www.ziyouz.com kutubxonasi
90
bo‘lsa «yurishibdi do‘mbillab», derdi. «Bolalardan nechta bo‘ldi?» deb so‘rab qolinsa
«qaysi xotindan?» deb hazilga burvoradigan bo‘ldi. Faqatgina onasi gapir-ganda yuragi
siqiladi. Unga «umid qilmang», deya olmaydi. Go‘yo umid uzilsa, joni ham uziladigan-
day tuyuladi — «mayli, umid bilan yuraversinlar...»
Anvar onasini qo‘ltiqlab, hovliga olib chiqdi.
— Mani sudramay qo‘yvoraver, yo‘lni o‘zim topaman, — dedi kampir. — O‘rtog‘ingni
yolg‘izlatma. Ko‘nglini ko‘tar, boyaqishning. Bir amallab qayinsinglingni ko‘rsat.
Qudalarimni o‘zim ko‘ndiraman. Qamalgan bo‘lsayam yaxshi bola. — Kampir shunday
deb ko‘zi ochiq odamday o‘zi yurib ketdi. Anvar onasi uyga kirguncha izidan qarab turdi.
Risolat kampir ostona hatlab o‘tib orqasiga o‘girildi:
— Nimaga qoqqan qoziqday turibsan, kir ichkariga!
Anvar buyruqqa itoat etib, uy tomon qadam bosganida qo‘ng‘iroq jiringladi. Uch tavaqali
darvozaning o‘rta qanoti ochiq edi. Anvar qo‘l qovushtirib turgan qo‘shnisini ko‘rib,
chehrasi ochildi.
— E, kelsinlar, Hojiqori aka, — deb peshvoz chiqdi.
Risolat kampir mehmonning ovozini eshitib, uyi eshigini ochib, o‘sha yerda turib
so‘rashdi-da:
— Moshinangiz topildimi, qori bolam? — dedi.
— Topildi, xolajon, Xudoga shukr, topildi.
— Yaxshilikka buyursin. Halolga kelgan narsa yo‘qolmaydi. Qani, kiringlar, Anvarjon,
boshla uyga.
Elchin Sobitxon qorini avval ko‘rmagan, u haqda eshitmagan ham edi. Shuning uchun
«kim ekan bu mulla, nima qilib ivirsib yuribdi?» deb o‘yladi. Qorining ma’nodor ko‘zlari
unga kiborlik bilan boqqanday tuyuldi. Sobitxon qori qisqagina duo o‘qigach, Anvardan
hol-ahvol so‘radi.
— Ko‘chada mulla Habibxon akani ittifoqo uchratib, bu ko‘ngilxush xabarni eshitdim.
Mavridi bo‘lmasa ham, yo‘qlay dedim. Uzr, suhbatlaringizga xalal berdim. Sizni bir borib
ko‘rolmadim, buning uchun ham ming bor uzr. Ammo har vaqt duolarda jumla
dardmandlar qatorida sizga ham shifo tiladim.
— Qulluq, taqsir, bu... moshinaga nima bo‘ldi?
— E, nimasini aytasiz. Odamlardan iymon ko‘tarilsa shu-da. Hovlidan olib chiqib
ketishibdi. G‘aflatda qolibmiz. O‘zim yurgizolmay garang edim. Qanday minib ketishdi
ekan, hayronman.
— Qaytarishdimi axir?
— Qaytarishdi, binoyi yuryapti, deng, — qori shunday deb miyig‘ida kuldi.
— Tuzatgani olib ketishgan ekan-da, a? — dedi Anvar hazillashib.
— Koshki edi, koshki edi, — dedi qori jilmayib, — bu bir g‘alamislarning ishi. Asadbek
degan odamni eshitganmisizlar?
Bu gapni eshitib Anvar bilan Elchin ko‘z urishtirib olishdi. Qori buni sezmay, so‘zini
davom ettirdi:
— Shu odam deng, mahallasida masjid soldirayotgan ekan. Imomlikka chaqirtirdi.
Bormadim. Harom pullarga qurilgan masjidda namoz o‘qib, oxiratimni kuydirmayman,
dedim. — Qori keyingi gaplarni g‘urur ohangida aytib «boplapmanmi!» deganday
Anvarga qaradi. Anvar suhbatga qo‘shilishga ulgurmay kutilmaganda Elchin so‘z
boshladi:
— Chakki qilibsiz, birodar, — dedi u.
Sobitxon yalt etib notanish mezbonga qaradi. «Qori aka», «Hojiqori aka», «Domlajon»,
«Taqsirim» degan murojaatlarga ko‘nikkani uchun o‘zidan ikki-uch yosh katta odamning
«birodar» deyishi unga erish tuyuldi. Elchin undagi o‘zgarishni payqamay gapini davom
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |