Annotatsiya
Maqolada XIII-XIV asrlarda kampir obrazining jamiyatdagi oʻrni va unga boʻlgan munosabat aks ettirilgan. Shuningdek, kampir obrazi tarixiylik prinsipiga koʻra davrlashtirilib, “Qissasi Rabgʻuziy” asaridagi hikoyatlar misolida tahlil etilgan.
Tayanch soʻzlar: Qurtqa, kampir, enaga kampir, matriarxat, patriarxat, ekzogamik nikoh.
Xalq ogʻzaki ijodiyoti koʻp ming yillik tarixga ega boʻlib, insoniyat paydo boʻlgandan hozirgi kunga qadar unga hamrohu hamroz boʻlib kelayotgan eng qadimiy ijod turidir. Xalq ogʻzaki ijodida kishilarning tasavvur olami, orzu-intilishlari, yashash tarzi, hayotning taraqqiyot bosqichlari aks etib, ular turli-tuman homiy va yordamchi kuchlar, anvoyi xil timsollar vositasida tasvirlangan. Mana shunday qadimiy obrazlardan biri kampir obrazi ham folklor asarlarining eng yetakchi qahramonlaridan biridir. Bu obraz keng qamrovli murakkab obraz boʻlganligi tufayli yozma adabiyotda, xususan, Nosiriddin Rabgʻuziy ijodida ham kuzatiladi. Shuni aytish lozimki, kampir obrazi oʻzbek xalq ogʻzaki ijodida koʻpincha yalmogʻiz, jodugar, alvasti, ajina, sehrgar kampir, shum kampir atamalarida, “Qissasi Rabgʻuziy”da esa qurtqa shaklida tilga olinadi. “Qissasi Rabgʻuziy”da keltirilgan termin ogʻzaki ijodda faollashmagan boʻlib, bu soʻz XIII-XIV asrlarda xalq jonli tilida ishlatilgan, hozirgi kunda esa eskirib kampir ekvivalenti bilan almashgan arxaik soʻz. Yalmogʻiz obrazining genezisi, xususiyati, bajaradigan vazifasi, badiiy qiyofasi haqida koʻplab olimlar, xususan, O. M. Freydenberg “Mifiʼ i literatura drevnosti”, Melitenskiy “Poetika mifa”, I. Dyakonov “Arxaicheskiye mifiʼ Vostoka i Zapada”, “Folklor i etnografiya” asarlarida, I. K. Fedorovaning “Motiviʼ i obraziʼ volshebnoy skazki v folklore polineziysev” maqolasida, oʻzbek folklorshunoslaridan K. Imomov, B. Sarimsoqov, B. Jumaniyozov, M. Ishmurotov kabi olimlar ilmiy-tanqidiy fikrlar bildirishgan. Biz ham yuqorida sanab oʻtilgan olimlarning fikriga qoʻshilgan holda “Qissasi Rabgʻuziy” asarida uchraydigan qurtqa-kampir obrazining badiiy qiyofasini quyidagi guruhlarga boʻlib oʻrganishni maʼqul koʻrdik:
Matriarxat davri taʼsiri sezilgan kampir obrazi.
Patriarxat davri taʼsirida yaratilgan kampir obrazi.
Dunyoni ilmiy mushohada qilinishi taʼsirida yaratilgan kampir obrazi.
Insoniyat yaratilgan ilk davrlarda kishilar olamni oʻz dunyoqarashicha tasavvur qilishi natijasida har bir narsaning homiy kuchi bor, deb ishonishgan. Homiylarga sigʻinish, ulardan madad soʻrash, har qanday ishning ijobiy yakun topishida turtki boʻladi, oʻsha homiy kuch har qanday baloni, ofatni daf qilish qudratiga ega, deb uning sharafiga, hattoki qurbonliklar keltirishgan. Bunda ibtidoiy odamlar tasavvurida, eng avvalo, homiy kuch deganda, ayollar gavdalangan. Qadimgi Polineziya xalqlarining ogʻzaki ijod namunalarida kampir obrazi osmon va yerning Xudosi sifatida tasvirlanib, hayotdan koʻz yumgan insonlarning ruhini narigi dunyoga olib oʻtishni nazorat qilgan.[1] Qadimgi Rimda goʻzal qiz Yunona osmon maʼbudasi boʻlib, nikoh rishtalarini bogʻlovchi, ayollarning toʻlgʻogʻini yengillashtiruvchi kuchga ega boʻlgan, deb tasavvur qilingan.[2] “Avesto”da berilgan Anaxita obrazi ham hosildorlik, yogʻingarchilik, homilador ayollarning ogʻirini yengil qiluvchi ezgu iloha ekanligi haqida maʼlumot bor.[3] Shimoliy Avstraliya afsonalarida ona urugʻi davrida qabila boshligʻi ayollar boʻlib, hosildorlikni paydo qilish, yomgʻir mavsumini chaqirish, shuningdek, ularning rangli ilonlar bilan bogʻliqligi haqidagi qarashlar mavjud.[4] Ayollarning turli kuch va xususiyatlarga ega boʻlgan ilohalar, deb tasavvur qilinishi turli xalqlar ogʻzaki ijodida keng tarqalgan hodisa boʻlib, germanlarda Siv, etruslarda Uni, greklarda Gera, Sharqiy semitlarda Asirat, xurritlarda Xebat, urartlarda Xuba, Baba, shumerlarda Pinlil kabi nomlarda uchraydi.[5] Shuningdek, oʻzbek xalq ogʻzaki ijodida ham Anbar ona, Sust xotin, Choy momo kabi obrazlar boʻlib, ular yomgʻir chaqirish, hosildorlikni taʼminlash, qut-baraka, yerning unumdorligini oshiruvchi, shamol chaqiruvchi homiy kuchlar, deb tasavvur qilingan. Xoʻsh, ayollar mavqeining mislsiz darajada balandligiga sabab nima? Nega bu davrda insonlar tasavvurida homiylar, ilohalar faqat ayollar tasvirida yaratilgan? Buning sababini topishda, eng avvalo, jamiyatda hukm surgan turli anʼanalar, qonun-qoidalar, urf-odatlarga murojaat qilamiz. Dastlab insonlar jamiyat boʻlib shakllanayotgan bir paytda ibtidoiy insonlar orasida ekzogamik nikoh turi avj oladi. Bunda oʻta yaqin qarindoshlar: ota bilan qiz, aka bilan singil, ona bilan oʻgʻil bir-biri bilan bemalol nikoh rishtasini bogʻlab, ikki, hattoki uch tomonlama qarindoshlik aloqasini bogʻlab, yaqin munosabatda boʻlishgan. Yaʼni oiladagi ayol bir vaqtda ham eriga, ham oʻgʻliga xotin, ham ona oʻrnida qabul qilingan.[6] Shu bilan birga, ayollar uyda oʻtirib bolalar tarbiyasi bilan shugʻullanishgan hamda erkaklarning ovga ketish oldidan ularni duo qilib (hattoki, magiya qilish qudratiga ega boʻlishgan), agar ov baroridan kelsa bu, albatta, oʻsha duo taʼsirida boʻlganligiga qattiq ishonishgan. Shuning uchun boʻlsa kerak, ularning taʼsiri jamiyatda nihoyatda katta boʻlgan. Buning taʼsiri oʻsha davrda kishilarning qahramoni sifatida tasavvur uygʻotgan yalmogʻiz obrazi paydo boʻlishiga asos boʻladi. Yalmogʻiz dastlab folklor namunalarida homiy kuch sifatida ijobiy qiyofada tasvirlangan. B. Jumaniyozovning “Oʻzbek xalq eposida yalmogʻiz obrazi” nomli dissertatsiyasida “yalmogʻiz” atamasi ona urugʻi davrida “nomaʼlum jasur qiz” degan maʼnoni anglatishini aytib oʻtgan.[7] Demak, yalmogʻiz obrazi dastlab hosildorlikni taʼminlovchi, yerning unumdorligini oshiruvchi, yogʻingarchilikni, shamolni chaqiruvchi, nabotot olamining homiysi hamda insoniyatning koʻpayishi, nikoh rishtalarini mustahkamlovchi, umuman olganda, yasharish va yangilanishni taʼminlovchi ezgulik va goʻzallik ilohasi, maʼbudasi sifatida butun dunyo xalq ogʻzaki ijodida keng tarqalgan. Mana shunday ayollarning ijobiy xislatlarga boy jihatlari “Qissasi Rabgʻuziy” asaridagi baʼzi obrazlar misolida ham yaqqol koʻzga tashlanadi. Bunda Dovud (a. s.) haqidagi qissa diqqatga molikdir. Haqiqatan ham mazkur qissa axloqiy-taʼlimiy jihatdan eʼtiborli boʻlib, biz buni Dovud (a. s.) va kampir dialogi misolida koʻramiz: “Aymishlar, Dovud yalavoch tunla oʻzin belgusiz qilib raʼiyatlardin soʻrar erdikim, podshoh sizing birla netak muomala qilur?.. Bir kecha andogʻ soʻzlayurda Mavlo taolo bir farishtani izdi, bir qurtqa surati uza. Andin soʻradi: “Podshohingiz netak turur?” teb. Qurtqa aydi: “Yavloq odil turur, onchasi bor kishilar molin yeyur”.[8] Kampirning toʻgʻridan-toʻgʻri bergan javobi Dovud (a. s.)ga qattiq taʼsir etdi, vijdonan qiynaldi. Shunda u yeydigan luqmasini oʻz mehnati bilan topish maqsadida Olloh taolodan biror hunar oʻrgatishini iltijo qilib soʻraydi. Hikoyatda epizodik obraz sifatida qatnashgan kampirning bir ogʻiz soʻzi kitobxonda unga boʻlgan iliq munosabatni uygʻotadi. Eng muhimi, kampir vositasida Dovud (a. s.)ga xos halollik, poklik, toʻgʻrisoʻzlik, odillik kabi fazilatlar ulugʻlanadi. Kampir esa toʻgʻrisoʻz, oqila ayol sifatida shohni ezgulik tomon boshlaydi, shohning toʻgʻri yoʻlni topishida vosita boʻlib xizmat qiladi.
Demak, hikoyatdagi kampir obrazi bosh qahramonga toʻgʻri yoʻl koʻrsatuvchi, oʻz qarorida sobit, qatʼiyatli obraz sifatida koʻz oʻngimizda gavdalanadi. Uning aynan shu xususiyati hikoyatlardagi kampir obrazi qiyofasida matriarxat davri belgilari saqlanganligini koʻrsatadi.
Davrlar oʻtishi natijasida ona urugʻi davrini sekin-astalik bilan ota urugʻi egallay boshlaydi. Bu hol ogʻzaki ijodda ham oʻz taʼsirini koʻrsatmay qolmadi. Endilikda doimo ijobiy obraz sifatida har narsaga qodir yalmogʻiz (nomaʼlum jasur qiz) qiyofasi oʻzgarib, salbiy qiyofadagi yalmogʻiz (yamlab yutadigan ogʻiz) folklor asarlarining bosh qahramoniga aylandi. Kampir obrazining ikkinchi davriy qiyofasi butun dunyo xalqlari ogʻzaki ijod namunalarida ham uchraydi. Masalan, Avstraliya ogʻzaki ijod namunalarida keltirilishicha, Mutinga nomli jodugar kampir boʻlib, u eʼtiborsiz qoldirilgan yosh bolalarni oʻgʻirlab yamlamasdan yutadi. Shuningdek, Mutinga kampir marosim paytida qornidan yamlamay yutgan bolalarning boʻlaklarini, parchalarini chiqarib, tiriltirib ular vositasida anʼanaviy marosimini oʻtkazgan.[9] Murinbat xalqi afsonalarida ham shunga oʻxshash motivlar koʻzga tashlanadi. Yaʼni unga koʻra, qadimda yarmi ayol, yarmi ilon koʻrinishidagi Kukpi nomli ayol boʻlib, u qorni ochganda erkak kishilarni oʻgʻirlab, jodulab yeydi.[10] Bu davr taʼsirida yaratilgan ogʻzaki va yozma adabiyot namunalari hozirgi kunga qadar turli ertak va afsonalar shaklida saqlanib qolgan.
“Qissasi Rabgʻuziy” asaridagi quyidagi hikoyatda ham yuqorida aytilgan fikr ifodasi mavjud. Yusuf (a. s.) qul sifatida Misrga keltirilgach, Azizi Misrning xotini Zulayho uni koʻrib sevib qoladi va Yusuf (a. s.)ni sotib olib, undan komi dil hosil qilmoqchi boʻladi. Biroq bu niyatiga hadeganda yeta olmagach, enaga kampiriga dardini aytadi. Enaga kampir Zulayhoga ona kabi mehribon, jonkuyar, shu bilan birga, oʻta ayyor va tadbirkor ayol. Uning bu xususiyati yalmogʻizning takomil varianti hisoblangan, hukmron tabaqaga xizmat qiluvchi maston obrazi qiyofasini eslatadi. Buni biz qurtqaning Zulayhoga bergan maslahatida koʻramiz: “Ey Zulayho, manga telim mol bergil. Ul molni xarj qilayin, boʻlgʻaykim tilakinga teggaysen”,[11] deb uy qurib, uning ichida Yusuf va Zulayhoning rasmini turli holatda chizdirib, uyni qimmatbaho toshlar bilan bezaydi. Enaga garchand Zulayhoning dardiga “davo” topgan boʻlsa-da, uning bu ishi Zulayhoning eri Azizi Misrga qilgan dastlabki xiyonati, deb baholanadi. Yozuvchi bu holatda enaga kampirga boʻlgan salbiy munosabatini xalq orasida keng tarqalgan “Yot qurtqani evga kirguzmak kerakmas. Agar qayu evga kirsa, buzmay chiqmas”[12] hikmatli soʻzi bilan ifodalaydi. Yuqorida keltirilgan hikmatli soʻzning shunisi xarakterliki, “unda tashqi qiyofani berish bilan birga, shu qiyofaga mos holda xarakter xususiyatlari ham qoʻshilgan. Bunday tasvir mastonning kelajakda qiladigan yovuz ishlaridan xabar beradi. Bu narsa folklor asarlari uchun xarakterlidir”.[13] Ijodkor yuqorida berilgan taʼrif bilan cheklanmaydi. Enaga kampirga xos yovuz ishlarni yanada boʻrttirib, yorqinroq chiqarish uchun salbiy buyoq bilan yoʻgʻrilgan lirik sheʼr keltiradi:
Erning balosi iki olam balosi – qurtqa,
Qurtqa qarib oʻlursa, solgʻil etini qurtqa.
Yot qurtqani evingda koʻrsang boshini kesgil,
Kuydur boshini oʻtqa, sovur kulini qortqa.
Qurtqa necha qarisun, toat qilib arisun,
Ev buzgʻali topunsa, boqmas oʻngiga ortqa.
Qurtqa buzar ming ishni, qayra tuzar tilasa,
Aning tegar balosi barcha mugʻulgʻa, sortqa.[14]
Sheʼrdagi qurtqa soʻzi omonim boʻlib, birinchi misrada qari kampir, ikkinchi misrada boʻri, uchinchi misrada koʻk (osmon) maʼnosida ishlatilgan. Tuyuq janriga xos boʻlgan tajnis soʻzlarning ishlatilishi sheʼrning badiiyligini kuchaytirib, salbiy obrazning nopok ishlarini boʻrttirib, yorqin tasvirlarda aks ettirgan. Hikoyatdan koʻrinadiki, ijodkor qissada paygʻambarlar faoliyati vositasida qurtqa-kampir obrazining shakl-shamoyili, jamiyatda tutgan oʻrni, bosh qahramonga munosabati kabi muammolarni ochib berishni bosh planga qoʻyadi. Qissadagi kampir obrazi badiiy funksiyasiga koʻra, yalmogʻizning keyingi vakillari hisoblangan maston kampirlarni eslatadi va asarda insonlarni yoʻldan uruvchi, uni toʻgʻri yoʻldan adashtiruvchi, jamiyatda razolat, qabohat urugʻini sochuvchi shaxs sifatida tasvirlanadi.
Inson ongi shakllanib, dunyoni ilmiy bilishga boʻlgan ehtiyoji ortgan sayin odamlar tasavvuridagi gʻayritabiiy obrazlar xiralashib, uning oʻrnida real hayotiylikka asoslangan obrazlar egallay boshladi. Tasnifimizdagi uchinchi turda kampir obrazining badiiy qiyofasi oʻzgaradi. Bu tur hikoyatlarda kampirlar na homiy, na har qanday ishda yomonlik, razolat, qabohat urugʻini sochuvchi yovuz jodugar qiyofasida namoyon boʻladilar, aksincha barcha insonlar bilan bir xil feʼl-atvorga ega, ular orasida yashovchi, baʼzan gunoh qilib afsus chekuvchi, baʼzan zulm koʻrib pinhon yigʻlovchi, baʼzan esa oldiga qoʻygan maqsadi yoʻlida hech narsadan qaytmaydigan insonlardan deyarli farq qilmaydigan murakkab obraz sifatida gavdalanadi. Bu turga qissadagi Misr shohining zaharlanishi haqidagi hikoyatni kiritish mumkin. Unga koʻra Rum shohi Misr yurtiga elchi yuborib, unga xiroj toʻlashini hamda nomiga pul zarb qilishini buyuradi. Biroq Misr shohi bu taklifni qatʼiy rad etadi. Shunda Rum shohi Misrga maxfiy aygʻoqchi yuborib, shohni oʻldiradigan odam topishni buyuradi. Aygʻoqchi Misrga kelib bir kampirnikida mehmon boʻladi. Suhbat asnosida kampir podshohdan noroziligini bildirgach, aygʻoqchi unga behisob mol-davlat evaziga podshohni oʻldirishni taklif etadi. Kampir bu taklifga bajonu dil rozi boʻladi va oʻzi bilan ona-bola tutingan shohning nonvoy hamda sharobchisini huzuriga chaqirtirib, ularga podshohni oʻldirishni buyuradi. Biroz vaqt oʻtgandan soʻng kampir agar shoh oʻlsa, oʻzga davlat podshohi kelib barchani qilichdan oʻtkazishini, shaharda xunrezliklar kuchayishini, butun yurt ahli xonavayron boʻlishini koʻz oʻngiga keltirib, boʻlgan voqeadan shohni boxabar etadi.[15] Eʼtibor qilinsa, kampir murakkab obraz sifatida qissadan oʻrin olgan. Dastlab kampirning podshohga boʻlgan shaxsiy xusumati tufayli qasd olmoqchi boʻlishi uni salbiy personaj sifatida tanitsa, shohning oʻlimi tufayli qanchadan-qancha begunoh insonlarning qoni toʻkilishi mumkinligi haqida oʻylari, naqadar ogʻir gunohga yoʻl qoʻyganligini fahmlab tezda gunohini yuvishga harakat qilishi ijobiy obraz deya baholashimizga asos beradi. Demak, yuqorida tahlil qilingan kampir murakkab obraz boʻlib, bajaradigan vazifasiga koʻra inson tabiatiga yaqin turadi.
Xulosa qilib aytganda, “Qissasi Rabgʻuziy” asarida kampir obrazi faol uchrovchi obrazlar sirasiga kiradi. Ogʻzaki ijod namunalaridan yozma adabiyotga koʻchgan bu obraz yozuvchining oldiga qoʻygan maqsadini yoritishda, bosh qahramonning oʻziga xos xususiyati, feʼl-atvori, paygʻambar sifatidagi belgilarini aniqlashda, XIII-XIV asrda ogʻzaki ijod namunalarida kampir obraziga munosabat qay darajada ekanligini koʻrsatishda va ilmiy xulosa chiqarishda yordam beradi. Yozuvchining bu obrazga murojaat qilishi qissaning emotsional boʻyoqdorligini oshirib, hikoyatlarni ertaklarga yaqinlashtirgan. Ayniqsa, qurtqa obrazining badiiy qiyofasi, uning bajargan ishlari, xarakter-xususiyatlari misolida bosh qahramon komillik darajasida tarbiyalanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:
Nosiriddin Rabgʻuziy. Qissasi Rabgʻuziy. – T.: Yozuvchi. 1990.
Freydenberg. O. M. Mifiʼ i literatura drevnosti. – M.: Nauka. 1978.
Melitenskiy Ye. M. Poetika mifa. – M.: Nauka. 1976.
Dyakonov I. Arxaicheskiye mifiʼ Vostoka i Zapada. – M.: Nauka. 1990.
Folklor i etnografiya. – L.: Nauka. 1984.
Zilola ShUKUROVA
“Sharq yulduzi”, 2014–5
Do'stlaringiz bilan baham: |