www.ziyouz.com kutubxonasi
63
«Demak, o‘sha», degan qarorga keldi Sharif. Odam bolasining dushmani o‘z tili,
deganlaridek, tili jilovsiz bo‘lgani uchun Sharif ko‘p pand yerdi. Uning zo‘r ilmlarga
yetgan aqli oddiy haqiqatni tushunishga qosirlik qilib qolar edi. Kambag‘al yashashi,
ilmda olg‘a siljishda qiynalishi, unvonlardan benasib qolishi va nihoyat, qamoqqa
tushishida suyaksiz tilning ko‘p xizmatlari borligini tushungisi ham kelmas edi. Xotini
zorlanib «tilingizni tiyibroq yuring», degan paytlarida «Men indamay ketadigan qul
emasman», deb o‘jarlik qilardi. Boyvuchchalarning o‘tkir hidli atirini sepib, yasanib olgan
bu jingalaksoch yigitning «sergap ekansiz», deb jerkib berishidan uning o‘jarligi tutdi.
— O‘ttiz mingni ham o‘sha yaxshi odamga beramanmi?
Yo‘ldan ko‘z uzmay kelayotgan Jamshid orqasiga o‘girilib, unga ajablanib qarab oldi.
— Qanaqa o‘ttiz ming?
— Vaqti kelganda bilib olasiz, — dedi Sharif uning boyagi gapiga taqlid qilib.
— Bilib olamiz, xotirjam bo‘lavering, — dedi Jamshid uning pichingiga e’tibor bermay.
Jamshid mashinani Sharifning eshigi oldida to‘xtatdi.
— Ortiqcha valaqlamay, boshingizga g‘alva orttirmasdan uyingizda jim o‘tiring. Ertaga
ishga chiqasiz. Yaxshilab bilib oling, okaxon: sizni panohiga olgan odam kerak bo‘lsa
o‘ttiz mingdan o‘ttiz mingtasini boshingizdan sochadi. Agar uni xafa qilsangiz, urug‘-
aymog‘ingiz bilan, o‘ttiz bir ming tomiringizni quritib tashlaydi.
Sharif eshikni ochib, bir oyog‘ini yerga qo‘ygan damda bu gapni eshitib to‘xtadi. Tarang
tortilib turgan asab tomirlari battar qaqshadi.
— Meni qo‘rqitmang, — dedi ovozini ko‘tarib.
Jamshid, uni hayron qoldirib, javob bermadi. Sharif battar tutaqib, tili kalimaga kelmay
qoldi. «He onalaringni...» deb so‘kinib mashinadan tushdi-da, eshikni qarsillatib yopdi.
Sharif deyarli so‘kinmas edi. So‘kingan taqdirda hech bo‘lmasa jag‘i yorilishi
mumkinligini ham bilmasdi. Baxtiga u endi Asadbekning odamiga aylandi. Hozir
«onangni...» deyishi nima ekan, buning yoniga amma-xolalarini, opa-singillarini qo‘shib
so‘kkanida ham Jamshid lom-mim deyolmasdi. Jamshid Asadbekni ko‘pga hotamtoylik
qilishini biladi. Uning nazarida xo‘jayini Sharifni shunchaki panohiga oldi. Xo‘jayinning
e’tiboridagi odamga ola qarash mumkin emasligi unga oyday ravshan. Unga yana bir
narsa aniq — buyruqni ado etish chog‘ida begonalar bilan gaplashmasligi, ayniqsa, piri
Asadbek haqida biron so‘z aytmasligi shart. Hozir Sharifga po‘pisa qilib shu shartni
buzdi. Sharifning gapidan achchiqlanib, «xo‘jayin o‘ttiz ming so‘raydigan gadoy
emasligi»ni bildirib qo‘yish uchun chegaradan chiqqanini o‘zi ham sezmay qoldi.
Chegaradan hatlashga hatladi-yu, so‘ng afsuslanib, mum tishladi. Sharifning haqoratiga
parvo qilmay o‘tirishining ikkinchi sababi shu.
Sharif eshikni yopishi bilan «Jiguli» poygachi mashinalarday siltanib qo‘zg‘oldi. Yo‘lni
avaylabgina qoplayotgan qor to‘zg‘ib ketdi.
Sharif eshigi oldida turib qoldi. Oppoq g‘ishtdan qurilib savlat to‘kib turgan imoratlar
qatoridagi somon suvoqli pastak uyi ko‘ziga yetim boladay mung‘ayib ko‘rindi. Nazarida
egasi qamoqqa olib ketilganidan so‘ng uyi sharmandalik yukini ko‘tarolmay cho‘kibroq
qolganday tuyuldi.
Tuhmatdan qamalib, so‘ng ozodlikka chiqqan odam quvonchini ichiga sig‘dirolmay,
baxtidan yonib, hazor-hazor shukrlar qilib uyiga uchib kirishi kerak. Sharifda esa bunday
baxt, bunday quvonch yo‘q edi. U davlat qamog‘idan qutulgani bilan, ko‘rinmas to‘rga
chirmab tashlanganini, bu to‘r uni oqibatda batamom halok etishini sezib turardi. Mana
shu sezgi uni ozodlik baxtiga begona qilib qo‘ygandi. U yelkasidagi dard yuki bilan
ostona hatlab hovliga kirdi. Yo‘lakda bittagina iz — qor uchqunlari hali bu izni ko‘mib
ulgurmagan — demak, Nasibasi yaqinda ko‘chadan qaytgan.
Hovli etagida «oshxona» nomi bilan zikr etiluvchi bostirmaning eshigi zorlanib ochilib,
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |