolat ikki o‘rtoqning o‘z gaplari borligini
fahmladimi, har nechuk Elchinning nafas rostlashini kutib turib, suhbatni uzdi.
— Endi men uyimga chiqay, o‘ruscha ustalingda belim qotib qoldi. Sanlar gurunglashib
o‘tiringlar. Ammo ichmanglar. Anvarimga sirayam yoqmaydi. San, hofiz bolam, to‘yma-
to‘y yurib, ichishga o‘rganib qolgansan. Sanam tashlagin ichkilikni.
— Otliqqa yo‘q-ku, hozir, — dedi Elchin kulib.
— Qassobga mol qahatmi, voy bolam, sanlarni bilaman-ku, tomoqlaring qichishsa
yerning tagidan bo‘lsayam topasanlar. Shiri-in gaplashib o‘tiringlar. Mana, Xudoga
shukr, san oqlanib kelding. O‘rtog‘ing ham keldi. Endi san uylangin, bolam.
O‘rtog‘ingning qayinsinglisini bi-ir ko‘rgin. Husni ham, aqli ham bebaho. Qaynonasi
noshukr banda ekan, sig‘dirmay turmushini buzdi. Bitta o‘g‘li bor — olamga tatiydi. San
xo‘p desang, bo‘ldi, bu yog‘ini manga qo‘yib beraverasan. Xudo xohlasa, baxting ochilib
ketadi. Ko‘nglim sezib turibdi, o‘rtog‘ingning ham baxti ochiladi. Shu bolamning bolasini
bi-ir o‘pib keyin o‘lsam armonsiz ketardim. Xudo «shu nevarangni ko‘rasan» deb jonimni
saqlab turibdi-da...
Risolat kampir keyingi gaplarini yig‘lamsirab aytdi. Qayinsinglisidan gap ochilganida
Anvar «Elchinboy katta odamga kuyov bo‘ladigan, juvonga emas, qizga uylanadigan
yigit, uni yerga urmang», deb bir uzib olmoqchi bo‘ldi-yu, onasining kayfiyati buzilganini
bilib, indamadi.
Farzanddan gap ochilsa, Anvarning ham yuragi siqiladi. Dastlab tanish-notanishlar
«bola-chaqa omonmi?» deb so‘rashganida o‘ng‘aysizlanib yurdi. Farzandsizlik katta
gunohdek tuyuldi. Shunda xotinining gapiga kirib davolanmoqchi ham bo‘ldi. Keyinchalik
bola boqib olishga rozilik ham beray dedi. Ammo yon-atrofdagi razilliklarga duch
kelavergach «shu azoblarga giriftor qilish uchun bola ko‘ramanmi», deb qaysarlik qildi.
Asta-sekin «bola-chaqa omonmi?» degan so‘roqqa bosh irg‘ab qo‘yar, kayfiyati yaxshi
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |