www.ziyouz.com kutubxonasi
185
osonroq», deb o‘ylovdi. Solievga duch keldiyu ish pachavaligini angladi.
«— Nimaga qochdingiz?
— Meni o‘g‘irlamoqchi bo‘lishdi.
— Kim?
— Mafiya bo‘lsa kerak.
— Qanaqa mafiya?
— Buni sizlar bilsangiz kerak?»
Nazarida suhbat shu tarzda boshlanishi lozim edi. Biroq o‘zini mayor Soliev deb
tanishtirgan odam, indamay, unga qattiq tikilib o‘tiraverdi. «Gipnozchimi, nima balo?»
deb o‘yladi Tojimullaev. So‘ng avrab tashlamasin, degan tashvishda o‘ylab qo‘ygan
gaplarini ayta boshladi:
— Bu ukamiz hech qayoqqa ketmang, devdilar. Lekin men qo‘rqdim. Qo‘rqitishdi. O‘ldirib
ketamiz, deyishdi.
Soliev indamadi. «Kim, deb so‘rasa o‘ladimi», deb o‘yladi Tojimullaev.
— Telefon qilishdi. Uyimga xat tashlab ketishdi.
U shunday deb yon cho‘ntagidan to‘rt buklangan qog‘oz chiqardi. Katak daftarning bir
varag‘iga kalla suyagining surati chizilgan edi.
Soliev qog‘ozni olib bir nazar tashladi-da, Zohidga uzatdi:
— Ekspertizaga, — dedi buyruq ohangida.
— Qo‘lqopda chizgan bo‘lishi mumkin, — dedi Tojimullaev.
U prokuratura tergovchisi bilan jinoyat qidiruv bo‘limining inspektori orasidagi farqni
bilmas edi. Shu sababli mayorni shu idoraning ulug‘laridan deb bilib, unga umid ko‘zi
bilan qaradi. Uning bu ko‘z qarashi shu tobda pichoq qayrayotgan qassobga qarab
turgan qo‘zichoqni eslatardi. Qo‘zichoqning bunday qarashi, mungli ma’rashi qassobni
yo‘ldan qaytarolmagani kabi, jinoyatchining bunday mo‘ltirashi Solievni chalg‘ita olmas
edi. U Tojimullaevdan qahrli nigohini uzmagan holda yana bir oz jim o‘tirdi. So‘ng,
Tojimullaev o‘zi kutmagan savolni eshitdi:
— Komilovni ishga kim joylashtirgan?
Tojimullaev gangib qoldi. Chunki u «Sizni kim qo‘rqitgan bo‘lishi mumkin» degan
savolga javob tayyorlab o‘tirgan edi.
— Bilmadim... aniqrog‘i... bu ukamizga aytganman. Oldingi boshliq... arizaga sarxat
yozib berganlar...
— Qamalib chiqqan bolani kim ishga kirityapti, deb qiziqmaganmisiz?
— Endi... biz kichkina odammiz.
— Siz aybingizni bilasizmi?
— Aybimmi? Ishga rasmiylashtirib qo‘yganimmi?.. Vaqtida bo‘shatmadim...
— Yo‘q, siz Komilovni oxirgi marta ko‘rgan odamsiz. Uning o‘limida sizni ham
ayblashimiz mumkin.
Qo‘zichoq yerga yiqilib, oyoqlari bog‘landi. Bo‘g‘ziga pichoq tortilishi aniq bo‘lib qoldi.
Ma’sum qarash foyda bermadi. U endi tipirchilab, arqonga chap bermay, qutulib, qochish
payiga tushdi.
— Men... Men... nima deyapsiz? Men... yo‘q edim-ku?..
— Samolyotda to‘rt soatli yo‘l, — dedi Soliev sovuq ohangda.
— Kelib-ketish ham shart emas. Bu yoqda sheriklar bor-ku? — dedi Zohid, go‘yo unga
e’tiroz bildirganday.
— Xudo... Xudo xayringlarni bersin. O‘g‘ri deng, poraxo‘r deng, lekin bunaqa demang.
Xudodan qo‘rqaman.
— Xudodan qo‘rqqan odam birovning haqini yeydimi?
— Gunohkor bandamiz... adashamiz... tirikchilik...
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |