www.ziyouz.com kutubxonasi
174
tayyor bo‘lganida «Fedya qaerda?» deb so‘radi. Ko‘zlari suzilib turgan ayolning qoshlari
birdan chimirildi.
— Shunga keluvdingmi? — Nadya Zelixonni ko‘kragidan itardi. Zelixon esa aksincha, uni
mahkamroq quchdi. Nadya uning quchog‘idan chiqishga urindi, oxiri bo‘shashgan holda,
yopiq eshikka qaradi. — Shuni keyinroq so‘rasang ham bo‘ladi-ku? Ana, yotibdi. G‘irt
mast.
Zelixon uni quchog‘idan bo‘shatib, eshikni ochdi. Yuztuban yotgan, chap qulog‘ining
ostidan og‘zigacha tirtig‘i bo‘lgan bu yigitni darrov tanidi. Ichkari kirib eshikni yopdi-da,
«Fedya», deb chaqirdi. U bir tekisda nafas olardi. Mastga o‘xshamasdi. Zelixon uni yana
chaqirdi, so‘ng uning mast uyquda ekaniga go‘yo ishonch hosil qilganday, pidjagining
cho‘ntagiga qo‘l yubordi. Yangi pasport, ozod etilgani haqidagi guvohnomani ko‘rgach,
boya ko‘ngliga oralagan shubha haqiqatga aylana boshladi.
U Fedyaning bosh tomoniga o‘tib o‘tirdi-da, xuddi o‘zi bilan o‘zi gaplashayotganday
gapira boshladi:
— Mening Bo‘ri degan bir do‘stim bo‘lardi. Aroq daryo bo‘lib oqib kelsa, shimirib
quritardi. Ammo o‘zi sira mast bo‘lmas edi. Qamoqda buzilibdi, bechora. Endi... odam
sotilganidan keyin shunaqa bo‘lib qolarkan-da. Xudo rahmat qilsin, seni Fedya. Nomingni
toabad unutmaymiz, deya olmayman. Sotqinlarni eslamaymiz, o‘zing bilasan-ku...
Shu gapdan keyin Fedya bir qimirlab oldi.
— Sotqin emasman, — dedi yotgan holicha.
— Boshingni ko‘tar, Fedya, mendan uyalma.
Fedya boshini ko‘tarib, tirsagiga tiraldi.
— Nimaga kelding?
— Ish bor edi. Chiqib kelganingni eshitib, xursand bo‘luvdim.
— Qanaqa ish?
— Endi sensiz bitadigan ish.
— Meni sotqin dema, Akademik, men birovni sotganim yo‘q.
— Qochdingmi? Qochganga o‘xshamaysan?
— Ishing bo‘lmasin. Yo‘lini qilib chiqdim.
— Men bilan ishlaysanmi?
— Yo‘q.
— Nimaga?
— O‘zimning ishim bor. Agar xohlasang... men bilan ishlashing mumkin. Yaqinda katta
ov bo‘ladi.
— Qaerda?
— Qaerdaligini vaqti kelganda aytaman.
Eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab, ularning suhbatlari uzildi. Bir oz fursat o‘tgach, eshik qiya
ochilib, Nadya ko‘rindi.
— Fedya, keldi aytganing.
Fedya o‘rnidan turib mehmonxonaga chiqdi. Zelixon unga ergashdi. Mehmonxonada
sochlari paxmaygan, qaddi kelishgan bir qiz turardi.
— Yoshing nechada? — deb so‘radi Fedya unga tikilib.
— O‘n yettida, — dedi qiz, bu savoldan ajablanib.
— Zelya, bu tovuqni topib kelgan mataxini qara. Mening kunim endi qari kampirlarga
qolibdi-da, a? Jo‘na, ko‘zimga ko‘rinma!
Qiz labini chimirib, shart burilgan choqda, Zelixon uni to‘xtatdi.
— Nadulya, bu menga nasib qilgan ekan. Bizga o‘xshagan chollarga qari kampirlar ham
bo‘laveradi.
Fedya Zelixonning oldida oliftagarchilik qilmoqchi edi. Og‘zidagi nonni oldirib qo‘yib
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |