www.ziyouz.com kutubxonasi
69
— Qachon? Topilmadimi?
— Kecha o‘zlari tashlab ketishibdi.
— Kimligini bildingmi?
— Aniq bilmayman. Gumonim bor.
Jalil o‘yga toldi. Bir necha nafasdan so‘ng xo‘rsindi:
— Xudodan qaytibdi.
Asadbek boshini shartta ko‘tardi:
— Bu nima deganing?!
— Sen maishat qilgan qizlarning ham ota-onalari bor edi, ular ham ezilgandir, Xudoga
nolalar qilgandir. Xudo kar emas, bu ohlarni eshitgandir?
— Og‘zingga qarab gapir! Mening maishat qilganimni ko‘rdingmi?! — Bu safar
Asadbekning ovozi titrab chiqdi. Jalil uning ko‘zlariga qarab qo‘rqdi: bu ko‘zlarda g‘azab
uchqunlanayotgan edi.
— Ko‘rib nima, men sening mahramingmanmi, izingdan yuradigan. Eshitganman,
hamma gapiradi.
— Hamma gapirsa ishonaverasanmi, he... s-so‘tak! — Asadbek beixtiyor so‘kindi.
Boshqa vaziyat bo‘lganda Jalil qarzga botmay, darrov qaytarardi. Oshnasining vajohatini
ko‘rib, o‘zini tiydi.
— Bo‘pti, o‘zingni bos, — dedi u. — Qizing tirik ekan, Xudoga shukr qil.
— Jalil, — dedi Asadbek qahrli ovozda, — bilib qo‘y, men nomard emasman. Men itning
bolasi emasman, odam bolasiman. Birovlarning burnini qonatib lazzat topaman, deb
yurganim yo‘q bu dunyoda. Alamim borligini bilasan-ku. Bu ahmoq gapni boshqadan
eshitsam, xafa bo‘lmas edim. Sen ham shunday deding-a!
— Sen qilmagan bo‘lsang, bu ishni shotirlaring qilishadi. La’nat esa senga oqib
kelaveradi. Sen odamlar ko‘ziga bo‘ri bo‘lib ko‘rinasan. Yesang ham, yemasang ham
baribir og‘zing qon. Sen men bilan gap talashma. Bo‘ladigan gapdan gapir. Tumshayib
yuravermassan, axir. Nima qilmoqchisan?
— Hayronman...
— Gap qaynab chiqmasidan uzatvor qizingni.
Asadbek kechadan beri xayolning qaysi ko‘chasiga kirmasin, shu to‘xtamga kelayotgan
edi. Jalildan ham shu fikr chiqishini kutgan edi. Kutilgan fikr aytildi, ammo yengil
tortmadi. Chunki fikr aytmoq oson. To‘y qilish ham oson. Biroq, qizining yuzi yorug‘
bo‘ladimi — mashaqqat shunda. Kuyov bo‘lmish Asadbekning qahridan qo‘rqib hozir
indamasligi mumkin. Keyinchi? Zamon sahnasidan tushib ketgach, qizi xo‘rlanmaydimi?
Ko‘chaga haydalmaydimi? Sharmandalik libosiga o‘ralmaydimi? Asadbekning xavotiri
shunda. Siz «Xo‘sh, o‘zining or-nomusi-chi?» deyishingiz mumkin. Bir dono shoir «ota-
ona mehrisiz ham yashamoq mumkin, ammo mumkin emas nomussiz yashash»,
deganda ming karra haq. Asadbek ota-ona mehriga to‘ymay o‘sdi. Qizining o‘g‘irlanishi
— uning nomusiga tegishmagan taqdirda ham — ota-ona nomusining toptalishi bilan
barobar. Shunday ekan, Asadbek bunga qanday chidasin?! Chap yelkada o‘tirgan
shayton qasosga undaydi: «Qo‘lingni uzatsang yettinchi osmonga ham yetadigan
insonsan. Birov sening kosangga tuflabdi, oshi halolingni bulg‘abdi-yu, sen ezilib
yuribsanmi, kimdan gumoning bo‘lsa — yanchib tashla! Bugun qasos olmasang, ertaga
el oldida basharangga tupurishadi. Otangni olib ketishganda nochor eding. Ana shu
nochorlik seni bir umrlik armon o‘tida kuydiryapti. Endi ham nochormisan? Qon
to‘kmasang erkak emassan! O‘zingni ko‘rsat! Nomus uchun qon to‘kish lozimligini
erkaklarga eslatib qo‘y!!» Ammo qilich yalang‘ochlangan damda o‘ng yelkada o‘tirgan
Rahmon bila-gidan ushlab to‘xtatadi. Qon to‘kishga yo‘l bermaydi. «Gumoning to‘riga
o‘ralganlarni tig‘dan o‘tkazishing — ojizliging alomati. Gunohkor osongina jon berib
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |