www.ziyouz.com kutubxonasi
195
jingalaksochli yigit tushib, salom berdi. Anvar uni qaerdadir ko‘rgan edi. Daf’atan
qachon, qaerda ko‘rganini eslolmadi.
— Bek akamning sizda ishlari bor ekan, — dedi yigit.
— Bek akangiz... kim?
— Asadbek aka.
Anvar endi esladi — bu yigitni Elchinning to‘yida ko‘rgan edi.
— Hozir borishim kerakmi?
— Ha.
— Tinchlikmi, o‘zi?
— Borganda bilasiz...
Anvar mashinaga o‘tirdi.
Asadbek shahar markazidagi xos xonasida Chuvrindi bilan maslahatlashib o‘tirar edi.
Eshik ochilib, avval Jamshid ko‘rindi. So‘ng Anvar kirib keldi.
— Keling, mullo Anvar, — dedi Asadbek o‘rnidan turib. — Bormisiz, bu olamda?
— Yuribmiz, Xudo deb...
Asadbek uni takalluf bilan kutib oldi. Anvar «Elchin haqida bir gap desa kerak», deb
o‘yladi. Lekin Asadbek bu haqda so‘z ochmay, Anvarni gangitib qo‘yadigan savolni berdi:
— Jinnixonada yana nima qilib yuribsiz?
Anvar «bekorchilikda shunday aylanib boruvdim», demoqchi bo‘ldi-yu, gapni
chalg‘itishning foydasi yo‘qligini anglab, indamay yelka qisib qo‘ya qoldi.
— Qo‘ying-e, mulla Anvar. Sizga yarashadigan ish emas bu. Siz bizga tariximizni to‘ppa-
to‘g‘ri gapirib bering. Birov g‘idi-bidi desa bizga qo‘yib bering. Siz men haqimda vahimali
gaplarni ko‘p eshitgansiz. Shu vahimalarning bir foizi haqiqat. Men birovning burnini
nojo‘ya qonatgan bolamasman. Aksincha, meni bu hayotda nohaqdan-nohaq rosa
tepkilashgan. Nohaq jabr chekish nimaligini yaxshi bilaman. Mening o‘z adolatim, o‘z
haqiqatim bor. Bu adolatim sizni xo‘rlamoqchi bo‘lganlarning tanobini tortib qo‘yishga
ruxsat beradi. Kerak bo‘lsa, Xolidiy deganingiz kelib oyog‘ingizga bosh uradi.
— Yo‘q, kerakmas.
— Men uni majbur qilmayman. Bunga o‘zingiz erishasiz. Siz ishingizni qotirib
bajarganingizdan so‘ng tan berishga majbur bo‘ladi. Tan berishi oyoqqa bosh urishi bilan
baravar.
— Xotiringizni jam qiling, Bek aka, ular ikki dunyoda birovga tan berishmaydi. Itning
dumiga aylangan suvilondan nima kutish mumkin?
Anvar Asadbekning laqabi «o‘qilon» ekanini bilmagan holda suvilonni itning dumiga
aylantirdi. Suvilon bilan o‘qilon quloqqa deyarli bir xil eshitilgani uchun Asadbekning
turqi bir o‘zgardi. Bu o‘zgarish uzoq davom etmay bir lahzada yo‘qoldi — suhbatdoshlar
sezmay ham qoldilar.
— Xolidiy deganingiz qamalib chiqqan ekan, haq-nohaqning farqiga bormaydimi?
— Qamalib chiqqanini qaerdan bildingiz?
— O‘zi televizorda ko‘p gapiradi-ku? Qodiriy haqida gapirishsa ham chiqadi, Usmon Nosir
degani o‘tgan ekan, u haqda ham gapirdi. Kecha Hamid Sulaymon degan odamni ham
ustozim dedi. Yigirma besh yil o‘tirganmi?
Anvar kuldi.
— O‘tirgan bo‘lsa yigirma besh hafta o‘tirgandir. Lekin u yoqda qanaqa xizmatlar qilgan
ekan? Bek aka, siz Shorasul Zunnun degan odamni eshitganmisiz? Laziz Azizzoda
deganni-chi? To‘xtasin Jalolov, degan allomalar o‘n yillab o‘tirishgan. Birontasidan «men
qamoqda o‘tirdim, azob chekdim», degan gapni eshitganmisiz? Nima uchun bu ko‘p
vaysaydi? «Qo‘rqqan oldin musht ko‘tarar» degan maqol bor-ku?
— Bu yog‘ini o‘ylamabman, — dedi Asadbek iyagini qashib.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |