www.ziyouz.com kutubxonasi
196
— Akam to‘g‘ri topdilar, — dedi Chuvrindi suhbatga aralashib. — Ko‘p gapirishi bejizmas.
Urushdan keyin qancha odam qamalib, qanchasi oqlanib chiqdi. Birontasi g‘ing demaydi.
Bitta yozuvchi qamoqdan kitob yozib chiqqan ekanmi?
— Ha, — dedi Anvar. — U kishi ham indamay ketdilar...
Eshik qiya ochilib, Jamshid ko‘rindi. Asadbekning savol nazariga javoban telefonni imlab
ko‘rsatib, «Elchin aka, kuyovingiz», deb gapni qisqa qildi.
— Ha, tinchlikmi? — dedi Asadbek go‘shakni qulog‘iga tutishi bilan. Elchin to‘ydan keyin
o‘zicha bir kelish u yoqda tursin, qo‘ng‘iroq ham qilmagan, shu bois, Asadbek uning bu
kutilmagan yo‘qlovidan bir oz xavotirlangan edi. Elchinning nimalar deganini xonadagilar
eshitishmadi.
— Kim? Akademikmi? — Asadbek shunday deb Chuvrindiga qaradi. — Qanaqa ish?
Shunaqa zarurmi? Yaxshi, kelinglar, o‘rtog‘ingiz ham shu yerdalar. Anvar. Ishim bor edi,
chaqirtirdim. — Shunday deb go‘shakni norozi bir qiyofada joyiga qo‘ydi.
— Xullas, mulla Anvar, siz ishingizni qilavering.
— Xo‘p, ketaveraymi!
Asadbek unga qarab kulimsiradi.
— O‘xshatmasdan uchratmas, deganlari rost. Ikki oshna rosa topishgansizlar. Birovning
gapi yoqmasa, darrov jirillab berasizlar, «Nasihatga ham, yordamga ham muhtoj
emasman», demoqchisiz-da, a? Akasi, bizni nima deb so‘ksalaringiz so‘kaveringlar.
Quloqlarimiz bunaqa so‘kishlarni eshitaverib pishib ketgan. Ammo biz ham odammiz.
Dardimiz faqat pulu siz o‘ylagandek odam o‘ldirish emas. Bizda ham yurak bordir, dard
bordir, boringki, vijdon ham bordir. Temir tayoq emasdirmiz har qalay. Hech bo‘lmasa
«nimaga chaqirtirdingiz, yumushingiz bormidi?» deb so‘ramaysizmi? Men yoshlarga
nasihat qilib o‘tiradigan bekorchi boboy emasdirman?
— Men unaqa demadim-ku?
— Tilga chiqarib aytmasangiz ham, rang-ro‘yingiz bildirib turibdi. Men siz bilan
uchrashib, maslahatlashmoqchi edim... To‘g‘rirog‘i, bir iltimosimni aytmoqchi edim.
Otamni qirq to‘qqizinchi yilning o‘ttiz birinchi dekabrida olib ketishgan. Nimagaligini
haligacha bilmayman. Oltmish birinchi yilda surishtirganimda bir parcha qog‘oz berishdi.
Ellik uchinchi yilda vafot etgan ekanlar. Ellik beshinchi yilda oqlashgan ekan. Bilganim
shu. Arxivlarni titishga aqlim yetmaydi. Ko‘milgan yerlarini aniqlamoqchi bo‘ldim,
yaqinlashtirishmadi. Menga o‘xshaganlarga ruxsat berishmaydi, shekilli. Siz olim
odamsiz, bir shug‘ullanib ko‘rsangiz...
— Men ishdan qochmayman, ammo bizning ham arxivga yetib borishimiz qiyin.
Asadbek Chuvrindiga qaradi.
— Bu yog‘idan xotirjam bo‘ling, — dedi Chuvrin-di. — Qanaqa to‘siqqa duch kelsangiz,
menga aytave- ring.
Xushbichim qiz nozli yurish bilan kirib keldi-da, chaqaloqning mushtiday kichkina, zarhal
yuritilgan piyolalarga qahva quyib uzatib, shirin jilmayish hadya etgach, yana o‘sha nozli
yurish bilan chiqib ketdi. Asadbek uning yurishiga ham, jilmayishiga ham e’tibor
bermadi. Chuvrindi ko‘z qirini tashladi-yu, o‘zini tiydi. Kesakpolvon bo‘lganida
jilmayishga jilmayish bilan javob berib, qizning izlarini ko‘zlari bilan o‘pib chiqardi.
Asadbek qahvadan xo‘plab, otasi haqida bilganlarini so‘zlab berdi. O‘sha yangi yil
kechasi va tongidagi kechinmalarini aytmadi. Avvalo bu kechinmalarini bayon qila
oluvchi so‘zamol emasdi, qolaversa, bu kechinmalar aytilgani bilan birovga, ayniqsa bu
olim yigitga ta’sir etadimi yo yo‘qmi — Xudo biladi. Otasi haqidagi hikoyasi Elchin bilan
Zelixon kirib kelgunicha davom etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |