www.ziyouz.com kutubxonasi
68
bitirishga odatlangan. Hozir ham oshnasining gapni maydalashiga toqat qilolmadi.
— Yorilsang-chi! — dedi u jerkib. — Mendan boshqa dardkashing bormi?
Asadbek Jalilga tikildi. Xuddi ro‘parasidagi odamni birinchi marta ko‘rayotgandek tikildi.
Gapirish oson. «Yorilish» — xotinlarga xos. Erkak dardini aytguncha to‘lg‘oq azoblarini
boshidan kechiradi. Ayniqsa Asadbekni ezayotgan dard birovga aytgulik emas. «Qizimni
o‘g‘irlab ketib, keyin tashlab ketishibdi», deyishga til aylanadimi? Erkaklik nomusi, ori
bunga yo‘l qo‘yadimi? Kecha Jalilni atayin yo‘qlatdi-yu, dardini aytolmadi. Bugun ertalab
vinzavod boshqoni taqdirini hal etib uyga ketaman, deganda tashqarida savdo rastasi
xo‘jayiniga yo‘liqdi. Xo‘jayin savdo ahliga xos tavozelik bilan so‘rashib, ikki qo‘lini
ko‘ksiga qo‘yib: «Bag‘ringiz to‘lib, xursand bo‘lib qoldingizmi?» dedi. Asadbek «Ha»
ham, «Yo‘q» ham demadi. Unga bir o‘qraydi-yu, mashina eshigini ochdi. Bu odam
qizining qaytganini eshitib, tabriklagani kelgan. O‘zicha bu odamgarchilikka kiruvchi
fazilat, odat. Asadbek uning laganbardorligidan bir g‘ashi kelgan bo‘lsa, befahmligidan
bir g‘azablandi. Qizini kimlardir o‘g‘irlab ketib, qandaydir ahvolda tashlab ketishadiyu u
xursand bo‘ladimi? Qiziga tegishmagan bo‘lishsa-ku, xo‘p-xo‘p... Yo‘qsa... tirik
qaytarishmagani ming marta afzal emasmidi... Asadbek mashinaga o‘tirgach, xayolida
boshqa gap o‘rmaladi — bu odam is olibdimi, demak, ko‘pchilik biladi. Bugun kechgacha
shaharga tarqasa ham ajab emas. Nima qilish kerak? A’yonlari bilan ish yuzasidan
maslahatlashadi. Ularni shu paytgacha oila sirlari, tashvishlariga tortmagan. Asadbek
uchun oila — muqaddas. Har kimning ham tumshuq suqaverishini xush ko‘rmaydi.
Chuvrindi uylangan yili «oilaviy bo‘lib o‘tirib turaylik», deganda, Asadbek «xotiningni
bozorga solmoqchimisan», deb gapni kalta qilgan, shu-shu oilaviy bordi-keldi masalasi
qayta tilga olinmagan edi. Ularning xotinlari faqat yo‘qlov, to‘y va ma’raka bahonasida
ko‘rishishar, «esonmisiz-omonmisiz»dan nariga o‘tishmas edi. Shunday ekan, qizining
endigi taqdirini a’yonlar bilan maslahatlashishi mumkinmi?
Asadbek Jalildan jo‘yali maslahat chiqar, degan ilinjda emas, balki taskin ilinjida kelgan
edi.
— Mish-mishlarni eshitgandirsan? — dedi Asadbek, oshnasidan ko‘z uzmay.
— Men mish-mish orqalab yuradigan xotinmasman,— dedi Jalil. — Sen bo‘ladigan gapni
gapir.
«Rostdan eshitmaganmi?»
Asadbek savoliga javob topmoq istagida Jalilning ko‘zlariga qaradi. Bu ko‘zlarda aldov
yo‘q edi.
Jalil oshnasining to‘lg‘oq azobida ekanini his qildi. Bu dardni hatto eng yaqin odamga
ham aytish og‘ir ekan, demak, ish chatoq. Jalil bir oz yumshoqroq gapirib, uning
ko‘nglini ovlash niyatida dedi:
— Kattaga katta dard yopishadi, gapir, o‘zingni qiynama.
— Katta dard deysanmi?.. Bilmadim... Shu paytgacha menga birov qo‘l ko‘tarmagan edi.
— Dunyoni bekorga charxpalak deyishmagan. Zamon o‘zgarib turadi, shunga aqling
yetmabmidi?
— Yetgan edi, lekin...
— Yetgan bo‘lsa, vaqtida etakni yop. Vaqtida ketsang — olam guliston.
Aytishga oson. Zamon sahnasidan tushishning o‘zi bo‘ladimi? Pastdagilar seni alqab,
boshiga ko‘tarib yurishga tayyor bo‘lsa, sahnadan dadil tusha olarkansanmi?
Tushishingni qo‘lda nayzalar bilan poylab turganlar-chi? Shu nayzalar borligini
bilmaganda Asadbek Jalilning maslahatiga muhtoj bo‘larmidi? Asadbek gapni
cho‘zishning hojati yo‘qligini anglab:
— Qizimni o‘g‘irlashdi, — dedi. Shu gapni aytdiyu uyatdan yonib ketay deb ko‘zini olib
qochdi. Aybiga iqror bo‘lgan gunohkorday boshini egdi.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |