www.ziyouz.com kutubxonasi
204
Selim darvozadan ichkari kirguncha yalinchoq ovozda shu gaplarni takrorlayverdi.
Ostona hatlashi bilan Zelixonni oyog‘i ham ishga kirishdi. Go‘shtdor odamning to‘rt-besh
qadam uchib tushganini orqadan kelayotgan Elchin ham, Ahadbey ham sezmay qolishdi.
Selim o‘rnidan turishga harkat qilib tipirchiladi. Zelixon unga yaqinlashib, sochini
tutamlab ko‘tardi-da, jag‘iga musht urdi. Elchin Zelixonning mushtlashishini ko‘p
ko‘rgan. Bunaqa paytda uni to‘xtatib qolish juda mushkul. Ajratmoqchi bo‘lganlar ham
uning mushtidan yoki tepkisidan benasib qolmaydilar. Elchin, Selimning kimligini,
kaltakka loyiqmi yo yo‘qmi, bilmasa-da, Zelixonga erk berish noma’qul ekanini fahmlab,
orqasidan quchoqladi. Ahadbey chaqqon yurib kelib, Zelixon bilan Selim orasida turib
oldi.
— Ahadbey, qoch, — dedi Zelixon, tishini g‘ijirlatib.
— Zeli, o‘zingni bos, foydasi yo‘q.
Bu orada oshxona tomondan ayol kishining faryodi eshitildi. Bir nafas o‘tmay, semiz
xotin «voy-dod, erimni o‘ldirib qo‘yadi», deganicha lopillab yugurib kela boshladi.
— Qayt, — dedi Zelixon unga qarab o‘shqirib. — Qayt, deyapman! Joyingda damingni
chiqarmay o‘tir!
Xotin uning po‘pisasiga parvo qilmay, erini to‘sdi. Ahadbeyning ro‘parada turishi,
xotinning qalqon bo‘lib olgani ham foyda bermadi. Zelixon bir siltanib Elchinning
quchog‘idan chiqdiyu Selimni tepdi. Xotin er bilan ovora, Elchin bilan Ahadbey esa
Zelixonni mahkam ushlashdi.
— Guli, milisaga tilpon qil! — deb baqirdi ayol, oshxona tomon qarab.
— Zeli, qo‘y uni, ketdik, — dedi Ahadbey.
— Yo‘q, qo‘ymayman, — dedi Zelixon. — Hammasini shu boshlagan. Qo‘yvor meni, —
Zelixon shunday deb siltandi. — Qo‘yvor, bu xunasaga tegmayman. Sen chiqib
mahalladagi turklar bilan o‘zbeklarni chaqirib kel. Men buning aybini bo‘yniga qo‘yaman.
O‘zbeklar buni toshbo‘ron qilishsin.
Ahadbey itoat bilan chiqdi. U odam to‘plashga ulgurmay Selimning darvozasi ro‘parasida
milisaning mashinasi kelib to‘xtadi. Undan ikki milisa yigit tushdi. Ular ostona hatlashlari
bilan Zelixon:
— Orqaga qaytlaring! — deb buyurdi.
Milisa yigitlar avvaliga buyruqqa itoat etib, to‘xtadilar. So‘ng «kim ekan bu, bizga buyruq
beradigan?» deganday yana bir-ikki qadam qo‘ydilar.
— Qaytinglar! — deb baqirdi Zelixon, so‘ng Selimga o‘girildi. — Kimligimni bilasan, a?
Aytib qo‘y, qaytishsin!
Selim Zelixonga qo‘rqibgina qarab olib:
— Qaytinglar, — dedi.
Milisa yigitlar ko‘chaga chiqishdi-yu, ammo mashinalariga o‘tirishmadi. Bu orada o‘nga
yaqin odam to‘plandi. Ahadbey ko‘pchilikni aytgan bo‘lsa ham, cho‘chibmi, mulohaza
qilibmi, chiqishmadi. Zelixon oq yaktak ustidan mayda qaviq to‘n kiyib, belbog‘
bog‘lagan, bir tutam oq soqoli o‘ziga yarashgan cholga yaqinlashib, qo‘sh qo‘llab
so‘rashdi-da:
— Ota, — dedi, — mana bu odamni taniysizlarmi?
— Ha, taniymiz, bolam, — dedi chol, yuzi qontalash Selimga ajablanib qarab.
— Bu odam emas, shaytonning urg‘ochisi, buni ham bilasizmi?
— Unday demang, bolam, bu ham Xudoning bir bandasi.
— Xudoning bandasi bunaqa bo‘lmaydi-da, ota. Bu odam tuzingizni ichib, tuzlig‘ingizga
tupurdi. Kechagi to‘s-to‘polonni shu boshlagan. Otgan bola bilan o‘zim gaplashib
chiqdim. Men chechenman, ota. Ammo o‘zbekning nonini yeganman, suvini ichganman.
Turklar bilan qismatim bir. Bu barmog‘imni tishlasam ham og‘riydi, bunisini tishlasam
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |