www.ziyouz.com kutubxonasi
175
pushaymon yedi-yu, ammo sir boy bermadi.
XX b o b
1
— Hosilboyvachcha deganlari men bo‘laman. Bir tomoni qaynotangiz bilan aka-
ukaligimiz bor. Bir tomoni yigitning so‘zi qaytguncha shaytonning bo‘yni uzilsin,
deyishadimi?
Shu gapdan keyin Elchin o‘ylanib qoldi. U Hosilboyvachcha deganlarini eshitgan,
qo‘chqorlarning biri shu ekanini ham bilardi. Ammo o‘zini ko‘rmagan edi. Ozg‘in yuzidagi
katta yumaloq ko‘zlari bolakay chizgan suratni eslatuvchi, qaldirg‘och mo‘ylovli, qirra
burunli bu yigit o‘ziga erinmay zeb bergan edi. Kiyimlarining taxi buzilmagan, biron
yerda g‘ijimning asorati yo‘q, xuddi u hech yerda o‘tirmaydiganday, suyanmaydiganday
edi. Ikkala qo‘lining barmoqlarida bittadan tilla uzuk. Bu odamdan taralayotgan atir
hidiga dimoq yorilib ketay deydi. Elchinni hayron qoldirgan narsa bu emas, bunday olifta
yuruvchilar ko‘p. Elchin to‘yga aytib kelgan bu yigitni zimdan kuzatib, uning kiprik
qoqmasligini ilg‘adi. O‘qday qadalib turgan nigohdan odam bolasida kam uchraydigan
sovuq o‘t chaqnab turardi. Bu nigoh «senga yaxshilik qilaman» deb alday olmasdi. U
to‘g‘risini aytardi: mendan faqat yomonlik kut!
Elchin Hosilboyvachchaning taklifini eshitgach, kecha Asadbekning qidirib kelgani
sababini angladi. «Demak, Asadbek bu taklifdan ogoh. Demak, bu odamga xizmat
qilishimni istamaydi. Nima uchun? G‘ayirligi kelganmi? Obro‘yiga putur yetishini
bilganmi? Kimsan, Asadbekning kuyovi Hosilboyvachchaning xizmatida bo‘lsa?!»
— Men noz qilayotganim yo‘q, aka, — dedi Elchin, o‘zidan ikki-uch yosh kichik bo‘lgan
Hosilboyvachchaga. — Akaxoningiz sizga qadrdon bo‘lsalar, to‘ylariga zo‘rroq
ashulachilarni olib borganingiz yaxshimi, deyman-da. Men ancha chetga chiqib
qolganman. Birov eslaydi, birov eslamaydi. G‘ulom kelibdi yo Sherali kelibdi, degan gap
qayoqda-yu, almisoqdan qolgan Elchin kelibdi, degan gap qayoqda?
— Bunchalik past ketmang. Arzimasangiz o‘zim kelmas edim.
Elchin bu gapdan «Men uncha-buncha odamni taklif etmayman», degan ma’noni uqdi. U
Asadbekning maqsadini anglaganday edi. Ammo shuncha o‘ylasa ham
Hosilboyvachchaning asl niyati nima ekanini bilolmadi. Har bir katta-kichik to‘daning,
hatto gap yeydigan kichik ulfatning o‘z qo‘shiqchisi bo‘ladi. Elchin Asadbek to‘dasiga
tegishli, hatto ular uni o‘z mulkiday ko‘rishar edi. Hosilboyvachchalarning ham o‘z mulki
— qo‘shiqchisi bor. To‘yga Hasanali kelarmish, deyilsa, odamlar uning yo‘liga haftalab
ko‘z tikishadi. Ana shunday mashhur ashulachi turganida Elchin nimaga kerak bo‘lib
qoldi? Elchin taklif zamirida qandaydir qitmirlik yotganini fahmla-di-yu, qisqa fursatda
o‘sha «qandaydir» nima ekanini anglay olmadi.
— Katta boshingizni kichik qilib kelibsiz, biz nima derdik. Kasbimiz yaxshilarga xizmat
qilish.
Hosilboyvachcha yuzini jilmayish epkini silab o‘tdi. Bu quvonish emas, g‘olib odamning
mag‘rur jilmayishi edi.
2
Elchin to‘yga boribdi?!
Asadbek bu xabarni eshitib, tutoqib ketdi. U «Elchin sal bo‘lsa-da, esini yig‘ib oldi», deb
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |