www.ziyouz.com kutubxonasi
162
tomondan kelganlar sovg‘a-salomga o‘rganib qolishgan.
«Boshliq ikkovi chindan ham uxlamaganga o‘xshashadi, — deb o‘yladi Zohid, uning
gaplarini eshitib. — O‘rinbosar balogardonlikni bo‘yniga olgan. Uydagi topgan-tutganlari
tunda yashirilib, uy bir g‘arib holga keltirilgan. Balki «qamab qo‘yishadi», deb xotin,
bola-chaqalari bilan xayrlashib ham kelgandir. Boshliq hozir xonasida qilt etmay o‘tiribdi.
Kotibasiga «men yo‘qman», deb tayinlagan. O‘rinbosari hibsga olinganini eshitishi bilan
idorada majlis to‘plab, qayta qurish dushmanlari fosh etilgani, ularga qarshi ayovsiz
kurash olib borish lozimligi masalasini kun tartibiga qo‘yadi...»
Zohid tinmay gapirayotgan o‘rinbosarga qarab turib telefon go‘shagini ko‘tardi-da,
boshqarmaga qo‘ng‘iroq qildi.
— Da, alo, eshitaman, — degan ovozni eshitib, o‘rinbosarga qaradi. O‘rinbosar telefon
raqamlari terilayotgandayoq jim bo‘lib, bir oz ajablanish, bir oz xavotir bilan unga tikilib
o‘tirgan edi. Zohid boshliqning ismini tilga olgach, o‘rinbosarning butun vujudi quloqqa
aylandi.
— Qudrat akam yo‘g‘iydilar, sekaga ketuvdilar. Kim so‘ravotdilar? Kelsalar nima deb
qo‘yiy? — dedi kotiba.
— Men prokuraturadanman. Sharipovman, — dedi Zohid sovuq ohangda.
— Voy, to‘xtang-chi, hali ketmaganga o‘xshaydilar...— Kotiba sukut saqladi. — Ana,
qaytib kevottila.
— Eshitaman, o‘rtoq Sharipov. Ko‘nglim sezgandek izimga qaytuvdim, tinchlikmi?
— Ha, tinchlik, o‘rinbosaringiz yetib keldilar. Xavotir olmang, demoqchi edim, — Zohid
gapni kalta qilib, go‘shakni joyiga qo‘ydi.
O‘rinbosar uzilgan gapini davom ettirmadi. Biroz o‘yladi. Zohidning bu kichik «o‘yini»
samara bergan, tunda o‘ylab-pishitilgan reja darz ketgan edi. Uzun kipriklar
himoyasidagi ko‘z iltijoli boqdi:
— Pullarni boshliqqa berardik, o‘zlari sarflar edilar...
— Pullar masalasida boshqa o‘rtoq shug‘ullanadi. Siz menga bir gapni ayting: Jalol
Komilovni oxirgi marta qachon ko‘rgansiz?
— Jalol Komilov o‘ldirilganda men yo‘q edim.
— Buni bilamiz. Oxirgi marta qachon ko‘rgansiz?
— Yangi yildan keyin. Uchastkovoyga spravka berishi kerak ekan.
— Kayfiyati qanaqa edi, ust-boshi qanaqa edi?
— Kayfiyati... yaxshi. Sal kayfi bor edi. Ustida oq po‘stin. Telpagi ham toza teridan.
— Nimada keldi?
— Taksi haydayotgan ekan. Meni bir joyga olib borib qo‘ydi... pulini berdim.
— Taksichilik qilayotgan bo‘lsa, nima uchun sizdan spravka so‘radi?
— Taksi birovniki bo‘lsa kerak?!
— Birovning taksisini bemalol minib yurish mumkin, deb o‘ylaysizmi?
O‘rinbosar «kim biladi?» deganday yelka qisdi.
— Nima haqda gaplashdinglar?
— U yoqdan, bu yoqdan...
— Aniqrog‘i?
— Sibirdan kelgan ekan.
— Sibirga nima uchun boribdi?
— Uch-to‘rt yil ishlabdi. Menam sizga o‘xshab so‘rovdim, «komsomol yo‘llanmasi bilan
borib keldim», dedi. BAMga borgandir, deb o‘ylabman.
— Sizda «ishlaydi», degan ro‘yxatda turardi. Uning asosiy ishi nima edi?
Chayqovchimidi, o‘g‘rimidi?
— Unisini bilmayman.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |