DESMURGIYA
(immobilizatsiyaning asoslari va prinsiplari)
Desmurgiya (yunoncha desmos – bog‘lam, bog‘lanish, ergon – ish, faoliyat) – jarohatlarni bog‘lashda qo‘llaniladigan qoidalar to‘g‘risidagi ta’limot. Gippokrat yashagan miloddan avvalgi IV–V asrlarda ham har xil tuzlar, vinolar va malhamlar bilan yaralarni bog‘lash usullari qo‘llanilgan. IX–XI asrlardagi arab manbalarida ham gipslash to‘g‘risidagi ko‘rsatmalar bor. Ularda yozilishicha, oyoq-qo‘llar singanda gips bo‘tqasiga botirib gipslangan. Antiseptika tatbiq etilgungacha bo‘lgan davrda yaraga lattadan titib olingan iplardan bog‘lam qo‘yilib, u ip-gazlama material yordamida bog‘lab qo‘yilgan. Dokali bintlarning paydo bo‘lishi bilan desmurgiya sohasida katta olg‘a siljish (progress) bo‘lgan.
Jarohatga yoki tananing qaysidir qismiga uni davolash maqsadida qo‘yiladigan narsalarning barchasi «bog‘ich» termini hisoblanadi. Bog‘ichni jarohatda ushlab turish va uni mahkamlash bog‘lash deyiladi. Boshqacha aytganda, bog‘lash bog‘ichni mahkamlashdir. Bog‘lov materiallarining quyidagi turlari ishlab chiqariladi: Tibbiy doka (tela medicinalis) – oqartirilgan, yog‘sizlantirilgan paxtadan qilingan gazmol. Dokadan bintlar, individual paketlar, sharchalar, tamponlar, salfetkalar va boshqalar tayyorlanadi. Bintlarning uzunligi 5 m dan 7 m gacha, kengligi 3 sm dan 16 sm gacha bo‘ladi. Aseptik bog‘lovlarning yaralarga va kuygan yuzalarga ishlatiladigan turlari farqlanadi. Sanoatda bog‘lovlarning quyidagi turlari ishlab chiqariladi: 1) katta aseptik bog‘lov. U 65x43 sm li o‘lchamga ega bo‘lib, momiq- dokali yostiqcha. Unga mahkamlovchi tasmalar taqilgan bo‘ladi; 2) kichik aseptik bog‘lov. 56x29 sm li o‘lchamga ega bo‘lgan momiq- dokali yostiqcha va 0,14x7 sm li doka bintdan iborat bo‘ladi; 3) momiq-dokali yostiqchalar. Ikki xilda ishlab chiqariladi: kattasi 32x29 sm li paketchasida 5 donadan, kichigi 17,5x16 sm paketchasida 10 donadan bo‘ladi. Bu yostiqchalarda bir qavat momiq ikki qavat doka orasiga solingan bo‘ladi. Bu yostiqchalar jarohatlarni va kuygan yuzalarni yopish uchun ishlatilishi mumkin; 4) steril dokali salfetkalar. Bevosita jarohat yuzasiga qo‘yish uchun ishlatiladi. Ikki xil o‘lchamda ishlab chiqariladi. Kattasi 70x68 sm li paketda 10 tadan, kichkinasi 16x14 sm li paketda 20 tadan bo‘ladi. Dokali salfetkalardan tashqari, travmatik kuygan yuzalarni bog‘lashga mo‘ljallangan viskoza to‘qimali salfetkalar ham ishlab chiqariladi;
5) ro‘molli bog‘lov, to‘g‘ri burchakli teng yonli uchburchak, o‘lchami 140x150 sm.
BOG’LAMLARNING TURLARI
Bog‘lamlarni mahkamlashning juda ko‘p usullari mavjud.
1. Qimirlamaydigan bog‘lam – shikastlangan sohaning hara-katsizligi va tinchligini ta’minlab berishi kerak.
2. Cho‘zuvchi bog‘lam – shikastlangan sohaning cho‘zilishini ta’min- lab berishi lozim.
3. Bosuvchi bog‘lam – tananing nosog‘ qismini bir tekisda bosib turadigan bog‘lam.
4. Antiseptik bog‘lam – o‘zidagi moddalari bilan bakteriyalarga qarshi ta’sir ko‘rsatishga mo‘ljallangan.
5. Himoya qiluvchi bog‘lam – jarohatning granulyatsiyalanish davrida qo‘llanilib, nozik granulyatsiya to‘qimasini qurib qolishdan va jarohatlanishdan saqlash maqsadida qo‘llaniladi.
6. Okkulyuzion bog‘lam – jarohatga havo kirishiga to‘sqinlik qiladigan bog‘lam. U ochiq pnevmotoraksda qo‘llaniladi.
Yumshoq va qattiq bog‘lamlar
Yumshoq bog‘lamlarga yelimli, ro‘molli, sopqonsimon, bintli bog‘lamlar kiradi. Qattiq bog‘lamlarga shinali va gipsli bog‘lamlar kiradi. Yelimli bog‘lamlar. Bog‘lamlarni teriga yopishtirish uchun kleol, kolloidli, yopishqoq plastirdan foydalaniladi. Ustun tomonlariga quyidagilar kiradi: bog‘lam qo‘yishning oddiyligi, terini qitiqlamasligi sababli uni qayta-qayta ishlatish mumkin. Kamchilliklari: terining tukli joylarida ishlatib bo‘lmaydi, qo‘llansa, teridan ko‘chib ketadi. Ro‘molli bog‘lamlar qo‘llanilishi jihati- dan eng oddiy bog‘lam turidir. Bu bog‘lam turi qo‘lning turli shikastlanishlarida (panja, bilak va yelka jarohatlarida) uni harakatsiz- lantirish maqsadida qo‘llaniladi. Ro‘mol paxtali matodan qilingan uch burchak material bo‘lib, uning uzunroq tomoni – asosi, qarshisidagi burchagi – cho‘qqi, 2 ta burchagi – oxiri hisoblanadi. Ro‘molcha yordamida barmoqlarga, qo‘l va yelkalarga, sut beziga, yelka, tos-son bo‘g‘imiga, bosh va tovonlarga turli xil bog‘lamlarni qo‘yish mumkin (14-rasm).
Agar qo‘lga ro‘molli bog‘lam qo‘yilsa, tirsak bo‘g‘imi 900 ga bukiladi. Ro‘molni jarohatlangan qo‘lning orqasiga shunday joylashtirish kerakki, uning asosi gavdaning o‘rta chizig‘iga to‘g‘ri kelsin, cho‘qqisi esa jarohatlangan qo‘lning tirsagi tomon yo‘naltirilgan bo‘lsin. Bunda ro‘molning bir uchi jarohatlangan qo‘lning bilagida yotsa, ikkinchi uchi tana bo‘ylab pastga osilib turadi. Pastga osilib turgan ro‘molning uchini ko‘tarib sog‘lom yelka orqali bo‘yining orqa tomoniga o‘tkaziladi va boshqa uchi bilan tugib bog‘lab qo‘yiladi. Ro‘molning cho‘qqisi uning oldingi qismiga ilgak tugma bilan mahkamlanadi. Ro‘molli bog‘lamning boshqa varianti ham bor: ro‘mol shikastlangan qo‘lning orqasidan emas, oldidan o‘tkaziladi. Ro‘molning bir uchi jarohatlangan qo‘lning oldidan o‘tib bilakni o‘raydi va bo‘yinga ko‘tariladi, ikkinchi uchi sog‘lom qo‘lning qo‘ltiq ostidan o‘tib, orqadagi birinchi uchi bilan tutashadi. Ikkala uchi shikastlangan qo‘lning yelka ustida tugib mahkamlanadi. Cho‘qqisi ilgak tugma bilan mahkamlanadi. Bunday bog‘lam qo‘llanganda ro‘mol qo‘lni tanaga mahkam va zich fiksatsiyalaydi, qo‘lning tinch holatiga yaxshiroq erishiladi. Kichik jarohat bog‘lamlarida ro‘molni galstuk ko‘rinishida buklash kerak. Qo‘lni osiltirib, ro‘molning ikki uchi katta bog‘lam kabi tugib qo‘yiladi. Tovondagi ro‘molli bog‘lam panja bog‘lamiga monand qo‘yiladi. Ro‘molning o‘rtasi oyoq ostiga qo‘yilib, cho‘qqisi barmoqlar orqasiga o‘tkaziladi, uchlari to‘piq yuqorisidan bog‘lanadi, cho‘qqisi bog‘langan uchlarning ostiga olib kelib qistiriladi. Boshga qo‘yishda ro‘molning asosi ensa tomonga yo‘naltirilib, cho‘qqisi peshonaga tushiriladi (yuzga ham), har uchala uchi peshonada bog‘lanib, cho‘qqisi qayirib bog‘langan uchlar tagiga qistirib mahkamlanadi. Sopqonsimon bog‘lam – bunday bog‘lamlar asosan burun, dahan, ensa va peshona sohasiga qo‘yiladi. Sopqonsimon bog‘lam deyilganda – o‘rtasi tutashgan va ikki tomoni uzunasiga kesilgan bint yoki boshqa matodan tayyorlangan bog‘lam tushuniladi. Ushbu bog‘lam qo‘yilganda, albatta, uning so‘ngi qismlari bir-biri bilan bog‘lanadi. T-shaklidagi bog‘lamlar chot va orqa chiqarish teshigi sohasiga qo‘yiladi. U keng doka tasmadan tashkil topib, uning bir tomoniga gorizontal tasma (belbog‘) mahkamlanadi. Dokaning pastki uchi bir oz uzunlikda 2 ta tasmaga ajratib qirqiladi. Gorizontal tasma tana atrofida aylantirib bog‘lanadi, vertikal qismi orqa tomondan pastga tushirilib, chot qismidan o‘tib, qorinning oldingi tomonidan belbog‘ga bog‘lab qo‘yiladi.
Bintli bog‘lamlar Bintlar ingichka (3–5–7 sm), keng (15–16 sm) va o‘rtacha (10–12 sm) bo‘ladi. Ingichka bintlar qo‘l va oyoq barmoqlarini; o‘rtacha bintlar boshni, panjalarni, bilakni, oyoq panjasini, boldirni; keng bintlar ko‘krak qafasini, ko‘krak bezlarini va sonni bog‘lashda ishlatiladi. To‘g‘ri qo‘yilgan bintli bog‘lam desmurgiyaning quyidagi asosiy talablarini qondirishi kerak: – tananing kasal qismini to‘liq yopishi; – qon va limfa aylanishini buzmasligi; – bemor uchun qulay bo‘lishi; – imkoniyat boricha estetik jihatdan chiroyli bo‘lishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |