www.ziyouz.com kutubxonasi
164
— O‘zimga telpak oldim. Uch yuz beruvdim, yuzini qaytarib berdi. Sizdan foyda
olmayman, dedi. Qizlarimga atab ham ul-bul...
— Sizdan nimani iltimos qildi?
— Hech narsani.
— Yashirmang.
— Uy to‘g‘irlab bering, dedi. «Sargardonlik tugadi, uch xonali uy to‘g‘irlab bersangiz,
bola-chaqa qilib o‘tiraman», dedi.
— Siz uyni qanday to‘g‘irlab bermoqchi edingiz?
— Men xat qilib bersam bas, qolganiga o‘zining ishonchli odamlari bor ekan.
— Kim?
— Bilmayman.
— Hosilboyvachchami, Markanyanmi?
O‘rinbosar bir cho‘chib tushdi-yu, boshini egdi. Odam emas, toshbaqa bo‘lib yaralganida
hozir boshini kosasi ichiga olib, ochidan o‘lib ketsa ham, chiqmay yotaverardi.
— Bilmayman, bunaqa odamlarni tanimayman.
— Asadbek deganini-chi, eshitmaganmisiz?
O‘rinbosar tashvishlanib, tezgina qarab oldi.
— Tanimayman.
— Komilovning uyi qaerda?
— Sebzorda.
— Aniqrog‘i?
— Nechanchi uyligini bilmayman.
Zohid telefon go‘shagini ko‘tarib, shahar jinoyat qidiruv bo‘limida Komilovning ishi bilan
shug‘ullanayotgan inspektor Maqsud Solievga qo‘ng‘iroq qildi-da, Sebzorga yetib
kelishini, depara bo‘limidan Tolipovni ham chaqirishini so‘radi.
Mayor Solievni bu ish bilan shug‘ullanuvchi guruhga Zohidning talabi bilan qo‘shishgan
edi. O‘ttiz yildan beri shu sohada ishlayotgan mayorni Zohid dorilfununda o‘qib
yurganidan beri biladi. Talabalik yillarida amaliyot bo‘yicha yo‘llanma bilan kelib, shu
mayor bilan ishlagan edi. Dastlab «nima uchun mayor, nima uchun oddiy inspektor»,
deb ajablandi. Keyin uning fe’lini o‘rganib, yaxshi ko‘rib qoldi. Xo‘jayinlarning otgan o‘qi
bo‘lmay, kimlargadir emas, faqat haqiqatga xizmat qilishni burchi deb bilgan bu odamga
Zohid ixlos qo‘ygan edi. Zohidga Namozov ishi topshirilganda mayor safarda edi.
Shilimshiq ishi boshlanganida Zohidning baxtiga u safardan qaytdi-yu, darrov qidiruv
guruhiga qo‘shildi.
— Qani, turing, Komilovning uyiga boramiz, — dedi Zohid.
O‘rinbosar mutelik bilan o‘rnidan turdi. Uning xotirasi yaxshimi yo bir necha marta
keganmidi, harxolda Komilovning uyini hech bir adashmay topib bordi.
2
Shilimshiq uch xonali uyning bir xonasini ijaraga olgan ekan. Yoshi ellikdan oshgan,
ammo keksalik hukmiga hali-beri bo‘ysunmaydigan ko‘hlikkina ayol ularni oshkora
noxushlik bilan qarshi oldi. Shilimshiqning xonasida bitta yig‘ma karavot, oyog‘i liqillab
turgan eski ustol, ikkita ustulgina bor edi. Ustullarning biri kiyim ilgich vazifasini o‘tardi.
Kiyimlar ustma-ust betartib ravishda tashlab qo‘yilgan. Ustol ustida qotgan non
bo‘laklari, shishasi jimjimador «Oltin halqa» deb atalgan aroq, yuvuqsiz to‘rtta piyola,
jo‘mragi chegalangan choynak turardi.
— Siz kelganingizda uy qanday ahvolda edi? — deb so‘radi Zohid O‘rinbosardan.
— Xuddi shunaqa. Olib kelgan narsalarini sotib, mebel olmoqchi ekan.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |