www.ziyouz.com kutubxonasi
157
Ustoz-shogird bu gapdan ajablanib, bir-biriga qarab olishdi. «Bu hali yaxshi tuzalmabdi-
da», deb o‘ylardi O‘lmas. «Bu bola qayoqdan biladi buni?» deb o‘yladi Xolidiy.
— Anvar Sattorovich, uyalish kerak, — dedi O‘lmas, tanbeh berib.
Xolidiy birovning himoyasiga muhtoj odam emas edi. Sochini barmoqlari bilan tarab
qo‘yib, o‘tkir askiya eshitgan odamday miriqib kuldi-da, Anvarning yelkasiga shapatilab
qo‘ydi:
— G‘ayrat zo‘r bo‘lgan-da, g‘ayrat! — dedi-da, O‘lmasni qo‘ltig‘idan olib, yo‘lida davom
etdi.
Anvar orqasiga o‘girilib, ularning izidan bir zum qarab turgach, xonasi tomon yurdi.
— Nimagadir motam ruhini sezmayapman, qora bayroqlar osilmagan, — dedi joyiga
o‘tirgach.
— Prezident o‘libdimi? — dedi ro‘parasidagi ayol.
— Undan ham battar, — dedi Anvar, «bular bilmaydimi?» degan ma’noda xonadagilarga
bir-bir qarab. — Ustoz ketibdilar-ku?!
Anvar uchun yangilik bo‘lgan bu xabar xonadagilarga ma’lum edi. Institutdagi o‘zgarish
ularning o‘zaro muhokamalaridan ham o‘tgani uchun Anvarga javob berishmadi.
Faqatgina eshik oldidagi ustolda o‘tiruvchi «eng kichkina ilmiy xodim» kulimsirab qo‘ydi.
Anvar bu vazifada uzoq yillar ishlagani uchun o‘zini «eng ulug‘ kichik ilmiy xodim», Sobir
ismli bu ushoqqina yigitni esa hazillashib «eng kichkina ilmiy xodim», der edi.
— Ustoz biz bilan! — dedi Sobir, hazil ohangida.
— Ya’ni?
— Ya’nikim, ustoz shu bo‘limga mudir bo‘lib o‘tganlar.
— Hali ishlar ekanlarmi? Bosmachiga aylanmagan yana bitta-ikkita o‘zbek qolgan
ekanmi?
— Ustozning konsepsiyalari boshqa hozir. Bosmachilar emas, milliy ozodlik harakati!
— Yo‘g‘-e?
— Gazit o‘qiysizmi o‘zi?
— Bolalar, — dedi Anvarning ro‘parasidagi xotin, — erkak odamga g‘iybat yarashmaydi.
— Sobirbey, eshitdingizmi? Gulnoraxon opamizning nasihatlariga quloq tutmasangiz
menga o‘xshab eng ulug‘ kichik ilmiy xodim bo‘lib qolasiz. Men bunga chidolmayman.
O‘zimni shu derazadan tashlayman. Eng ulug‘ kichik xodim bitta bo‘lishi kerak, bilib
qo‘ying!
— Anvarjon, qo‘ying shunaqa gaplaringizni.
— Gulnora opa, yomon gap aytmayapman. Sizning gapingizni tasdiqlayapman. Sobirbey
yosh, o‘rgatib turish kerak.
Dengiz ichra charx uruvchi girdobni
Qaydan bilsin qirg‘oqdagi maysalar...
— Mening bitta qo‘shnim imom. O‘sha aytadiki, bu dunyoda g‘iybat qilgan odamning
tilini Xudo qiyomatda o‘n metr uzun qilib qo‘yarkan. Bu tilni odamlar bosib-yanchib
yuraverar ekan. Shu qiyomat tezroq bo‘lsayu, shu tillarni bir ko‘rsam...
Ro‘paradagi ayol shart turib chiqib ketdi. Anvar Xolidiyni so‘kadigan bo‘lsa, haqorat
toshlarini shu ayol huzurida otardi. Xolidiyning shu xonadagi muxtor elchisi hisoblanmish
Gulnoraxon bu toshlarni terib, yetmaganiga o‘zidan qo‘shib, ustoziga yetkazardi. Anvar
bu ayoldan, shu xizmatlari uchun xafa emas, xursand bo‘lardi.
Ayol chiqib ketgach, xona jimib qoldi. Sobir ham ustol ustidagi qog‘ozlariga muk tushdi.
Anvar qo‘liga qalam olib bir varaq qog‘oz yuziga turli shakllar chiza boshladi.
Shakllardan biri «G» harfiga o‘xshardi. «Gulnora» deb yozdi. Keyin birinchi harfni
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |