www.ziyouz.com kutubxonasi
171
— Seni chaqirganimning boisini endi aytay, — dedi u. — Vakillarimiz Maskovdan quruq
qaytishadi. Maskov yurtlaringga boraveringlar, degan bilan gurjilar uylarimizni
bo‘shatishmaydi. Qon to‘kilishi aniqqa o‘xshab turibdi.
— Qon to‘kilsa chechenlar sizlar tomondan bo‘lishadi.
— Qon o‘sha yoqda to‘kiladi, deb o‘ylayapsanmi?
Zelixon bu gapdan ajablandi:
— Qaerda to‘kiladi?
— Shu yerda.
— Esing joyidami? Kim bilan urushasan? Kim qon to‘kadi?
— O‘zbeklar bilan...
— Ahad! — Zelixon o‘rnidan qo‘zg‘olib, tiz cho‘kib o‘tirib oldi. — Jinnimasmisan? Bizga uy
bergan, non bergan o‘zbek bilan urushasanmi?
— Sen hovliqma. Biz urushmaymiz. Bizni urushtirishadi. Men kuzatib, sezib yuribman.
Sen Fedyani bilarmiding?
— Qaysi Fedya?
— Istansaning orqasiga turardi. Laqabi «Bo‘ri».
— Ha... otilib ketuvdi shekilli?
— Hukmni o‘zgartirishgan. O‘n besh yil berishuvdi. Yangi yildan oldin paydo bo‘lib qoldi.
— Qochibdimi?
— Qochganga o‘xshamaydi. Bemalol yuribdi.
— Qutulib chiqqandir?
— Yo‘q. Hali yarmini ham o‘tirmadi. Afvi umumiyga tushishi ham mumkinmas. Xullas, bu
yog‘ini eshit: uni Quvasoyda ko‘rdim. Pivoxonada to‘rtta ulfati bilan o‘tirgan ekan.
Ulfatlari bu yerlik emas, bilinib turibdi. Men bilan ko‘rishdi. «Nima qilib yuribsan?»
desam, «ish bor, bratan», deb ishshayadi. Bitta-yarimtaning iziga tushib, sho‘rini
quritmoqchimi, deb poyladim. Sheriklari bilan Quvasoyni aylanib chiqishdi. Asosan
turklar ko‘proq yashaydigan ko‘chalarni aylanishdi. Keyin ikkita moshinga o‘tirib, g‘oyib
bo‘lishdi. Ertasiga ularni bu yerda ko‘rdim. Ular tamoshaga kelishmagan. Ko‘nglim sezib
turibdi. Kuyovim Quvasoydagi pivoxonada ishlaydi. Atay borib surishtirdim. Ular uch-
to‘rt marta kelishibdi. Turk yigitlari bilan pivoxo‘rlik qilishibdi. «Hozir hamma yoqda
erkinlik, sizlar Turk avtonomiyasini talab qilinglar», deyishibdi. «Turklarning o‘z
respublikasi bo‘lsin!» deyishibdi. Pivo ichgani kirgan ikkita o‘zbek yigitni turtib
chiqarishibdi. Gapga tushunyapsanmi?
— Fedya shu yerdami?
— Shu yerda edi, ko‘rinmay qoldi.
— Yaxshi, uni o‘zim topaman. Selim qaerda, hali ham Quvasoydami?
— Ha.
— Fedya bilan ko‘rishgandir?
— Bilmayman.
— Ko‘rishadi. Fedya keladi-ku, ko‘rishmaydimi? Tur, ketdik. — Zelixon shunday deb
o‘rnidan turdi.
— Oshni damladi, yeb olaylik.
Zelixon «keyin», deb tashqariga chiqdi. Ahadbey unga noiloj ergashdi.
«Zaporojets»ni o‘t oldirish uchun itarib yurgizishga to‘g‘ri keldi. Mashina o‘tgan yo‘lini
ko‘k tutunga burkab yursa ham, manzilga yetib oldi. Hashamatli uy, yuk mashinasiga
mo‘ljallab ishlangan katta darvoza oldida «Zaporojets» o‘yinchoqqa o‘xshab qoldi.
Selim deganlari uzun bo‘yiga monand qorin qo‘ygan, qaddini tik tutib yuruvchi yigit,
hovlida Zelixonni ko‘rib, dastlab tanimaganday qaradi, so‘ng birdan chehrasi ochilib,
quchoq ochib keldi.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |