Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
www.ziyouz.com kutubxonasi
161
Zohidga telefon qildi. Zohid xizmatga barvaqt kelgan edi. Telefonning jiringlashini
dahlizda eshitib, eshigini shoshib ochdi-yu, tez-tez yurib borib go‘shakni ko‘tardi.
— O‘rinbosarimni chaqirtirdim,
kecha oqshomda keldilar, — dedi boshliq,
salomlashgach. Zohid uning ovozida qandaydir horg‘inlik sezdi. «Kechasi bilan uxlamay
meni qidirganmi, nima balo?» deb o‘yladi.
— Dam olishning ham beliga tepibsiz-da, — dedi Zohid, yasama lutf bilan.
Lutf yasama
bo‘lsa-da, boshliqning vatanparvarlik tuyg‘ularini jo‘shtirib yubordi:
— Ishlaridan ishkal chiqib turganda dam olishga balo bormi? Men, ko‘nglim sezgan ekan,
boshidayoq «uzoqqa ketmang», devdim. Bu qari byurokratlarga qayta qurishning
mohiyatini tushuntirib bo‘lmayapti.
— O‘rinbosaringiz bilan qachon ko‘rishishim mumkin?
— Hozir desangiz, hozir yetib boradilar.
Boshliqning jonkuyarligi sababi Zohidga ayon edi. Bunaqa zotlar ishni qayta qurishga
emas, zamonga moslashtirishga usta bo‘lishadi. Idoraning har qadamiga qayta qurish
afzalliklari haqida shiorlar osib tashlashadi. Agar uylarida, aniqrog‘i, yotoqlarida,
yanada
aniqroq aytilsa — to‘shaklari ustida «Xotin — qayta qurish avangardi!» degan shiorga
ko‘z tushsa, sira ajablanmaslik kerak.
Zohidga ayon bo‘lgan sabab shuki, idoradagi moliyaviy nayranglarning bir uchi qonun
himoyachilariga endi ma’lum. Jalol Komilov nomiga yozilgan maoshu mukofotlar
hisoblansa, falon so‘m bo‘ladi. Uning hammasini,
shubhasiz, o‘rinbosar yemaydi.
Aksincha, eng kam ulush unga tegadi. Boshliq o‘rinbosaridan ko‘proq oladi, ammo u
ham o‘z navbatida yuqoriga uzatadi. Nyuton boshiga olma tushganida Yerning tortish
qonunini ixtiro etgan ekan. Kimyodagi zanjir reaktsiyasini topgan olim rahbariyatning
pora taqsimlash usuli va san’atidan ilhom olgan bo‘lsa ne ajab?
Boshliqning shu «zanjir reaktsiya» avjiga chiqmay turib, birinchi halqadayoq ishni bir
yoqlik qilish maqsadida ekanini eng landavur tergovchi ham tushunadi.
Xudoga shukrki,
Zohid undaylardan emas.
O‘rinbosar chindan ham tezgina yetib keldi. Yaratilganda Xudoda haqqini qoldirmagan,
deb shu bandaga aytilsa kerak. Xudo bo‘ydan urganida u eniga qo‘shtirib olgan, «falon
yoshida boshidan sochi to‘kilib kal bo‘ladi», deb yozug‘ bitilganida boshdan to‘kiluvchi
sochni ko‘kragiga, jag‘iga ko‘chirgan — ko‘krakdagi jun ko‘pligi va uzunligidan ko‘ylak
yoqasidan chiqib, ko‘rgan odamning g‘ashini keltirardi. Kunda ikki marta qirtishlamasa
bo‘lmaydigan soqol esa, yonoqlarining naq cho‘qqisiga qadar bostirib borgan. Yana bir
harakat qilsa, soqol deganlari kipriklaru qoshlarga qo‘shilib ketishi hech gapmas.
O‘rinbosarga salobat baxsh etib turgan ko‘zoynak gardishining pastki qismi aynan
soqolning o‘sha chegarasiga qadaladi.
O‘rinbosarning Yaratgandan undirgan eng ulug‘ ne’mati — ko‘zlari.
Bunaqa muloyim
boquvchi, uzun kipriklar bilan himoyalangan ko‘z qizlarda ham kam uchraydi. O‘rinbosar
Zohidning xonasiga kirdiyu darsga kech qolgan boladay boshini egib, yer ostidan qarab
qo‘ydi. Asta so‘z boshlasa, ko‘zlari shunchalar muloyim boqardiki, odam o‘ldirib kelgan
taqdirda ham hibsga olish haqidagi qarorga imzo chekishga qo‘l bormasdi.
U gavdasiga
monand semizgina jigarrang sumka ko‘tarib olgan edi. O‘rinbosar Zohidning ro‘parasiga
o‘tirib, sumkani tizzasiga qo‘ydi-da, «qamaysizmi yo rahm qilasizmi?» deganday
mo‘ltillab qaradi.
— Boshlig‘ingiz aytgandirlar, a? — dedi Zohid.
— Aytdilar, yaxshi ish bo‘lmabdi. Ammo biz bu pullarni o‘zimiz yeb yuborganimiz yo‘q.
Birovning haqidan qo‘rqamiz. O‘zingiz bilasiz, shahar katta, keldi-ketdi ko‘p. Mehmon-
izmon kutishning o‘zi bo‘lmaydi. Oldin hukumat uncha-buncha pul ajratardi.
Endi u ham
yo‘q. O‘nta mehmonni kutasan, deyishadi, tamom. Yeb-ichib ketsa ham mayli. Maskov