www.ziyouz.com kutubxonasi
182
Soliev kampirni boshqa savolga tutmadi. Unga ijozat ham bermadi. Ekspertlar yetib
kelishgach, kampir bilan boshliqning guvohligida temir javon ochildi. Ustolning tortmalari
tintib ko‘rildi. Biron-bir ashyoviy dalil topilmagach, Tojimullaevning uyiga yo‘l olishdi.
Dang‘illama qilib solingan imorat ichi qashshoq ko‘rinishda edi. Parket pollardagi,
devorlardagi izlarga qarab, uzoq vaqt gilam to‘shalgan, osilgan ekanini payqash qiyin
emasdi. Devorni enlab turgan xorij javonining tokchalari ham g‘aribgina ko‘rinishda.
Garchi chang-chung artilgan bo‘lsa-da, bu tokchalarda nimalar turganini aniqlash
ekspert uchun cho‘t emasdi. Solievni hozir bu narsalar qiziqtirmas edi. Shu sababli ularni
ishga solmadi. Tojimullaevning xotini avvaliga o‘zini go‘llikka soldi. «Qaydam,
bilmayman, qayoqqa ketayotganlarini menga aytmadilar», dedi. Zohid Tojimullaev xavfli
o‘yinga aralashib qolganini, hayoti xavf ostida ekanini aytgach, yig‘lamsirab turib:
— Buxorodalar, — dedi. — Bugun telefon qildilar. Xavotir olma, dedilar.
— Qaerda turishlari ma’lummi?
— Ha, xolavachchalarinikida.
— Manzilini ayting.
Zohid ayol aytgan manzilni tez-tez yozib oldi-da, telefon turgan xonaga o‘tdi. Yarim soat
o‘tmay, telefon jiringlab, Tojimullaev topilgani ma’lum qilingach, ular idoraga qaytishdi.
— Tez topilganiga hayron bo‘lyapman, — dedi Zohid, yo‘lda bora turib.
— Tojimullaev soddamug‘ambirga o‘xshaydi. U ishdan ishkal chiqishidan qo‘rqmagan.
Uni cho‘chitishgan bo‘lishlari mumkin.
— Kim, Komilovni o‘ldirganlarmi?
— Balki.
— Uning qotillikka aralashganiga ishongim kelmaydi.
— Bevosita aralashmagandir. Lekin u bizga Komilov yashagan uyni ko‘rsatib berib
nodonlik qildi. Har holda u bizdan qochmagan. Qidirib, topib, qo‘lga olishimizni o‘zi
istagan. Bizdan qochganda farroshga «Buxoroga ketyapman», demas edi.
— O‘zining soyasidan ham cho‘chiydigan odamga o‘xshaydi. Birinchi kelishidayoq
to‘rvaxaltasini shaylab olgan ekan.
— Shunaqa odamlarni jinim suymaydi. Sichqonga o‘xshab yashashning nima qizig‘i bor.
Sichqonni hech kuzatganmisan? Nonni bir cho‘qilaydi, o‘n marta atrofiga qarab oladi. Bir
qop bug‘doyni tashib ketadi indamasang. Holbuki unga bir chelagi ham yetib ortadi.
Lekin u tashiyveradi, tashiyveradi. Oxiri qopda bir dona bug‘doy qolganida qopqonga
tushadi. Endi tasavvur qilib ko‘r: bir qopda million don bormi? Demak, million marta
qopqonga tushishdan qo‘rqib yashagan. Tojimullaeving ham shunaqa. O‘g‘ri bo‘l, mard
bo‘l-da! Xudo yurakdan bermagan ekan, tinchgina, oziga shukr qilib, maoshingga
yashayvermaysanmi?
— Yurak-ku, yo‘q, ammo ko‘z och-da.
— Odamning ko‘zi tuproq bilan to‘yadi. Ungacha «ber, ber», deyaveradi. Mahmadona
faylasuflaring jinoyat haqida gapirsa, «siyosiy-ijtimoiy ildizlar» deb miyani achitadi. Hech
qanaqa ildiz yo‘q. Hamma balo ko‘zda. Nazar to‘q bo‘lsa, hasad ham, ig‘vo ham, ta’qib
ham bo‘lmaydi. Kecha mahallamizda bir chol gapirib qoldi: ko‘z zinosi ham bo‘larkan.
— Bu nima degani ekan?
Soliev «rostdan bilmaysanmi?» degan ma’noda ajablanib qarab qo‘ydi.
— Zino — buzuqlikmi, harom yo‘l bilan to‘shakka yotishmi? Agar bir pokiza ayolga
shunday yomon fikr bilan qarab qo‘ysang, ko‘z zinosi bo‘larkan. Buning gunohi harom
to‘shakda yotganning gunohidan kam bo‘lmas ekan.
Zohid bu gapni eshitib, kulimsirab qo‘ydi:
— Ko‘chada ko‘zimizni yumib yurarkanmiz-da endi?
— Tojimullaev bilan taksoparkdagilarning xizmati bir, — dedi Soliev, uning haziliga
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |