www.ziyouz.com kutubxonasi
160
akam Angliyaga olib ketdilar. Dissertatsiyani yo Istambul yo Oksford dorilfununida
yoqlasam kerak.
Xolidiy Anvarning ko‘zidan bir ma’no uqmoqchi bo‘lib, qattiq tikildi. Anvar o‘yinni
oxirigacha muvaffaqiyatli yetkazmoq uchun xuddi rost gapirayotganday qilt etmasdan
o‘tiraverdi. Xolidiy do‘kto‘r Nuriyni soxta sovetshunos, vatan xoini deb yozaverib iyig‘ini
chiqarib yuborgan edi. Anvar xorij olimini eslatib, nishonni aniq mo‘ljalga olgandi.
— Bemaslahat shunaqa ishlar qilib yuribsizmi, hali? — dedi Xolidiy. Uning ilgarigi
quvnoqligi, so‘ng jiddiyligi, keskinligi ham qolmagan edi. Uning mashqi pasayib,
Inglistonda do‘kto‘rlik dissertatsiyasini yoqlab kelgan olim qarshisida mulzam bo‘lib
o‘tirgan odam holiga tushgan edi.
— Nima qilishim kerak edi? — dedi Anvar g‘olib odam tovushi bilan, — hech kimga
keragi yo‘q, deb sotvoribman-da.
Birgina men qayrag‘och
Etagida benurman!
Kun nuridan mahrumman,
Na g‘ulomman, na hurman!...
— Yoshlik qilibsiz. Hali pushaymon yemasangiz edi...
— Fazilatim, kam ila ko‘stim
Sizga ayon, olmoq kerak tan...
O‘zim mergan bo‘lmagach, do‘stim,
Kimlarningdir otgan o‘qiman...
Har nechuk Xolidiy temirdan emas, barcha bandalar kabi «loydan yasalgan» ekan.
Ko‘kragida uyg‘ongan g‘azab ummoni to‘lqinlarining mavjini vujudi sig‘dirolmay portladi.
— Yo‘qol! — dedi tishlarini g‘ijirlatib. Tishlar g‘azab vulqonini to‘sib qolmoq qasdida
g‘ijirlar edi. Boya dahlizda «etti oylik bo‘lib tug‘ilmaganmisiz?» degan savoldan so‘ng
kuch to‘play boshlagan vulqon qudrati tishlardan qudratliroq edi. U o‘rnidan shart turib
baqirdi: — Yo‘qol, gazzanda! Men seni odam deb jinnixonadan chiqarib oldimmi hali!
Anvar masrur edi. U o‘rnidan yengil turdi. Go‘yo uni uzoq yillar ezib kelgan g‘am
xarsanglari Xolidiyning baqirig‘idan so‘ng yelkasidan ag‘darilganday bo‘ldi. U otgan o‘q
bexato tegdi. G‘animi yarador holda oyoqlari ostida tipirchilardi. Endi yurakka nayza
sanchishi kerak. Bu nayzani keyingi so‘zlari bilan Xolidiyning o‘zi uning qo‘liga tutqazdi.
— Siz sal yanglishdingiz, «ustoz». Siz menga otalik qilib, davolansin, deb jinnixonaga
yuborgan edingiz. Meni u yerdan Asadbek chiqarib oldi, — dedi jilmayib. U oq-qorani
ajratib olgan olim emas, o‘rtog‘iga maqtanayotgan bolakay kabi jilmaydi.
— Kim deding?
— Asadbek! — Anvar bu ismni faxr bilan tilga oldi-da, chiqib ketdi.
«Bu bolaning mafiyaga nima aloqasi bor ekan?» deb o‘ylab qoldi Xolidiy.
Do'stlaringiz bilan baham: |