www.ziyouz.com kutubxonasi
57
— Qani, og‘zingni och-chi?
Sharif yigitning amriga bo‘ysindi.
— I-e, — yigit ajablandi, lekin bo‘sh kelmadi, — unda kallangni sug‘urib olaman. Besh
mingga arziydimi o‘zi bu kalla?
— Og‘ayni, uyda besh mingim yo‘q mening. Men...
— Gapni cho‘zma. Yoz xatingni. «Besh ming topib bermasang, meni o‘ldirisharkan», deb
yoz. Agar bu ham senga yetmasa, bola-chaqang bilan qirib yuboramiz. Besh ming
topiladi, bola-chaqa topilmaydi!
Sharif chinakamiga qo‘rqib ketdi. Bu yigit hazillashayotganga o‘xshamaydi. Sharif
bunday qahri qattiq odamlarning qilmishlarini ko‘p eshitgan. Odamning kallasini olib
huzur topadigan bu bandalar shunchaki po‘pisa qilishmaydi. Sharif yigit uzatgan qalamni
olib ikkitagina jumla yozdi: «Onasi, menga besh ming juda zarur. Xatni olib borgan
odamga topib ber». Yigit xatni o‘qib jilmaydi.
— Vey, paxan, odam ekansan-ku, a? — deb yelkasiga urib qo‘ydi-da, eshikni taqillatdi.
Darcha ochilib soqchining yuzi ko‘ringach, xatni uzatdi.
— Shu akaxonimizning xatlari bor ekan, berib qo‘ying, duo qilamiz.
Sharif bu holatni ko‘rib lol qoldi. Bu yigit kim o‘zi — mahbusmi yo turmaning egasimi?
«Har holda pachakilashmaganim durust bo‘ldi», deb o‘ziga taskin berdi. Yigit uni
davraga boshladi. Sharifga ham qarta uzatdilar.
— Men... o‘ynamayman... bilmayman, — dedi Sharif kartani nari surib.
— Bilmasang, o‘rganasan, bundan oson ish yo‘q. Erkakmisan o‘zing? — dedi yigit qat’iy
ohangda. So‘ng Sharifning oldiga bir siqim pul qo‘ydi. — Bu qarz. Haligidan tashqari.
Sharif avvaliga bir oz yutdi. Yigit unga maslahatchi bo‘ldi. So‘ng yutqiziq boshlandi.
Qarzga berilgan bir siqim g‘ijim pul uchdiyu ketdi. Davradagilar hotamtoy edilar, bu
bechoraga rahm qilib qarzga o‘ynashga rozi bo‘ldilar. Tongga qadar «Sharif boyvachcha»
o‘ttiz ming so‘mlik qarzga botib, o‘rnidan turdi.
— Kennayimga yana bir xat yozasan. Pul uch kunda shu yerda bo‘lishi kerak, — dedi
yigit. — Bo‘lmasa...
— Bilaman, — dedi Sharif, — molim ham, jonim ham talonda.
— Ha, barakalla, bor, yozaqol.
Soqchiga yana bitta xat berildi. Sharif o‘rniga chiqib yotib o‘yga toldi. Boshi berk
ko‘chaga kirib qoldi desak, uncha to‘g‘ri bo‘lmas. Boshi berk ko‘chaga kirib qolgan odam
orqasiga qayrilib qaytib chiqib ketishi mumkin. Sharif nazarida boshi berk ko‘chaga kirib
qolmadi, balki naq jahannamning o‘ziga quladi, endi ortga yo‘l yo‘q. Shu yerda kuyib
kul bo‘lishi kerak. O‘zi-ku kuyib kul bo‘lishga mahkum etilgan ekan, oilasini nima
sababdan jahannam oloviga ro‘para qildi? Sharif mana shundan dog‘da edi. Endi nima
qilsin? Tergovchiga aytsinmi? U ham bularning odami bo‘lsa-chi? Tergovchining ko‘rinishi
binoyi, o‘zini rahmdil, haqiqatparvar qilib ko‘rsatyapti. Biroq... hamma baloni shular
boshlaydi — Sharifning birinchi uchrashuvdan chiqargan xulosasi shu.
Yangi yilning birinchi kuni Sharifni o‘ttiz minglik qarz botqog‘iga botirdi. Xotini bu pulni
qaerdan topadi, kimlarning ostonasiga bosh uradi — o‘ylab o‘yiga yetolmadi. Puldor
qarindosh-urug‘i, oshna-og‘aynisi ham yo‘q. Sinfdoshlari orasida boyvachchalar bor,
lekin ularni haromxo‘r deb bilib, hatto hazar qilib bordi-keldini yig‘ishtirib qo‘ygan edi.
Endi ular yordam berisharmikin?
Nonushtadan keyin Sharifning tungi «ulfatlari» dam olish uchun karavotlariga
cho‘zilishdi. Ularga xalaqit berishning qanday oqibatga olib kelishini barcha bilarmidi, har
holda aytadigan gaplarini pichirlab aytishdi, yursalar oyoq uchida, tovush chiqarmay
yurishdi. Tunda horigan mahbuslar peshingacha uxlab, xuddi kelishib olganday bir
vaqtda uyg‘onishdi. Bir-ikkitasi yuz-qo‘lini yuvgan bo‘ldi. Qolgani turiboq, bir esnab, bir
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |