www.ziyouz.com kutubxonasi
192
gapini ma’qullab, akasi bilan faxrlanishga va’da berdi. U jilovni bo‘sh qo‘yib, miqti
yigitning maqsadga ko‘chish onini sabr bilan kutdi.
— O‘zingizning dissertatsiyangiz ham bo‘lay deb qoldimi?
— Musulmonchilik asta-sekin, bo‘lib qolar.
— Mavzu qanaqa edi?
— «Kolxozlashtirishda partiya yacheykalarining ro‘li».
Miqti yigit ajablanib Anvarga tikildi. Anvar to‘ppa-to‘g‘ri gapni aytganday, xotirjam,
kiprik qoqmay o‘tiraverdi. Yigit kulimsirab, bosh chayqadi.
— Hazilni ham eshvorar ekansiz. Nazarimda boshqacharoq edi.
— Esingizda yo‘qmidi? «Rus istilosi va Turkistonda milliy ozodlik harakati»...
— Ha, ana endi esladim.
— Bu mavzudan voz kechib, kolxozlashtirish tarixi bilan shug‘ullanishni buyurgan
edingiz, buni ham esladingizmi?
— Buyruq emas, direktoringizning taklifini aytuvdim. Siz ko‘nmay, to‘g‘ri ish qilgan
ekansiz. Hamma ham yanglishadi. Biz ham oz-oz adashganmiz.
— Shuni aytgani keldingizmi?
— Ha, endi bir suhbatingizni olay, dedim-da. Yordam kerak bo‘lsa, yordam beraylik.
— Yordammi?... — Anvar unga sinovchan tikildi. — Yordam kerak. Idorangizning
arxividan foydalanishga ruxsatnoma olib bera olasizmi?
Miqti yigit qog‘ozchaga telefon raqamlarini yozib, uzatdi:
— Ertaga soat to‘rtda telefon qiling. Men aniqlab qo‘yaman. Bu qiyin masala emas.
— Menga ruxsatmi?
— Yana bir og‘iz so‘z: dissertatsiyangiz haqida gapirmadingiz, yoqlashga tayyormi?
— Tanishib chiqmoqchimisiz?
— Agar mumkin bo‘lsa... Xizmat yuzasidan emas. O‘zim tarixga qiziqaman.
— Tarixga qiziqsangiz men sizga kitoblar ro‘yxatini beray.
— Dissertatsiya-chi?
— Tayyor emas.
— Shuncha yildan beri ishlaysiz-ku. Men tayyor deb eshituvdim.
— Kimdan?
— Ha, endi kimligini bilishingiz shart emas. Tayyor qismini o‘qib chiqishim mumkinmi?
— Yo‘q. Chala ishni birovga ko‘rsatmayman.
— Dissertatsiya... o‘zingizdami?
Shu savoldan keyingina Anvar Xolidiy bilan bo‘lgan suhbatni eslab, miqti yigitning
maqsadini tushunib yetdi. Unga qarab turib kuldi:
— Uch-to‘rt kunga ammamga berib yuborgan edim. Yo‘qotib qo‘yibdilar.
— Anvar aka, maynavozchiliksiz gaplashaylik.
— Maynavozchilik qilayotganim yo‘q. Dissertatsiya yo‘qolgan.
— Yo‘qolganmi yo... chet elga sotilganmi?
— Chet elga? Be, bir jinnining himoya qilinmagan dissertatsiyasi kimga kerak?
— Shunga qiziqadiganlar ham bor. Demak, dissertatsiya yo‘qmi?
— Kim sizga yo‘q dedi? Dissertatsiya bor. Ammo chala. O‘zingiz zamon o‘zgardi,
dedingiz. Demak, uni endi yangi zamon ko‘zi bilan qarab chiqish kerak. Tarix fani
fohishaga o‘xshab o‘zgarib turadi, bilasiz-ku? Yaqinda jinnixonadan tuzalib chiqdim. Endi
o‘tirib ishlayman. Chet elga sotvorgan deb, sizga noto‘g‘ri ma’lumot berishibdi. Bu
xabarlari uchun ularga haq to‘lamang. Chet elga bunaqa gaplar besh-o‘n yil oldin kerak
edi. Hozir ularni boshqa narsa-lar qiziqtiradi. Jinni bo‘lsam ham bunga aqlim yetadi.
— Dissertatsiyangizni ertaga olib kela olmaysizmi?
— Tilxat yozib bera qolsam-chi? Dissertatsiya o‘zimda turibdi, chet elga sotmayman,
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |