www.ziyouz.com kutubxonasi
61
bo‘yniga oldi. Namozov begunoh. Sizga shuni aytgani kiruvdim. Ovora bo‘lib qog‘oz titib
yurmang. Omon bo‘ling, oshna.
— Direktor tuhmat qilgan bo‘lsa...
— Bu yog‘i bilan ishingiz bo‘lmasin, — yigit shunday deb, chiqib ketdi.
Zohid qanday o‘yin bo‘layotganini bilolmay hayron qoldi.
3
— Namozov!
Dilgir o‘tirgan Sharif soqchining amrli ovozini eshitib o‘rnidan qo‘zg‘oldi. Qamoqxonada
ezilib o‘tirish durustmi yo tergovchi bilan uzundan-uzun suhbat qurishmi — bilmasdi.
Tilla tishlari sug‘urib olingan odam ihrashlarini bas qilgan, ammo uning zorli ovozi
Sharifning quloqlariga muhrlanib qolgan edi. Kap-katta erkak odamning so‘yishga
mahkum etilgan buqaday o‘kirishi, so‘ng tul xotinday piqillab yig‘lashi, keyin omonatini
topshirishga qasd qilgan, so‘nggi nafaslari bilan ihranayotgan bemor kabi ovoz chiqarishi
faqat Sharifga atalganday edi. U bo‘kirganda ham, yig‘laganda, ihranganida ham
Sharifga «Ko‘rib qo‘y, sening boshingga ham shu tushadi. Seni azoblashdan avval
menda tajriba o‘tkazishyapti. Sening tilla tishlaring yo‘q, itdan battar xor bo‘lasan»,
deganday bo‘lar edi. Sharif uchun bir narsa qorong‘i — bu odam jon azobida
ingrayaptimi yo mol achchig‘idami? Har holda tillaning narxi hozir falon pul...
«Ish kuni» qarta o‘ynidan iborat bo‘lgan odamlar esa o‘z yumushlari bilan band.
O‘rtadagi bir tutam pul go‘yo shu qamoqxonadagilar taqdiri yozilgan hukm qog‘ozi. O‘y
surib yotgan, bir-biri bilan past ovozda gaplashib qo‘yayotgan, qattiq yostiqqa yuzini
bosib pinhona yig‘layotgan katta-kichik erkaklarning har biri istalgan paytda pul o‘rniga
tikilishi mumkin. Bu yerdagi mahbuslarning ishlari ham tergovda. Sudgacha hali fursat
bor. Qimor o‘ynovchilar tergovchi va hakamlarga nisbatan tez ishlaydilar.
Sharif o‘ziga atalgan hukm va ijroning qanday bo‘lishini o‘ylab, ezilib o‘tirganidi, soqchi
uni chaqirdi. Sharif yarim ochiq eshikka yaqinlashib orqasiga o‘girilib qaradi:
burchakdagilarning u bilan ishlari yo‘q, muhim muammoni hal etolmay garang
bo‘layotgan olimlar kabi jim o‘tirishibdi. Go‘yo soqchining ovozini eshitishmagan, go‘yo
Sharifni qulog‘igacha qarzga botirishmagan. Hatto ko‘ngil uchun ham bir qayrilib qarab
qo‘yishmadi-ya!
Soqchi dahlizdagi sherigiga Sharifni topshirib, o‘zi eshikni sharaqlatib yopdi. Sharif temir
zinalardan pastga, undan hovliga chiqdi. U tergovchi bilan uchrashuvga hozirlangan edi.
Soqchi Sharifni ikkita stol qo‘yilgan chog‘roq xonaga boshlab kirdi. Qaldirg‘och mo‘ylovli
yigit Sharifga faqiriga mensimay qaragan podsho kabi ilkis nazar tashlab qo‘ydi.
Podsholar bunday paytda faqirning ta’zim bajo aylashini, tiz cho‘kishini, tizzalab yurib
kelib oyoqlarini o‘pishlarini kutganlar. Bu mo‘ylabli yigit qadim shohlarning faqat
nazarinigina olgan, qolgan udumlardan «feodal sarqiti» sifatida voz kechgan deyish
mumkin emas. Agar Sharif hozir tiz cho‘ksa, faqirga lozim bo‘lgan ishlarni bajarsa, bu
«ko‘ngli bo‘sh» azamat yigit yo‘q demasdi. Har holda bu yigitning o‘zi hukmdor
bo‘lmasa-da, qarashlari va aytar so‘zi shohona edi.
— Namozov, siz ozodsiz. Ayblaringiz isbotlanmadi.
Sharif prokuratura tergovchisi bilan suhbatdan keyin «bu bir anglashilmovchilik bo‘lsa
kerak, tekshirib chiqarib yuborishadi», deb umid qilgan edi. Qamoqxona eshigi har
ochilganda yo soqchi tirqishdan mo‘ralaganda «meni chaqirisharmikin», deb najot ko‘zi
bilan qaragan odam «Siz ozodsiz» degan so‘zni eshitib ishonmadi. «Siz falon jinoyatni
qilishda ayblanasiz» deyish ham, «Siz ozodsiz!» deyish ham shunchalar osonmi?
Dunyoning lazzatini faqat ilm bilan shug‘ullanishda va oqibatda nimadir kashf etishda
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |