4
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
www.ziyouz.com kutubxonasi
197
Zelixon: «Gapimni yolg‘iz o‘zingiz eshitishingiz kerak», degach, Elchin bilan Anvarga
qo‘shilib Chuvrindi ham xosxonadan chiqdi. Bo‘tqa ularni o‘ng tomondagi xonaga
boshladi. Chuvrindi u yoqqa kirmay, ko‘chaga chiqib ketdi.
— Og‘ayningning sendan yashiradigan siri bormi?— dedi Anvar, yolg‘iz qolishgach.
— Mendan emas, sendan yashiradi. Sen har holda sinashta emassan.
— Bu olamning odami emassan, desang-chi?
— Shunaqa desa ham bo‘ladi. Bularning o‘ziga yarasha tashvishi bor. Ularning tiliga biz
tushunmaymiz.
— Hozir birovning sho‘rini qanday qilib quritishni kelishib olishadimi?
Elchin o‘rtog‘iga norozi qiyofada qarab oldi. Anvar uning kayfiyati uncha emasligini sezib,
boshqa gap qo‘shmadi. Shu onda nurning aytganlarini esladi: «...do‘stingning do‘sti xavf
ostida...»
— El, og‘ayningning ishi pachavaroq emasmi?
— Nimaga unday deyapsan?
—To‘g‘risini ayt, xatarli girdobga tushib qolmaganmi?
— Yo‘q.
— Unda nima uchun bu yerga boshlab kelding?
— U bir yomonlikning isini sezib qolgan. Shu yomonlikni qaytarmoqchi.
— Demak, shu... — dedi Anvar past ovozda, xuddi o‘ziga o‘zi gapirganday.
— Nima deding?
— Og‘ayningning hayoti xavf ostida, uni yo‘ldan qaytar.
— Jinnimisan, nima deyapsan?
— Oldin jinni edim. Tuzalgansan, deb o‘zing olib chiqding-ku? — dedi Anvar piching
bilan. Elchin beixtiyor nojo‘ya so‘z aytib yuborganini bilib, uzr so‘raganday uni tizzasiga
urib qo‘ydi.
— Sen ham ekstrasens bo‘lib qoldingmi? — dedi gapni hazilga burib.
— Jiddiy gapiryapman. Og‘ayning kerak bo‘lsa, to‘xtatib qol.
Elchin bir oz o‘ylagach, yelka qisdi.
— Uni to‘xtatib bo‘lmaydi. Yoniga balki biz ham qo‘shilishimiz kerakdir?
— Men hammi?
— Bilmadim... Bir joyda katta urush chiqadiganga o‘xshaydi. U shuning oldini olmoqchi.
Qaerda, qanaqa urush, menga aytmadi. Oldindan mish-mish tarqalishini istamayapti.
— U o‘g‘rimidi?
— Ha.
— O‘g‘rilikdan qaytdimi?
— Yo‘q. O‘lguncha ham qaytmaydi.
— Qanaqadir urushga aralashib nima qiladi?
— Bilmayman.
— U chechen, a? Qadimda millatlar, turli urug‘lar bo‘linib olib bir-birini qirgan edi.
O‘shanaqa urushning hidi kelmayaptimi? Hozir bunaqa qirg‘inlar ko‘payib qoldi-ku?
Ikkita millatdan ikkita tentakni urushtirib qo‘yib, o‘t chiqarish oson ishga aylandi.
— Anvar, rostdan ham bilmayman. Menga ochiq aytmadi. Juma kuni Farg‘onaga to‘yga
bormoqchimiz, balki yo‘lda aytar?
— Balki ungacha qaynotang aytar?
Jamshid bilan Bo‘tqa kirib, ularning suhbati uzildi. Jingalaksochni ko‘rdi deguncha
Elchinning badaniga titroq kiradigan bo‘lib qolgan edi. Bo‘tqa ularga pivo quyib berib,
chiqib ketdi. Jamshid bu uyda odam borligiga parvo qilmay, maqsadi xuddi suhbatni
uzishdan iborat bo‘lganday, yumshoq o‘rindiqqa cho‘kib, indamay o‘tiraverdi.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |