www.ziyouz.com kutubxonasi
158
semizroq qilib bo‘yadi. So‘ng «G»ni yarim sahifani egallaydigan darajada katta qilib
yozdi. «G»ning burchagiga kashaklovchi chiziq tortgan edi, harf dorga aylandi. Anvar
unga bir zum tikilib turgach, harfdorning uchiga sirtmoq chizdi. Shu ishidan zavq olib
o‘tirganida Xolidiy yo‘qlayotganini ma’lum qilishdi.
2
Xolidiy o‘zining qadrdon xonasida o‘tirgan edi. Yangi boshliq ko‘rinmasdi.
— Keling, mulla Anvarjon! — dedi Xolidiy, uni o‘rnidan turib qarshi olib, — hali yo‘l
ustida tuzukroq gaplasha olmadik. Ahvollar durustmi endi. Dissertatsiyani yozib
bo‘ldingizmi?
Anvar uning mug‘ambirlik bilan boqib turgan ko‘ziga qarab «Vo ajab, — deb o‘yladi, —
men ilgari odam tanasiga maymun kallasi ulangan derdim. Maymunning kallasi tulkining
tanasiga ulanganini o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Yo maymunning kallasi ichiga tulkining
miyasi joylashtirilganmikin? Qani, buning navozishi nima bilan tugar ekan?»
— Dissertatsiya qanaqa ahvolda, deb so‘rayapman?
— Dissertatsiyami? — Anvar tushunmaganday yelka qisdi. — O‘sha-o‘sha reaktsion
millatchilik isi ufurib yotibdi.
Xolidiy bundan olti yil ilgari Anvarning tayyor dissertatsiyasini ana shu tavqi la’nat bilan
yo‘qqa chiqargan edi. Anvar hozir shuni eslatdi. Lekin Xolidiy pichingni tushunmaganga
oldi.
— Uni o‘zgartirganingiz yo‘qmi? — dedi mehribonlik bilan.
— Haqiqat o‘zgarib turadigan buqalamun emas.
— Ayni topib gapirdingiz, barakalla! Menga sizday cho‘rtkesar, bir so‘zli yigitlar yoqadi.
Mana endi sizning zamoningiz keldi. Sizga havasmandman: haq gapni hech qo‘rqmay
ayta olasiz. Bizning boshimizga tushgan savdolar itning boshiga tushsa, u ham infarkt
bo‘lib o‘lib ketardi.
— Ha-a, «ustoz», siz itdan ham... baquvvatsiz.
Bu gapni eshitib, Xolidiyning yuzi uchdi, ammo sir boy bermay qah-qah otib kuldi.
— Gapni ham eshvorasiz-da, mulla Anvarjon!
— Siz bo‘limimizga mudir bo‘libsizmi?
— Ha, birga ishlaymiz. Men bu amal g‘alvalaridan qutuldim. Bir yilda o‘n ikkita komissiya
bosibdi-ya! Endi ilm bilan chuqurroq shug‘ullanish imkoni tug‘ildi.
— Bosmachilarni nima qilamiz?
— Qaysi bosmachilarni?
— Siz menga ikki masalada yo‘l bermagan edingiz, esingizdan chiqdimi? Birinchisi —
inqilobdan oldingi qo‘zg‘olonlarni «mustamlaka Turkistonning partizanlari» deyishimga
qarshi bo‘ldingiz. Ikkinchisi — o‘n yettinchi yildan boshlangan bosmachilik harakati
emas, balki o‘n to‘qqizinchi asrning so‘nggi choragida boshlangan milliy ozodlik
harakatining cho‘qqisi deganimda, kimlar kelib meni so‘roqqa tutganini bilarsiz?
— Zamona shunaqa edi.
— Zamon o‘zgardimi?
— O‘zgardi.
— Shunga qarab siz ham o‘zgardingizmi?
— Mulla Anvarjon, zamon har qanday odamni o‘zgartiradi. Hatto sizni ham.
— Men siz aytgan «har qanday» toifaga kirmayman. Meni o‘zgartirish uchun boshimdan
tovonimgacha tikkasiga arralab tushish kerak. Shunda ham jonim chiqadi-yu, ruhim esa
o‘zgarishsiz qolaveradi.
Xolidiyning yuzidagi jilmayish yo‘qoldi.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |