www.ziyouz.com kutubxonasi
198
— Sen o‘shanda Uchquduqqa borganingda qamoqning ichidagi qamoqda o‘tirgan edim,
— dedi Elchin, xuddi suhbatni uzilgan joyidan davom ettirayotganday. — Bir xunasaroq
odam bor edi, hamma narsaga burnini tiqaverardi. Bir kuni shartta og‘ziga paytavasini
yopib, kekirdagidan oldim. Mendan gumonsirashdi-yu, ammo bo‘ynimga qo‘yib
berisholmadi. Bir-ikki odam o‘ldirganingdan keyin xumori tutib turarkan. Qamoqda
xumoryozdiga imkon bor edi. Qutulib kelganimdan beri xumor tutib, qiynalib
ketyapman.
Anvar Elchinning maqsadi bu yigitning jig‘iga shunchaki tegish, deb tushundi. Do‘stining
Jamshidga nisbatan nafrati kuchli ekani, yuragida o‘ch tuyg‘usi borligi, shubhasiz unga
qorong‘i edi. Shu sababli Elchinning gapiga o‘zicha to‘n kiydirdi:
— Endi o‘ldirsang, bir-ikki qoshiq issiq qonidan ichib yubor, shunda xumoring
qo‘zimaydigan bo‘ladi. Qadimda jallodlar shunday qilishar ekan. Qassob qonsirasa,
shartta bitta qo‘ymi, xo‘rozmi so‘yadi. Jallod qonsirasa nima qiladi? Podsholar har kuni
odam so‘yishga hukm chiqarishmagan-ku? Umuman, oshna, senga havasim keladi. Men
ham bir-ikkitasini o‘ldirishim lozim-ku, ammo qo‘rqaman. Qo‘lim qaltirab ketsa kerak.
Lekin ikki marta xo‘roz so‘yganman. Ikkinchisida tipirchilashidan qo‘rqib qo‘yib
yuboribman, degin...
— Odamning ishi oson. Kekirdagiga solasan, tamom...
Ikki oshnaning gaplarini eshitib, Jamshid esnab qo‘ydi.
5
Asadbek Zelixonning gaplarini diqqat bilan eshitdi.
— Bu ishga mening nima aloqam bor? — dedi picha mulohaza qilgach.
— Hosilboyvachchani siz yo‘lga solishingiz mumkin.
— Menmi? Kim aytdi buni sizga?
— Shaharning zo‘ri uchta. Uchinchisi Markanyan. U aralashmaydi. Ikki urushqoq
podshoning kuchi qirqilsa unga yaxshi.
— Hosilga so‘zim o‘tmaydi. U o‘zinikini ma’qullaydigan bola. Unga Xongirey bir narsa
desa balki...
— Xongirey ham aralashmayman, deyapti. Xongireyni hukumatning odamlari
ogohlantirib qo‘yishganga o‘xshaydi.
«Xongireyni ogohlantirishgan bo‘lsa... demak... biz aralashguday bo‘lsak, hukumat bizni
ham omon qo‘ymaydi. Istasa, bir kechada yakson qilib tashlaydi, — deb o‘yladi Asadbek.
— Bu chechen nimaga tipirchilab qoldi? To‘rtta o‘zbek bilan turk urushsa unga nima?
Sibirdagi qamoqxonalardan kallakesarlar qochgan bo‘lsa, o‘zbek bilan turkning urushiga
nima aloqasi bor? Ular kimga xizmat qiladi?..»
Asadbek Zelixonga tikildi. Bu chaqchaygan, o‘tkir qarashli ko‘zlarda munofiqlik uchquni
bormi-yo‘qmi, aniqlamoqchi bo‘ldi. Bir necha nafaslik nigoh buni aniqlash uchun kifoya
etmadi. Asadbek qattiq tikilsa, uncha-buncha ko‘zlar dosh berolmasdi. Zelixon esa
«o‘qilon» deb nom chiqargan bu odamdan zarracha tap tortmay o‘tiraverardi. Aslini
olganda, jinoyatchilar olamining yozilmagan qonuniga ko‘ra, ular bir-birlariga dushman
edilar. Zelixon Asadbekdan yomonlik ko‘rmagan, unga da’voi ham yo‘q, uni dushman
deb bilmaydi. Shuning uchun ham bu yerga dadil keldi. Elchin bilan Asadbek orasidagi
dushmanlik to‘ydan keyin kamaygan degan fikrda. Biroq, Asadbekka Zelixonning kim
ekani ma’lum, keyingi oylar ichi ko‘rgan tashvishlari shu odam tufayli ekanini, qizini
o‘g‘irlab zo‘rlashda ham, Shilimshiqni o‘ldirishda ham Elchinning yolg‘iz bo‘lmaganini
endi aniq biladi.
Elchin qo‘ng‘iroq qilganidan so‘ng Anvar bilan suhbatini davom ettirgan bo‘lsa-da,
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |