www.ziyouz.com kutubxonasi
207
javob qaytardilar. Osh suzilishidan oldin Elchin:
— Farg‘ona tinchmi, o‘zi? — deb so‘radi.
— Tinch bo‘lmay qayoqqa borardi. Qizil poshshomizni Maskovga deputat qilib saylab
qo‘yganmiz. Do‘ppini boshga chambarak qilib yuribmiz, qizil poshsho davrida
Farg‘onamiz bi-ir gullaydigan bo‘lib turibdi.
— Tolibjon erta-saharda birinchi ovoz bergan, — dedi davradagilardan biri. — Nima
bo‘lsa Tolibjon javobgar.
Askiyaga suyagi yo‘q yigitlar Tolibjonni bir-bir «olishgach», Elchin yana boshlab qo‘ygan
gapiga qaytdi.
— Turklar tinchmi?
Kutilmagan bu savoldan hamma bir-biriga qarab oldi.
— Turklarga nima bo‘libdi, — dedi Tolibjon ajablanib. — Bir gap bormi?
— Har xil mishmishlarni eshityapmiz.
— Bu mishmishlar yetib kelmadi bizga. Bir gap bor bo‘lsa eshitardim. Qo‘shnim turk.
Kunda bo‘lmasa ham kun ora bir kosa ovqatni biz ularga ilinamiz, ertasiga ular bizga
ilinishadi. Shavkat tog‘a deganimiz meni «o‘g‘lim-o‘g‘lim», deb boshiga ko‘targuday
qiladi. Bugun ertamatan chiqib ikkita qo‘yimning junini olib berdilar, deng. Agar ularga
tegishli noxushroq gaplar bo‘lsa, men eshitardim. Shavkat tog‘a hamma dardlarini
menga aytadilar.
Elchin oraga noo‘rinroq savol tashlaganini fahmlab, gapni teatrga burib yubordi.
— Bugun Vodilda kontsertimiz bor, aka, oshdan keyin jo‘naymiz. Biz bilan borib
ikkitagina ashula qilib bersangiz, jannatni hadya etganday bo‘lardingiz-da...
Elchin bu taklifga ko‘ndi. Uni tamoshaning ikkinchi bo‘limida chiqaradigan bo‘lishdi.
Tamoshaga to‘planganlar Elchinning kelganini eshitgan, dam-badam «Elchin chiqsin!»
deb hayqiriqlar eshitilib qolar, bu xitoblar unga dovruqli kunlarini esiga solib, yuragini
hapriqtirar edi. Elchin torni sozlab turganida Tolibjon bashang kiyingan bir yigitni
boshlab keldi. Elchin uning ko‘zlarida tashvish uchquni ko‘rdi.
— Ha, Tolibjon, bahay? — dedi hazil ohangida. Tolibjon javob berolmay, ko‘zlarini olib
qochdi. Uning o‘rniga yigit javob qaytardi:
— Men obkomdanman, mafkura bo‘limidan, — u shunday deb yon cho‘ntagidan qizil
guvohnoma chiqardi.
— Qo‘yavering, ishondim, — dedi Elchin, guvohnomaga qaramay.
— Siz bugun sahnaga chiqa olmaysiz.
— Nimaga endi?
— Kontsert — mafkuraviy tadbir. Repertuarini obkom tasdiqlagan. Siz nima aytasiz, biz
bilmaymiz. Madaniyat ministrligidan ruxsatingiz bo‘lishi shart.
— Jon aka, bu kishini biz taklif qilganmiz. O‘zlaricha kelganlari yo‘q, — dedi Tolibjon
bo‘g‘ilib. Elchin bu masalada ancha gap-so‘z bo‘lganini anglab, jilmaydi:
— Tolibjon, akangizni qiynamang.
— Ha, ana, tushunar ekansiz-ku! Men bularga tushuntiraman, deb jigarim qon bo‘lib
ketdi. O‘tgan hafta Dadaxon deganlari kelib «qo‘zg‘aling», degan ashula aytibdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |